Yulduz Usmonova konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda? Eksklyuziv reportaj

E’lon qilingan sana· 3 385
Yulduz Usmonova konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda? Eksklyuziv reportaj

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 16−29-fevral kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda. Ayni paytda katta ijodiy imtihonga jiddiy hozirlik ko‘rayotgan san’atkor tayyorgarlik jarayoniga OAV vakillarini taklif etib, tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Afisha.uz muxbirlari tayyorgarlik jarayonidan reportaj tayyorladi.

Har bir konsertini o‘ziga xos tarzda o‘tkazishga odatlangan Yulduz Usmonova 2024-yilgi konsertida ko‘proq retro ijod mahsullarini kuylashga e`tibor qaratmoqda.

“Joriy yilgi konsert repertuariga asosan, 1990-yildan 2005-yilgacha ijro etilgan hit qo‘shiqlar kiritildi. Albatta, yangi sho‘x taronalar ham bor. Tinglovchi konsertning hech yo‘q 50 foizidan mamnun bo‘lishi kerak. „Bitta ashulasi yaxshikan, qolgani bo‘lmabdi“, degan fikrda zalni tark etsa, u konsert emas. Shu bois imkon qadar dasturxonni chiroyli tuzashga harakat qilyapmiz. Muxlislarimda retro taronalarga qiziqish juda yuqori. U qo‘shiqlarim sizdan yo mendan so‘rmay, davlatdan bir so‘m pul olmay klassikaga aylandi. Hammasi mendan keyin ham hech kimdan so‘ramasdan yashayveradi”, — dedi u.

Primadonnaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi tinglovchilar, ayniqsa, yoshlarning talabi juda boshqacha.

“Maqomda ham, baxshichilikda ham, milliylikda ham yoshlarning didini hisobga olishimiz shart. Bugun yoshlarga majburlab biror narsani eshittiradigan bo‘lsak, u o‘ziga kerakligini TikTok’dan topib oladi. Natijada, ko‘pchilik yoqtirmagan narsalar kirib keladi. Shu sababli yoshlar bilan, xalq bilan hisoblashgan holda ularning talabi darajasida ijod qilish kerak. Men asosan, hayotning past-balandini ko‘rgan, oila qurgan tinglovchilar uchun ijod qilaman. Ijodimga 7 yoshdan qiziqqan yoki havas qilganlar ko‘p. Ammo 25 yoshdan yuqori bo‘lganlar qo‘shiqlarimni tushunib, ma’nosini anglab eshitadi. Ular „men haqimda aytgan ekan“, deb yaxshi ko‘rishni boshlaydi”, — dedi san’atkor.

“San'at bu — mashaqqat. Uning oyog‘iga bolta ursam, qoqilib tushsa, o‘rniga men chiqaman, deyish xato. Hech kim boshqa birovning o‘rniga chiqolmaydi, har kim o‘zining o‘rnida yuradi. Nafaqat san’atda, balki hayotda ham huddi shunday. Karvon mingta, rizqi bo‘lak, hech kim och ham qolmaydi. Shuning uchun hozirgi yoshlarga bag‘irlaringni keng qilib san’atga kirib kelinglar, hech kim bilan o‘chakishib, qo‘shiq aytmanglar, deyman. Odamlar charchab, qiynalgan paytda o‘zini topa oladigan, eshitadigan qo‘shiqlar yaratish kerak”, — dedi u.

Xonandaning aytishicha, u keyingi ikki yilda konsert bermaslikka qaror qilgan.

“Shu yilgi konsertdan keyin bir-ikki yil konsert masalasida tanaffus qilishni rejalashtiryapmiz. Konsert formatini o‘zgartirish uchun bizga vaqt kerak bo‘lyapti. Tanaffus davrida ijod qilishda, yangi qo‘shiqlar yaratib, ularni premyera qilishda davom etaveramiz, bu an’ana to‘xtab qolmaydi. Faqat konsert borasida dam olamiz. Ungacha „Xalqlar do‘stligi“ san’at saroyi ham ta’mirlanib qolar, degan umiddaman. Chunki bino juda eski, qiyin taraflari ko‘p bo‘lyapti. Ijara pulini to‘laganimdan keyin sifatli joyda ishlagim kelyapti”, — dedi xalq artisti.

Yulduz Usmonova bu yilgi konsertida ham “Navro‘z” ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Zarina Ahmedova hamda uning jamoasi, shuningdek, Alibek Kabduraxmonov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri bilan hamkorlik qilmoqda.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsert dasturiga tayyorgarlik jarayonidan qilingan reportaj va intervyuning to‘liq variantini Afisha.uzning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov