"Zaldagi atmosfera esda qolarli bo‘lyapti" – Hamdam Sobirov konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 797
"Zaldagi atmosfera esda qolarli bo‘lyapti" – Hamdam Sobirov konsertidan reportaj

Zamonaviy o‘zbek estrada xonandasi Xamdam Sobirov 23−25-may kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi konsert dasturini taqdim etmoqda. “Tentakcham” deb nomlangan dasturda xonanda qo‘shiqlarini jonli ijro etishga ko‘proq ahamiyat qaratgan. Konsertning o‘ziga xosligi shu bo‘ldiki, Xamdam Sobirov kecha davomida kliplarida o‘zi kiygan kostyumlarini zaldagi muxlislariga tarqatdi. Afisha.uz muxbirlari dasturdan eksklyuziv foto va video reportaj tayyorladi.

Bir necha yildan buyon so‘nggi qo‘ng‘iroq bayrami arafasida konsert berishni an’anaga aylantirgan Xamdam Sobirovning bu yilgi konsertida jami 21 ta tarona ijro etildi. Joriy yil xonanda ko‘proq jonli ijroga e’tiborini qaratgan. U “Maktabimda”, “20-mart”, “Tentakcham” kabi eski hit taronalarini ijro etdi. Repertuarda yangi qo‘shiqlar barmoq bilan sanarli. Masalan, faqat “Laylo” va onalar uchun atalgan taronasi premyera qilindi. Xonanda hamkasblari Gulinur, Mirjon va Mirjalol bilan duet tarona ijro etmoqda.

Qiziqchi Avaz Oxun mehmon sifatida sahnada o‘z chiqishlari bilan zaldagilarga kayfiyat ulashmoqda.

“Konsert boshlanishidan ikki, uch kun avval Hamdam qo‘ng‘iroq orqali dasturda chiqish qilib berishimni so‘radi, men esa bu taklifni rad etmadim. Chunki Hamdamni talabalik davridanoq juda yaxshi bilaman. Institutda bizdan keyin o‘qigan, Ichki ishlar vazirligi qoshidagi ansamblda ham bilan bir muddat ishlaganmiz. Uni ko‘p ko‘rardim, mehnatkash va intiluvchan yigit. Har doim hayolida zo‘r qo‘shiq yaratish g‘oyasi bilan yurardi. „Aka biz ham hali mashhur bo‘lamiz, elga taniqli va sevimli bo‘lish nasib qilsin“, deb ko‘p niyat qilardi”, — deydi qiziqchi.

Uning aytishicha, Xamdam omadi kulib, birdan porlab chiqqan yulduz emas.

“U yillar davomida o‘qib, pishib yetildi, mehnat qilib, harakati orqali tanilgan xonanda. Ustoz va hayotning past-balandini ko‘rgan yigit. Shuning uchun muomalasi, odamgarchiligi hamisha joyida. Ijodini ham, o‘zini ham hurmat qilaman. Uning qo‘shiqlarini oilaviy tinglaymiz. Hatto 67 yoshga kirgan dadam ham yaxshi ko‘rib eshitadi. Bugun zalda yoshi katta onaxon va otaxonlarni juda ko‘p ko‘rdim. Hamdam keksa avlod vakillarini ham qalbiga kirib borganidan xursandman. Unga ijodiy muvaffaqiyatlar tilayman!”, — deydi Avaz Oxun.

Haqiqatdan Xamdam Sobirovning qo‘shiqlari yoshlarbop bo‘lsa-da, lekin zalda yoshi ulug‘ insonlarni ko`p uchratish mumkin. Ularning ko‘pchiligi qo‘shiqlarni birga xonish qilayotgan bo‘lsa, ayrimlari raqsga ham tushmoqda.

Xamdam Sobirovning “Maktabimda”, “Qishlog‘ga qayt”, “Birinchi sevgim” kabi qo‘shiqlariga ishlangan kliplarda rol ijro etgan vayner DiliMЕ ham konsertda oilasi bilan mehmon bo‘ldi.

“Konsert juda zo‘r o‘tyapti. Bunga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan. Chunki dasturga tayyorgarlik jarayonlarida Hamdam akaning oldida bo‘lib, qo‘llab-quvvatlagan edik. Muxlislar va zaldagi atmosfera esda qolarli bo‘lyapti. Xamdam Sobirovning kelgusi konsertlari ham mana shunday ruhda va omadli o‘tishini tilab qolaman”, — deydi u.

Konsert davomida Xamdam Sobirov o‘z kliplarida kiygan o‘nga yaqin turli rangdagi kostyumlarini kiyim ilgichga ilib, muxlislariga tarqatdi. Ayrimlarini sahnadan turib tomoshabinlar tomonga uloqtirdi. Qo‘lga kiritgan muxlislar esa kostyumli bo‘ldi.

“Kliplarda kiygan kostyumlarimni ko‘pchilik tanqid qiladi. „Bobosidan qolgan, otasidan qolgan kostyum“, degan fikrlar ham bo‘ladi. Bugun konsertda kliplarimda o‘zim kiyib chiqqan kostyumlarni muxlislarimga tuhfa qilmoqchiman. Ularga bu estalik bo‘lib qolishini xohladim. Endi ijodimni boshqacha imij bilan davom ettiraman”, — dedi Xamdam Sobirov.

Dasturda xonandaning qo‘shiqlariga raqslar “Tumor” raqs ansambli vakillari tomonidan ijro etilmoqda.

To‘liq reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov