Munisa Rizayevadan “Benom”gacha: “Tarona shou-2023”dan reportaj
Har Yangi yil bayrami arafasida boʻlib oʻtadigan “Tarona shou"da joriy yil Munisa Rizayeva, Rayhon, Ziyoda, Umidaxon, Dilnoz Hakimova kabi xonandalar, “Benom”, “Bojalar”, “Afruz”, “Via Marokand” guruhlari vakillari hamda bloger sifatida tanilgan Liil Hurramov, Durdona Qurbonova va boshqalar qatnashdi.
2004-yilda “Nega-nega” qoʻshigʻi bilan “Tarona shou"da ilk bor qatnashgan xonanda Munisa Rizayeva shou haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
“Tarona records kopmaniyasi bilan kichkinaligimdan hamkorlik qilaman, meni doim qoʻllab-quvvatlashar edi. U yerdan orttirgan ijodkor doʻstlarım bilan haligacha hamkorligimiz bor. Birinchi marta “Tarona shou"da 19 yil oldin ishtirok etganman. U paytda hayajon boshqacha edi, juda yosh edim. Oradan yillar oʻtdi, koʻplab katta sahnalarga chiqdim va Munisa Rizayeva boʻlib tanildim. Shu bois bugungi shouda 2004-yildagidek kuchli hayajon boʻlmadi. Ammo konsertda qatnashib, muxlislarimga quvonch ulashganimdan xursandman”, — dedi u.
Xonanda 2024-yilgi rejalari haqida gapirarkan, “Kelgusi yilda albom chiqarmoqchiman, undagi hamma qoʻshiqlar ingliz tilida boʻladi. Maqsad — xorijga chiqish”, — dedi Munisa Rizayeva.
“Bojalar” guruhi vakili Jahongir Poziljonovning aytishicha, u yigirma yildirki, mazkur shouda faol qatnashib keladi.
“Tarona records kompaniyasi havaskor ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlab, yuzaga chiqishida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. “Bojalar” guruhiga ham uzoq yillar davomida koʻmak koʻrsatishgan. Biz ham “Tarona shou"da yigirma yildan beri ishtirok etib, uni hamisha qoʻllaymiz va kelajakda ham faol qatnashamiz”, — dedi xonanda.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ziyoda Qobilovaning ta`kidlashicha, u “Tarona shou"da 2006-yildan beri ishtirok etadi. “Har yili juda chiroyli oʻtadi, bu yil ham fayzli kechdi”, -dedi xonanda.
“Yakunlanayotgan yilda koʻproq oilamga vaqt ajratdim. Juda koʻplab qoʻshiqlar yozdik, lekin klip suratga olishga ulgurmadik. 2024-yilda bir qancha kliplar hamda yakkaxon konsert dasturimni taqdim etishni reja qilganman”, — dedi Ziyoda Qobilova.
Konsertni “Tarona shou"ning doimgi va taniqli boshlovchilari Ra`no Alimova hamda Dilmurod Gʻulomovlar olib bordi. Shouga nafaqat poytaxtliklar, balki turli viloyatlardan ham muxlislar tashrif buyurdi. Ular orasida nuroniy san`at shinavandalarini ham koʻrish mumkin.