«Bu – oxirgi konsertim». Rayhonning 2024-yilgi shou dasturiga tayyorgarlik jarayonidan reportaj
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva 19−21-yanvar kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda. Shu kunlarda xonanda jamoasi bilan uch kunlik ijodiy kechasiga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Afisha.uz muxbirlari tayyorgarlik jarayonidan reportaj tayyorladi.
Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, u bu yilgi konsertida qalb sirlarini ochib, butun hayotini hikoya qiladi.
“Konsert repertuarini shakllantirishdan oldin Instagram orqali muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Ularning ko‘pchiligi eski hit qo‘shiqlarni ijro etishimni so‘radi. Shu sababli konsertda asosan, retro taronalar aytiladi. Shuningdek, yangi qo‘shiqlar ham bo‘ladi. Eng iste’dodli va taniqli hamkasblarimning bir qanchasi bilan duet ham ijro etamiz. Ko‘rib turibsiz, shouga ijodiy jamoamiz bilan jiddiy tayyorlanyapmiz. Bu konsertda qalbim sirlarini, hammasini ochaman. Zo‘r shou va qiziqarli musiqiy kecha bo‘lishiga ishonaman. Barcha muxlislarimni konsertimda kutaman”, — dedi u.
Rayhonning ma’lum qilishicha, u endi hech qachon konsert dasturi taqdim etmaydi.
“Bu yilgi konsertim oxirgisi. Kelgusida konsert bermasligimning asosiy sababi — farzandlarim, ularga ona kerak. Bundan buyon farzandlarimga ko‘proq vaqt ajratib, ularning tarbiyasi va ta’limi bilan shug‘ullanmoqchiman. Ammo ijod qilishda davom etaman. Yangi qo‘shiqlar va kliplarni muxlislarimga taqdim etishdan, turli gala-konsertlar va bayram konsertlarida uchrashishdan to‘xtamayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi baribir”, — dedi san’atkor.
U konsertida hamkasblari Yulduz Usmonova hamda Muhammadziyo bilan duetlar aytishi haqidagi gap-so‘zlarga ham munosabat bildirdi.
“Konsertda Yulduz Usmonova bilan duet bo‘lmaydi. Lekin duet aytish orzum bor, bu qachonlardir amalga oshishiga ishonaman. Muhammadziyo esa taklif qildi. Balki, ular bilan ham xit duet ijro qilarmiz, buni vaqt ko‘rsatadi. Muhammadziyoning ijodini kuzataman, o‘zini hurmat qilaman”, — dedi Rayhon.
Rayhon hamkasbi Xamdam Sobirov bilan kuylagan va qisqa muddat ichida hitga aylanib, YouTube`da salkam 50 million marta ko‘rilgan “Qizim ko‘ylagim” taronasining yaratilishiga ham toʻxtalib o‘tdi.
“Xamdam bilan ancha yildan beri ijodiy hamkorlik qilib kelamiz. “Aldangan yurak” qo‘shig‘imni u yozib bergan va tarona xit bo‘lgan. Xamdam har doim hit qo‘shiqlar yozadi. U duet aytish taklifini bildirganida juda ham xursand bo‘lib, “jonim bilan ijro etaman” dedim. “Qizil ko‘ylagim"ni birinchi marta eshitganimda qalbimgacha kirib bordi. Tarona muallifi u hisoblanadi: matn ham, musiqa ham va barchasi unga tegishli. Xamdam qo‘shiq ustida yarim yil davomida yana ishlab, tarona so‘zlari va musiqaning ayrim joylariga o‘zgartirishlar kiritdi. Hit qo‘shiqning yaratilishi oson kechmaydi o‘zi. Ochig‘ini aytsam, ushbu duet bunchalik hit bo‘lishini kutmagandim. Menimcha, Xamdam qo‘shiqning shu darajada mashhurlikka erishishini avvaldan his qilgan va kutgan. Chunki uni bugungi o‘zbek shou-biznesining “hitmeyker” xonandalaridan biri, deb hisoblayman. Bu duetimiz konsertda albatta, ijro etiladi”, — dedi Rayhon G‘aniyeva.
Qo‘shiqchi konserti bilan bog‘liq eng muhim ma’lumotlarni oshkor qilolmasligini, barchasiga konsert kunlari guvoh bo‘lib, haqiqiy shoudan bahramand bo‘lishimizni ta’kidladi.