Duetsiz imtihon, Tesha Moʻminov monologi, tarbiyaviy qoʻshiqlar: Imron konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 897
Duetsiz imtihon, Tesha Moʻminov monologi, tarbiyaviy qoʻshiqlar: Imron konsertidan reportaj

“Yomon qiz” qoʻshigʻi bilan tanilgan estrada xonandasi Imron 14−16-dekabr kunlari “Xalqlar doʻstligi” san`at saroyida yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Afisha.uz muxbirlari “Davo istab” nomli dasturda mehmon boʻlib, reportaj tayyorladi.

Ikkinchi marotaba katta sahanda konsert namoyish etayotgan Imronning 2023-yilgi dasturini soʻz ustasi Shukrullo Isroilov olib bormoqda. Uch blokdan iborat konsertda jami 18 ta tarona kuylanmoqda, ularning aksariyati premyera qoʻshiqlar. Xonanda konsert soʻngida muxlislar talabiga koʻra, “Yomon qiz”, “Davo istab”, “Toʻy boʻladi” kabi hit taronalarini ham jonli ijroda kuylab bermoqda.

“Konsert repertuarini shakllantirib, yangi qoʻshiqlar yozish va ularni saralash kabi ishlarga bir yil vaqt ketdi. Repititsiya jarayoni esa bir oy davom etdi. Dasturga yigirmaga yaqin taronam kiritilgan, koʻpi yangi ijod mahsullari. Ammo konsertda duet qoʻshiqlar yoʻq. Sababi konsertga muxlislar mezbon san`atkorni deb keladi. Balki kelgusi ijodiy imtihonimda duet aytarman. Shunda ham yosh xonandalar bilan aytishim mumkin. Chunki iste`dodli uka-singillarimizga koʻmak berib, katta sahnaga olib chiqish niyatim bor”, — dedi Imron.

Xonandani qoʻllab-quvvatlash maqsadida konsertning birinchi kuniga Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Saida Rametova hamda taniqli aktyor Erkin Bozorov tashrif buyurdi.

“Imron akaning she`riyatga nisbatan munosabati ijobiy ekanligi va she`r tanlashda juda didli xonandaligi bois ham qoʻshiqlari orqali millionlab odamlar qalbiga kirib bordi. Oʻzim ham bir qancha taronalarini qayta-qayta tinglayman. Bugungi konsertga onam bilan keldim. Dastur davomida oʻzim uchun yangi mazmunli qoʻshiqlarni kashf etib ketaman, degan umiddaman”, — dedi aktyor Erkin Bozorov.

“Konsertning birinchi kunida mehmon boʻldim, dastur juda fayzli oʻtdi. Imron bu safar tarbiyaviy ahamaiyatga ega qoʻshiqlarni koʻp yozibdi va bu juda ham muhim, deb hisoblayman. Imron oʻz muxlislariga ega san`atkor, konsertga nafaqat viloyatlar, balki qardosh Respublikalardan ham muxlislari kelganiga guvoh boʻldim. Uni biz ham oilaviy hurmat qilamiz va yaxshi koʻramiz. Imron odamgarchiligi bor va kamtar yigit. U birovning diliga ozon berishni istamaydi, doim qoʻli koʻksida yuradi. Imronning kelgusi ijodiy faoliyatiga faqat omad tilayman”, — dedi Saida Rametova.

Konsertda Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminovning “Ota-ona nasihati” nomli ta`sirli monologini zaldagilar qarsaklar bilan yaxshi qarshi oldi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov