Tarona shou 2022: Munisa Rizayeva, Nilufar Usmonova, Rayhon, Shoxruhxon ishtirokidagi katta konsertdan reportaj
23−24-dekabr kunlari muhtasham «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida Tarona shou gala-konserti bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbirlari dasturning birinchi kunidan reportaj tayyorladi.
20 yildan ko’proq davr mobaynida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Tarona shou`ning 2022-yildagisi ham o‘ziga xos qiziqarli va esda qolarli kechdi. Konsertda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar — Ulug‘bek Rahmatullayev, Rayhon, shuningdek, Bojalar, Via Marokand, Sahar guruhi vakillari, Munisa Rizayeva, Nilufar Usmonova, Umidaxon kabi xonandalar o‘z qo‘shiqlari bilan qatnashdi. Dasturda qo‘shiqchilik faoliyatini endi boshlagan instablogerlarning ayrimlari ham tarona ijro etdi.
Konsertni mahoratli boshlovchilar — Dilmurod G‘ulomov va Ra’no Alimova olib bordi. Alohida aytish kerakki, bu ikki ijodkor Tarona shou`da bir necha yildan buyon boshlovchilik vazifasini bajarib kelmoqda.
Ko‘p yillar davomida qo‘shni Qozog‘istonda yashab, ijod qilgan Sahar guruhi xonandasi Anvar Jo‘rayevning aytishicha, u ikki yildan beri Toshkentda istiqomat qilmoqda. Bundan buyon O‘zbekistonda yashashini ta’kdiladi.
«„Tarona“ — bizning oilamiz bo‘lgan. Yoshligimizdan san’at olamida o‘sib, ulg‘aytirgan. Tarona shou ham biz uchun juda qadrli va unda qatnashish ham zavq bag‘ishlaydi. Bugungi konsert tomoshabinlarga haqiqiy bayramona kayfiyatni ulashdi, deb o‘ylayman. Bu esa yangi yil arafasida munosib tuhfa bo‘la oldi, degan fikrdaman. Barchaga yangi yil bayrami muborak bo‘lsin», — dedi Anvar Jo‘rayev.
Xonanda Munisa Rizayevaga mikrofon tutganimizda, u 2023-yilda navbatdagi yakkaxon konsertini o‘tkazish rejasi borligini aytdi.
«Yulduzlar ishtirokidagi bu konsertda muxlislarimiz boshqacha kutib olishdi. Men bundan juda xursandman. Ayniqsa, qoraqalpog‘istonlik muxlisim bilan sahnada ko‘rishganim, uning menga qoraqalpoq milliy kiyimini sovg‘a qilgani kutilmagan va esdan chiqmaydigan holat bo‘ldi. Energiyaga boy bu konsertdagi qo‘shiqlarga tomoshabinlar maza qilib raqsga ham tushishdi. Hammani yangi yil bilan tabriklayman», — dedi Munisa Rizayeva.