Katta kino-konsert: "Benom" guruhining yangi qo'shiqlari taqdim etilgan musiqiy dasturdan reportaj
O’zbekistondagi taniqli “Benom” guruhi 27−29-noyabr kunlari “Xalqlar do’stligi” san’at saroyida navbatdagi konsertini namoyish qilmoqda. “Agarda” nomli kino-konsertdan 15 ta tarona o’rin olgan. Afisha.uz muxbirlari to`liq jonli ijroda o’tayotgan dasturning ilk kunida mehmon bo`lib, reportaj tayyorladi.
“Benom” guruhi xonandalari Sarvar va Komil shu yilning aprel oyida ham “Xalqlar do`stligi” san’at saroyida yakkaxon konsertini taqdim etgan edi. Oradan yetti oy o’tib, guruh yana katta sahnada uch kun konsert bermoqda.
“Bir yil ichida ikkinchi marta konsert qo’yishimizga sabab — bu muxlislar talabi, shuningdek, o’zimiz ham mas’uliyatni his qildik. Har yili konsertdan keyin ijodimizga befarq bo`lmagan odamlar ijtimoiy tarmoqlar orqali „biz konsertga tushishga ulgurmadik“, „bilet topa olmadik“ kabi mazmunda turli e`tirozlarini bildiradi. Bahordagi konsertdan keyin ham shunday fikrlarni ko`p eshitdik, o`qidik. Shu bois ham noyabr oyida yana konsert berishga qaror qildik. To’g’risini aytsak, konsert kunlarini e`lon qilishdan oldin biroz cho`chidik, ya`ni bir yilda ikki marta konsert berish ko`plik qilmaydimi, biletlar sotilarmikin, degan ikkilanishlar bo`ldi. Lekin 21-oktabrgacha barcha biletlar sotildi. Bundan juda quvondik. Apreldagi dasturda faqat xit qo`shiqlarimizni aytgandik. Bu safargisi kino-konsert bo`lib, asosan, premyera taronalarni kuylayapmiz”, — dedi guruh vakili Sarvar.
Odatda mezbon san`atkor konsertiga bir qator hamkasblarini taklif etadi, mehmon ijodkor esa uni muxlislar singari zalda qo`llab-quvvatlaydi. Ammo “Benom” guruhi konsertining ilk kunida zalning old qatorida birorta ham taniqli insonga ko`zimiz tushmadi. Hatto, dastur repertuarida duet tarona ham yo`q. Guruh vakillari bunga shunday izoh berdi:
“Duet qo`shiq bo`lishi kerak edi. Ammo ayol hamkasbimiz konsertga bir necha kun qolganida shamollab, ovozini yo`qotib qo`ydi va shuning uchun kela olmadi. Fonogramma bo`lganida kelgan bo`lardi. Biroq biz hamma taronalarni to`liq jonli ijro etyapmiz. Odatda konsertga ikki hafta qolganida, taklifnoma tarqatardik. Bu safar hamma biletlar 21-oktabr kuni sotilib bo`linganini eshitib, xayron qoldik. Birorta ham hamkasbimizni, yaqin san`atkor do`stlarimizni taklif qila olmaganimizdan juda ham hijolat bo`lyapmiz”, — dedi Sarvar.
“Agarda” nomli kino-konsertda jami 15 ta qo`shiq jonli ijro etilmoqda. Shundan, 5 ta tarona karaoke variantda zaldagi muxlislar bilan birga kuynamoqda. Muxlislar orasida nafaqat yoshlarni, balki katta avlod vakillarini ham uchratish mumkin.
Xonandalarning ma`lum qilishicha, “Benom” guruhi 2024-yilning may oyida yana konsert berishni rejalashtirmoqda. Shu tariqa guruh bir yilda ikki marta jonli ijroda konsert taqdim etishni an`anaga aylantirishni maqsad qilganligi ta`kidlandi.
Eslatib o`tamiz, konsert 29-noyabrgacha davom etadi.
To’liq reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling.