Qaqnus aktyorlar: Oʻzini qayta ixtiro qilganlar hikoyasi

E’lon qilingan sana· 200
Qaqnus aktyorlar: Oʻzini qayta ixtiro qilganlar hikoyasi

Faraz qiling, siz butun dunyoga mashhur bo‘lib qolgan odamsiz. Biroq odamlar sizni faqat bitta qiyofada eslab qolishadi — yillar davomida o‘sha bir obraz, bir rol, bir nom bilan. Har bir tabassumingizda, har bir iltifotingizda — siz emas, balki siz ijro etgan qahramon yashayotgandek bo‘ladi. Bu — shon-shuhratning ko‘zga ko‘rinmas qafasidir.

Ko‘pchilik bu qafasda qolishga rozi bo‘ladi. Ammo ba’zilar bor — ular xuddi Qaqnus qushi kabi, o‘zini o‘zi kuydirib, kul ichidan yangi qiyofada qayta tug‘ilishni tanlaydi.

Ushbu maqola ana shunday aktyorlar haqida — o‘zlarining afsonaviy obrazlaridan chiqib, ijodiy erkinlik sari dadil qadam tashlaganlar haqida. Ushbu sayohat — faqat kino haqida emas. Bu bizning ham hikoyamiz. Bizning o‘zimizni yangilashga bo‘lgan ehtiyojimiz haqida. Chunki ba’zida, o‘zligimizni topish uchun, o‘zligimizdan voz kechishimiz kerak bo‘ladi…


Sehrli olamdan qochgan yigit: Deniel Redkliff

Siz uni qanday eslaysiz? Kichik yoshidan boshlab ko‘zoynakli, peshonasida chaqmoq belgisi bor sehrgar bola — Garri Potter sifatida. Ammo Daniel Redkliff bu rolni ortda qoldirib, jasorat bilan yangi yo‘lga qadam qo‘ydi. “Swiss Army Man” filmida u — ha, butun film davomida — jasad rolini ijro etdi! “Imperium"da esa natsistlar orasiga kirib, xavfli politsiya agenti qiyofasini gavdalantirdi. “Jungle” filmida ham u oʻzining yangi qirralarini koʻrsata oldi. Bu rollar orqali u Potter soyasidan chiqib, aktyorlik mahoratini yangi pog‘onaga ko‘tardi.

“Men endi o‘sha bolakay emasman,” deydi Redkliff. “Har bir rol — o‘zimni sinab koʻrish imkoniyati”.


Robert Pattinson: Yaltiroq vampirdan qorong‘u Betmenga

Ha, oʻsha — qizlar sevib, yigitlar hasad qilgan yaltiroq vampir Edvard. “Zulmat ostonasidagi muhabbat” (“Twilight”, “Сумерки”) filmida u goʻzal, mungli va romantik edi. Lekin Pattinson “Zulmat ostonasidagi muhabbat” tugagandan soʻng, oʻz karyerasini tubdan oʻzgartirdi. U koʻproq mustaqil, kichik byudjetli, ammo chuqur maʼnoli filmlarni tanlashga qaror qildi. “Good Time” filmida jinoyatchi aka, “The Lighthouse” filmidagi ruhiy holati yomonlashayotgan qorovul… va nihoyat, Betmen!U oddiy qahramonlik filmidan tashqariga chiqib, murakkabroq, qorongʼu va koʻproq psixologik obrazni yaratdi. Uning eng soʻnggi, 2025-yildagi “Mikki 17” (“Mickey 17”) filmidagi roli ham Pattinson evolutsiyasini eng yorqin isbotiga aylandi.

U oʻzi haqida shunday deydi: “Men har bir filmni oʻzimni sinash va oʻz komfort zonamdan chiqish uchun tanlayman.” Robert obroʻsini xavf ostiga qoʻydi, balki unga oʻzini topish bunday narsalarda koʻra muhimroqdir.


Qahramonlikni tanlagan Mafyu Makkonihey

Bir paytlar romantik komediyalar qiroli, surf taxtasida uchuvchi va doim tanasini ko‘z-ko‘z qiluvchi yigit sifatida mashhur boʻlgan Makkonihey esa “How to Lose a Guy in 10 Days”, “The Wedding Planner” singari yengil filmlarda bosh rollarni ijro etar edi. Ammo “Dallas Buyers Club” filmidagi rolida u 20 kilogramm vazn yoʻqotib, OITSga chalingan bemor rolini shunday mahorat bilan ijro etdiki, bu uchun Oskar mukofotini qoʻlga kiritdi. “True Detective” serialida esa murakkab shaxsiyatga ega detektiv rolini oʻynab, televizion drama dunyosini larzaga keltirdi. Kristofer Nolan bilan “Intersteller” filmida u ota muhabbatining koinotni ham yengishi mumkinligini koʻrsatdi.

“Hayotimning muayyan bosqichida tushundimki, agar o‘zimni o‘zgartirmasam, hech qachon haqiqiy aktyor bo‘la olmayman,” deydi u. “Men 'yo‘q' deyishni o‘rgandim — daromadli, ammo yengil rollarga va o‘zim uchun katta tavakkalga qoʻl uldim”.


Kulgi niqobi ortidagi dard: Jim Kerri

“Niqob” (“The Mask”) va “Ahmoq va undan ham ahmoqroq” (“Dumb and Dumber”) filmlari bilan u tomoshabinlarning qalbini zabt etdi — quvnoq va g‘ayratli aktyor sifatida tanildi. Uning yuz ifodalari esa rezinadek cho‘zilib, go‘yoki har qanday mimikani koʻrsata oladigandek tuyulardi.

Ammo u kimga aylandi? “Truman tomoshasi” (“The Truman Show”), “Man on the Moon” va ayniqsa “Eternal Sunshine of the Spotless Mind” filmlarida u yurakni ezuvchi, nozik va chuqur dramatik rollarni mahorat bilan ijro etdi. Uning oʻzi ham san’at, falsafa va ma’naviyat haqida jiddiy fikrlaydigan insonga aylandi.

“Ba'zan hayot shunchalik og‘irlashib ketadiki, qolgan yagona chora — kulish bo‘ladi,” deydi u.


Hobbitdan zombilar dunyosiga: Elayja Vud

Frodo Baggins — “Uzuklar hukmdori” trilogiyasidagi kichik va soddagina hobbit. U dunyo xalqlarini qutqargan eng sofdil qahramonga aylandi.

Ammo shunday mashhur roldan keyin u kutilmagan yoʻldan ketdi. “Maniac"da u ayollarni oʻldiruvchi serial qotil rolini ijro etdi. “Come to Daddy"da esa mudhish psixologik trillerda bosh qahramonni oʻynadi. U hatto “SpectreVision” studiyasini tashkil qilib qoʻrqinchli va eksperimental filmlarni ishlab chiqarishni boshlagan.

“Har bir aktyor bir nuqtada 'Endi men kimman?' degan savol bilan yuzlashadi,” deydi u. “Men uchun bu — oʻzimni yangidan kashf etish, oʻz chegaralarimni kengaytirish va har safar boshqacha bo‘lishga jur’at topish demakdir”.


6−7. Kulgidan dramaga: Jonah Hil va Stiv Kerol

Jonah Hil va Stiv Kerol — komediya dunyosidan chiqqan ikki iste’dod. Hil “Superbad"va “21 Jump Street” filmlaridagi semiz, noqulay yigitcha sifatida, Kerol esa “The Office” serialidagi bema’ni boss Maykel Skott obrazi bilan shuhrat qozondi. Ularning yuz ifodalari, harakatlari va soʻzlari millionlab odamlarni kuldirgan va aytish kerakki, ular komediya ustalari sifatida oʻz oʻrinlarini allaqachon mustahkamlagan edilar.

Ammo ular katta tavakkal qilishga qaror qildilar. Hil “Moneyball” va “The Wolf of Wall Street” filmlarida jiddiy, murakkab obrazlarni yaratib, ikki marta Oskar nominatsiyasiga sazovor boʻldi. Kerol esa “Foxcatcher"da ruhiy kasallikka chalingan milliarder rolini shunday mahorat bilan ijro etdiki, uni koʻrgan tomoshabinlar hayratdan qotib qoldilar. “Beautiful Boy” filmida esa u narkotik moddalariga mukkasidan ketgan oʻgʻli uchun kurashayotgan otaning yurakdan chiqqan rolini ijro etdi.

“Odamlarni kuldirish oson, ammo ularning qalbiga kirib borish — bu haqiqiy san’at,” deydi Kerol.


Sehrli kulgi ustasi: Robin Uilliams

Robin Uilliamsning tabassumlari millionlab qalblarni ilitgan, uning “Mrs. Doubtfire”, “Jumanji”, “Kapitan Kryuk va Piter Pen” (“Hook”) kabi filmlari oilaviy koʻradigan eng yaxshi filmlardan boʻlishgan. Uning bolalik shodligini saqlab qolgan qalbi ekrandan nur taratib turardi.

Ammo Robin inson qalbining eng qorongʻi burchaklariga ham sayohat qila olardi. “Oʻlik shoirlar jamiyati"(“Dead Poets Society”)da u oʻquvchilariga hayotni sevishni oʻrgatuvchi, foydasiz an’analar zanjirini uzishga jur’at etgan oʻqituvchi obrazini yaratdi. “Good Will Hunting"da u ogʻir oʻtmishi bor psixologni oʻynab, Oskar mukofotini qoʻlga kiritdi. “One Hour Photo"da esa boshqalarning hayoti bilan yashovchi yolgʻiz va xavfli fotograf rolini ijro etdi — bu roldan keyin tomoshabinlar “Bu rostdan ham oʻsha Robin Uilliamsmi?” deb hayratda qolishdi.


Adam Sandler: Kulgidan keyingi hayot

“Happy Gilmore”, “Zo‘raki millioner"(“Mr. Deeds”) va “Grown Ups” kabi komediyalarda kulgili obrazlar bilan tanilgan — Adam Sandler ham o‘z yo‘lini o‘zgartirgan qaqnuslardan biri.

“Punch-Drunk Love” filmida u rejissor Pol Anderson bilan ishladi va emotsional beqaror hamda yolg‘iz insonni jonlantirdi. Keyinchalik, “Uncut Gems” filmida qimorboz zargarning rolini shu qadar hayajonli va ishonarli ijro etdi-ki, ko‘pchilik uni Oskarga munosib deb bildi. “Hustle” filmida esa u basketbol skauti sifatida yurakka ta’sir qiluvchi obraz yaratdi. Uning mashhur va jonli nutqini bu kino koʻrmaganlar ham koʻrishgandir hoynahoy (“Obsession is going to beat talent every time. You got all the talent in the world, but are you obsessed? Let’s face it”).

Shu tariqa, Adam Sandler o‘zining nafaqat kulgili, balki jiddiy va murakkab rollarni ham qoyilmaqom bajarishga qodir aktyor ekanini isbotladi.


Shaya Lebaf: Transformerlardan san’atgacha

Shaya Lebaf “Transformerlar” filmlarida bosh qahramon sifatida mashhur bo‘ldi, bolaligidan katta pul topgan yosh yulduzga aylandi. Ammo u bu franshizadan chiqib, butun karyerasini o‘zgartirdi.

U mashhur rejissyor Lars von Trier bilan “Nymphomaniac” filmida suratga tushdi. So‘ng esa “Honey Boy” filmida o‘z otasining shafqatsiz obrazini yaratdi. Bu film — uning o‘z hayoti haqida edi. Shaya o‘tmishdagi og‘riqli xotiralari bilan yuzlashish jasoratini shu film bilan topdi.

Shaya oddiy yulduz bo‘lish o‘rniga murakkab, bahsli, ammo chinakam san’atkor bo‘lishni tanladi — chunki u ichki ovozini qidirgandi…


Hayotingizni qayta yozish

Har birimiz ham o‘z hayotimizda aktyormiz. Oilada, ishda, do‘stlar davrasida — har bir joyda turli rollarni o‘ynaymiz. Ba’zan esa bu rollar bizni bo‘g‘ib qo‘yadi. “Hamisha namunadagidek boʻlishing kerak”, “Sen doim aqlli bo‘lishing kerak”, “Har doim kuchli ko‘rinishing kerak” — bu kutilmalar bizni bir qobiqda ushlab turadi.

Bu aktyorlarning sayohati bizga bir narsani o‘rgatadi: shon-shuhratdan voz kechib, o‘zligimizni qayta yaratish — bu faqat san’atda emas, hayotda ham eng oliy yutuqlardan biridir. Har bir inson, har bir san’atkor ichida bir Qaqnus yashaydi. Ammo u faqat yonishga jur’at etgan qalblarda tiriladi.

Yakunda esa savol ochiq qoladi: aktyorlar o‘zlarini qayta ixtiro qila olishgan ekan, biz-chi? Bu aktyorlarning yo‘li — faqat kino haqidagi emas, balki hayotning o‘zi bilan olib borilgan kurash hikoyasidir. Ular o‘z hududlaridan chiqib, o‘zlarini o‘zgartirishdi, yangi qiyofalarda namoyon bo‘lishdi.

Biz ham hayotda o‘z “niqob"larimizni yechib, yangi rollarni tanlashga jur’at topa olamizmi?

Samandar Erkinjonov
Muallif
Samandar Erkinjonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling