Afsonaviy xonanda Ravshan Namozov xotira konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 8 159
Afsonaviy xonanda Ravshan Namozov xotira konsertidan reportaj

9 aprel kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda Ravshan Namozov xotirasiga bag‘ishlangan “San'at — tinchlik timsoli” nomli musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi. Xalqlar do‘stligi san’at saroyida o‘tkazilgan gala-konsertda marhum san’atkorning hamkasblari, shogirdlari va yaqinlari qatnashdi. Afisha.uz muxbirlari konsertga tashrif buyurib, reportaj tayyorladi.

“Yakkaxon konsert dasturini qo‘yish nasib qilmadi”

“Alpomish Media” rahbari, konsert prodyuseri O‘ktam Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, Ravshan Namozov o‘zbek estradasining haqiqiy afsonasi bo‘lgan.

“Ravshan akaning oila a’zolari, yaqin hamkasblaridan xotira konsertini o‘tkazish taklifi tushdi. Men esa darrov rozi bo‘ldim. Chunki ularning ijodiga befarq emasdim, birga hamkorlikda ham ishlaganmiz. Yillar davomida o‘zbek san’atida qancha-qancha yulduzchalar chiqib, so‘nib ketdi. Ammo Ravshan Namozovga tiriklik paytida „Xalqlar do‘stligi“ san’at saroyida yakkaxon konsert dasturini qo‘yish nasib qilmadi, bu armon bo‘lib qoldi. Ming afsuski, bugun xotira kechasi o‘tkazilyapti. Ularning orzularini ro‘yobga chiqarish maqsadida ham mazkur konsertni uyushtirdik. Yaqin hamkasblari, shogirdlari taklifimizni rad etmay, dasturga kelib, o‘z ijod namunalaridan ijro etishdi. Maqsadimizga yetdik, deb o‘ylayman. Ravshan akani ruhlari shod bo‘lsin!”, — dedi O‘ktam Hakimov.

“U hech qachon egilishni xohlamas edi”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Qoziyevaning ta’kidlashicha, marhum hamkasb do‘sti Ravshan Namozov ikkisi duet kuylashni ko‘p vaqt rejalashtirib yurgan. Ammo u amalga oshmadi.

“Iste'dodi va o‘ziga ishongan odamlar hech qachon birovga egilmaydi. Ravshan ham egilishni xohlamas edi. U o‘ziga, san’atiga va iste’dodiga ishonardi. Hozir sahnaga chiqib juda ham ruhlanib ketdim. Ravshanni hurmati, betakror ijodi tufayli shuncha tomoshabin va hamkasblari kelganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Hattoki, Tojikistondan taniqli san’atkor Daler Nazarov ham tashrif buyurib, qo‘shiq aytdi. Ravshan oramizda yo‘q bo‘lsa-da, ammo qalblardan o‘chmaydi. San’atkorlar davrasida ham ko‘p eslanadi. Uning o‘ziga xos yo‘nalishda yaratgan qo‘shiqlari ko‘p yillar tinglovchilar qalbida yashaydi”, — dedi Sayyora Qoziyeva.

“Haqiqiy surxoncha jaydari inson edi”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimovaning qayd etishicha, Ravshan Namozov bag‘rikeng va san’ati sevadigan inson bo‘lgan.

“Juda ko‘p suhbalarida bo‘lganman, maslahatlarini olganman. Ravshan aka samimiy, haqiqiy surxoncha jaydari inson edilar. Har ko‘rishganimizda, surxoncha shevada gaplashib, kulishardik. Ularni ko‘rganimda kayfiyatim ko‘tarilardi. Ming afsuski, umrlari qisqa ekan. Lekin juda mazmunli hayot kechirdi. Chiroyli suhbatlari, betakror qo‘shiqlari bilan yuraklarda qoladi. Kelgusida Ravshan akaning repertuaridagi biror qo‘shig‘ini ijro etish niyatim bor”, — dedi san’atkor.

Xonanda Munisa Rizayevaning aytishicha, uning katta sahnaga chiqishida Ravshan Namozovning ham hissasi bo‘lgan.

“Ravshan akaning vafoti o‘zbek san’ati uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Hayotlik davrida menga juda ko‘p narsalar o‘rgatgan, ustozlik qilgan. Ulardan Alloh rozi bo‘lsin, Ravshan aka ham mendan rozi bo‘lsin. Joylari jannatda bo‘lsin”, — dedi xonanda.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov