Asal Shodiyevaga atalgan “Qirolicham”, yorqin sahna lisoblari, xit duetlar: Shohruhxon konsertidan reportaj
O‘zbek estrada xonandasi Shohruhxon 9−14-fevral kunlari navbatdagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda. Afisha.uz muxbirlari konsertda mehmon bo‘lib, undan reportaj tayyorladi.
Shohruhxon bu galgi ijodiy imtihonini kino-konsert tarzida namoyish etmoqda. Shu sababli sahnaga boshlovchi ham, qiziqchi ham chiqqani yoʻq. Dasturga jami 22 ta tarona kiritilgan bo‘lib, ular orasida nafaqat xit retro taronalar, balki yangi qo‘shiqlar ham bor. Bundan tashqari, u ikki hamkasbi: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva va Afruza bilan duet kuylamoqda.
Konsert boshida xonanda onasi Zebo Navro‘zovaga minnatdorchilik bildirib, muxlislar oldida guldasta tuhfa etdi.
Har doim sahnaga klassik uslubdagi kiyimlarda chiqadigan Shohruhxon mazkur konsertida sahna liboslariga alohida ahamiyat qaratganini sezish qiyin emas. U turli dizayn va ranglardagi kiyimlari bilan ham zaldagilarning e’tiborini tortdi.
“Oldingi konsertlardagi kiyimlarim bir-biriga juda o‘xshash ekanligini sezib qolgach, bu safar yangilik yaratishga, kreativ yondashishga harakat qildik. Har bir sahna kiyimim o‘z harakterimdan kelib chiqqan holda tayyorlandi”, — dedi xonanda.
Oila qurganidan so‘ng har konsertida turmush o‘rtog‘i Asal Shodiyeva bilan duet aytishni odatga aylantirgan xonanda bu gal rafiqasiga bag‘ishlangan “Qirolicham” qo‘shig‘ini ijro etdi.
“Shohruh akamning har yilgi konserti ssenariysi o‘zining g‘oyalari asosida tuziladi. Bu safar mendan ham kreativroq jamoa mehnat qildi. Konsertning tayyorgarlik ishlariga aralashganim yo‘q. Joriy yilgi konsertda biz duet aytmaymiz. Balki keyingi yili trio qilib chiqarmiz. Chunki kichkina o‘g‘limizning musiqaga bo‘lgan qiziqishi juda katta”, — dedi aktrisa.
Asal Shodiyeva nima sababdan kinolarda ko‘rinmayotgani hamda qo‘shiqlar ijro etmayotganiga ham izoh berdi.
“Haqiqatdan ijodimda juda katta tanaffus bo‘lib qoldi. Nazarimda, hozir ko‘proq oilamga kerakman. Bo‘sh vaqt topganimda albatta, ijodni davom ettirish niyatim bor. Qo‘shiq kuylashni yaxshi ko‘raman. Hozircha Shohruh akam faol ijod qilib turgani ma’qulroq. Shuningdek, yaxshi loyihalarda ishtirok etishni xohlardim. Men kutgan loyihalar hali yo‘q”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, konsert 14-fevralga qadar davom etadi.
Toʻliq reportajni esa YouTube kanalizmizda tomosha qiling: