Zamonaviy milliylik: DJ King Macarella’ning YorYor'23 konserti qanday o‘tdi?

E’lon qilingan sana· 3 141
Zamonaviy milliylik: DJ King Macarella’ning YorYor'23 konserti qanday o‘tdi?

28-oktyabr kuni “Yunusobod” sport majmuasida oxirgi paytlar ijtimoiy tarmoqlarda trenddan tushmayotgan zamonaviy ijodkor — DJ King Macarellaning ikkinchi — YorYor'23 konserti bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muharrirlari DJ’ning yakkaxon konsertiga borib, maxsus reportaj tayyorladi.

King Macarella nomi bilan ijod qiluvchi Shohruh Sirojov o‘zining birinchi yakkaxon konsertini 2022-yilda taqdim etgan. Undan keyin ijodkor tom ma’noda ijtimoiy tarmoqlarda “portlatishni” boshladi. Markaziy Osiyodagi mamlakatlar, shuningdek dunyoning yirik shaharlari, xususan, London, Parij va Rim kabilarga turlar uyushtirdi. Shundan so‘ng DJ King Macarella Toshkentda katta konsert o‘tkazdi, unga qo’shni davlatlardan ham muxlislar maxsus ushbu konsert uchun keldi.

YorYor '23 konserti boshlanishidan oldin o‘yin-kulguga tayyorlanib turgan muhlislar bilan suhbatlashdik. Macarella fan klubi a’zolaridan biri o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Yaqinda Londonga chiqib keldi Macarella. U yerda o‘zimizning o‘zbekona qo‘shiqlarni Londonning katta bir bog‘ida taqdim etdi. Bu biz uchun katta bir motivatsiya beradi, ham milliyligimizni dunyoga olib chiqadi — chet eldagilar O‘zbekistonni taniydi.

Bu konsert birinchisiga qaraganda kuchliroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu konsert butun dunyoga ham chiqishi kutilmoqda, shunaqa niyatdaman. Bunday konsert O‘zbekistonda bo‘lmagan, esda qolarli bo‘lib qoladi", — deydi Macarella yozuvli bayroq ko‘tarib olgan muhlislardan biri.

Shohruh Sirojov o‘z chiqishini “Maftuningman” myuzikl filmining saundtreki hisoblangan “Maftun bo‘ldim” qo‘shig‘ining remiksi bilan boshladi, unga xor hamrohlik qildi. Macarella doimgidek milliy choponda.

King Macarella asosan o‘zbek milliy qo‘shiqlarini zamonaviy va yoshlarbop tarzda o‘zgartiradi. Uning repertuarida “YorYor”, “Soy bo‘yida”, “Do‘ppi tikdim”, “Kelibdi” kabi qo‘shiqlarning remiksi bor, Macarella aynan shu va shu kabi qo‘shiqlar bilan to‘plangan muhlislarni raqs tushishga “majbur qildi”.

YorYor '23 konsert dasturi davomida bir nechta yangi qo‘shiqlar taqdim etildi. Konsertdan keyin Shohruhning o‘zi bilan suhbatlashganimizda bu qo‘shiqlar musiqiy platformalarda har hafta bittadan e’lon qilib borilishini aytdi.

Yangi remikslar bilan birgalikda uchta turli yo’nalishdagi ijodkorlar — mashhur operachi Jenisbek Piyazov, reper Shaxriyor va DJ King Macarella yangi trekni taqdim etdi. U “Dunyoga tinchlik bering” deb nomlanib, oxirgi paytlarda dunyo bo‘ylab sodir bo‘layotgan notinchliklar haqida kuylangan. Konsertdan so‘ng Macarelladan shu trek haqida so‘radik.

“G‘oya, to‘g‘risini aytsam, birinchi Jenisbek akadan chiqdi. Men so‘zlarini aytdilar, mana shunaqa so‘zlar bor, Shohruh, nimadir qilaylik, dedilar. Keyin men uni ashulasini chiqardim. To‘liq ashulani berdim ularning vokallari bilan. Lekin ikkalamiz o‘tirganimizda kimdir yetishmayotgandi, to‘g‘risini aytsam. Aynan eng shirin joyi o‘rtasi bo‘ldi, shu joyida Amerikaga, Shaxriyor akaga yubordik, o‘sha yerdan bizga ovozlarini yozib yubordilar”, — dedi DJ King Macarella.

Ushbu triodan tashqari, yana bir qancha kollablar ham namoyish etildi. Xususan, Dilnoza Ismiyaminova bilan “Do‘ppi tikdim” treki jonli kuylandi, Ruhsora Emm bilan ruscha qo‘shiq taqdim etildi. Bundan tashqari, Shohruh Sirojov konsert davomida o‘zi haqida qisqa film taqdim etdi. Unda Shohruh qanday qilib King Macarella bo‘lgani, qanday yo‘llarni bosib o‘tgani ko‘rsatilgan. Dastur oxirida Macarella bu konsertni o‘z otasiga bag‘ishlaganini aytdi.

Konsert dasturidan yorqin (va yuqori sifatdagi ovozli) reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling:

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov