Davron Kabulov bilan duet, zaldagilarni yig’latgan “Otajon”, hashamdor liboslar: Nilufar Usmonova konsertidan reportaj
Taniqli estrada xonandasi Nilufar Usmonova 24−26-noyabr kunlari “Xalqlar do`stligi” san`at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim qilmoqda. Afisha.uz muxbirlari “Erkalaydi” nomli konsertning ilk kunida mehmon bo`lib, reportaj tayyorladi.
Ustazoda san`atkor Nilufar Usmonova bu yil ikkinchi marotaba yakkaxon konsertini namoyish etmoqda. Uch blokdan iborat dasturda 21 ta tarona ijro qilinyapti. Ular orasida “Uchar qiz”, “Kel ikkimiz”, “Xatlar” kabi xit qo`shiqlardan tashqari, bir qancha premyera taronalar ham bor.
“Bu safargi konsertimga ham astoydil tayyorgarlik ko`rdik. Muxlislarim yaxshi kayfiyatda hordiq chiqarishlarini istab, jamoamiz bilan tayyorgarlikka ko`p vaqt va kuch sarfladik. O`ylaymanki, zaldagi tomoshabinlarga bu konsertim ham juda yoqadi va unutilmas taassurotlar qoldiradi. Bahoni esa albatta, ular beradi”, — dedi Nilufar Usmonova OAV vakillariga bergan intervyusida.
Nilufar Usmonova bu gal ham sahna liboslariga alohida urg`u berib, har bir blokda hashamdor ko`ylakda sahnaga chiqdi. Konsertda raqslarni baletmeyster Zarina Ahmedova rahbarligidagi “Navro'z” raqs ansambli yigit va qizlari ijro etmoqda.
Xonanda 8 yoshida aytgan “Otajon” nomli qo`shig'ini konsertida kuylashga qaror qilgani, tarona muallifi onasi Yulduz Usmonova ekanligini ta’kidlab, qo`shiqni ko`zida yosh bilan ijro etdi.
“Hozirgi davrda buzilib ketayotgan oilalar ko`p, ikkinchi, uchinchi turmushdan farzandlar ko`p. Bilingki, har bitta farzand ota mehriga zor bo`ladi. Ota mehri baribir boshqacha bo`ladi. Har bir ota-ona kelisholmagan taqdirda ham bolalarini bemehr qilib, e`tibordan chetda qoldirmasligi kerak. Ota-ona farzandini tirikligicha o`ldirmasligi kerak, deb o`ylayman. Hozir otam bilan munosabatlarim juda yaxshi, gaplashib turamiz. Lekin bolalikda ko`rmagan mehrimni haligacha ta`siri bor shekilli. Hech kim otam, onam demasin, hamma baxtli bo`lsin ilohim”, — dedi xonanda.
Shuningdek, Nilufar Usmonova qadrdon do`sti, shoumen Davron Kabulov hamda yosh xonanda Aziz Yo`ldoshevlar bilan duet ham kuyladi.
“Nilufar Usmonova bitta zo`r an`anani buzdi. Bizning mahallada qo`shiq aytmagan men, dadam va go`rkov qolgandi. Endi ikki kishi qoladigan bo`ldi. Men professional qo`shiqchi emasman. Biz harakat qildik. Agar qandaydir kamchiliklar bo`lsa, to`g`ri tushunasizlar. Nilufar san`at yo`lida topgan eng yaxshi va samimiy do`stlarimdan biri. Uning navbatdagi konsertining bir bo`lagiga aylanayotganimdan xursandman”, — dedi Davran Kabulov.
Konsertga Nilufar Usmonovaning o`g`il farzandlari hamda taniqli san`atkorlar mehmon sifatida tashrif buyurdi. Xususan, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Alisher Fayz va Ulug`bek Rahmatullayev, aktrisa Rayhon Ulasenova, aktyor Dilshodbek Kattabekov va boshqalar zalda o`tirib, hamkasbini qo`llab-quvvatladi.
“Nilufar ikkimiz hayotda nafaqat do`st, balki qadrdon opa-singildekmiz. Uning o`tgan yilgi ilk konserti menga juda ham ma`qul kelgandi. Shu sababli bu yil ham konsertiga tushib, qo`llashga qaror qildim. „Shaytonga bo`ysunmas yuraklar“ nomli duet qo`shig`ini juda sevib eshitaman. Ammo bu konsert repertuariga sig`may qolibdi. Nilufar singlimni 2023-yilgi konserti ham omadli o`tishiga ishonaman”, — dedi taniqli aktrisa Rayhon Ulasenova.
Konsertdan batafsil reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling.