"The Godfather", "Scarface", "Insomnia": Al Pachino rol ijro etgan 10 ta film

E’lon qilingan sana· 378
"The Godfather", "Scarface", "Insomnia": Al Pachino rol ijro etgan 10 ta film

Bugun, 25-aprel kuni Alfredo Jeyms Pachino yohud qisqa qilib aytganda Al Pachinoning tugʻilgan kuni. 85 yoshga toʻlgan aktyor faoliyati davomida Oskar, Oltin Globus, BAFTA va hatto Oltin Malina mukofotlarini ham qoʻlga kiritgan. U tomonidan gavdalantirilgan Maykl Korleone yoki Toni Montana obrazlari esa kinematografiya klassikasiga aylangan.

Afisha.uz ushbu sana munosabati bilan Al Pachino rol ijro etgan 10 ta film haqida ma’lumot beradi.


Dog Day Afternoon

1975-yilda rejissyor Sidni Lyumet tomonidan suratga olingan kinokartina real voqealarga asoslangan. Ushbu roli uchun Al Pachino Oskar mukofotiga nomzod sifatida koʻrilgan.

Jazirama yoz payti choshgohda uchta bosqinchi bankka bostirib kirib, talonchilik qiladi. Aynan shu bir necha daqiqa ichida ularning hayoti tubdan o‘zgarib ketadi.

Filmni tomosha qilish.


Donnie Brasco

Ushbu kinokartina ham real voqealarga asoslangani bilan ajralib turadi. Unda haqiqatda yashab oʻtgan FQB xodimining hayot yoʻli namoyish etiladi. Filmga Maykl Nyuell rejissyorlik qilgan.

Nyu-York, 1978-yil. FQB agenti Jo Pistone yangi topshiriq oladi. Unga koʻra, gangster to‘dalari faoliyati haqida to‘liq ma’lumot olish maqsadida Bruklindagi jinoiy guruhlardan biriga kirishi kerak. U o‘zining haqiqiy ismini unutishi, barcha do‘stlari va qarindoshlari bilan aloqani uzishi kerak, chunki endi u — Donni Brasko.

Filmni tomosha qilish.


Insomnia

Al Pachino ushbu kinokartinada yana bir kino afsonasi Robin Uilyams bilan birga rol ijro etgan. Shuningdek, 2002-yilda premyera qilingan film rejissyori Kristofer Nolan hisoblanadi.

Los-Anjeles politsiyasining tajribali detektivi Uill Dormer sherigi bilan birga o‘n yetti yoshli qizning o‘ldirilishini tekshirish uchun Alyaskadagi kichik shaharchaga yuboriladi. Dormerning sherigi kimsasiz qoyali qirg‘oqda halok bo‘ladi. Bu yerda kun botmasligi sababli uyqusizlik bilan kasallangan detektiv battar qiynalishni boshlaydi.

Filmni tomosha qilish.


The Godfather

Mario Pyuzo qalamiga mansub “The Godfather” asari asosida suratga olingan va kultga aylangan film Al Pachinoni butun dunyoga tanitgan deyish mumkin. U kinokartinda Don Korleonening oʻgʻli rolini oʻynaydi. Ma’lumot uchun, Afisha.uz ushbu film atrofidagi voqealar haqida maqola tayyorlagandi.

Trilogiyaning birinchi qismi Maykl Korleonening otasi oʻrnini egallashi haqidagi hikoyaga bagʻishlanadi.

Filmni tomosha qilish.


The Insider

Rejissyor Maykl Mann tomonidan suratga olingan. 7 ta nominatsiya boʻyicha Oskar mukofotiga nomzodi qoʻyilgan. Ushbu psixologik drama syujeti 1990-yillarning birinchi yarmida boʻlib oʻtgan real voqealarga asoslangan.

Jeffri Uaygend tamaki mahsulotlarida chekuvchilarda giyohvand moddalarga qaramlikni keltirib chiqaradigan komponentdan foydalanishga qarshi norozilik bildirgani uchun eng yirik tamaki kompaniyasining vitse-prezidenti lavozimidan bo‘shatilmoqda.

Filmni tomosha qilish.


Simona

Yuqoridagi filmlarning katta qismida Al Pachino jangari gangsterlar rollarini ijro etadi. Ammo bu filmda u oʻzgacha obrazlardan biri — rejissyorni gavdalantiradi.

Rejissyor Viktor Taranski uchun og‘ir damlar boshlanadi. Aktrisa Nikola (Vaynona Rayder) rejissyor o‘zining butun mol-mulkini garovga qo‘yib, suratga olayotgan yangi filmda rol o‘ynashdan bosh tortadi. Kinoni tugatishning iloji yo‘q, chunki Nikolaning advokatlari uning ishtirokidagi birorta parchani ko‘rsa, sudga beradi. Shu vaqtda rejissyorga yangi texnologiyalar yordamga keladi.

Filmni tomosha qilish.


Serpico

Ushbu film 1973-yilda ishlangan va aktyorning bu roli uchun ham Oskarga nomzodi qoʻyilgan. Ammo 1974-yilda boʻlgani kabi bu sovrinni yuta olmagan. Film biografik janrda suratga olingan.

Kinokartina politsiya xodimi Frenk Serpiko haqida hikoya qiladi. U faoliyati davomida politsiyadagi ommaviy korrupsiyani fosh qilish bilan shugʻullanadi.

Filmni tomosha qilish.


Scarface

Al Pachinoning kultga aylangan rollaridan biri bu “Scarface” filmiga toʻgʻri keladi. Toni Montana ismi haligacha aktyor muxlislari uchun muhim sanaladi.

1980-yilning bahorida Meyriyel bandargohi ochildi va minglab kubalik qochqinlar Amerika orzusini izlab Qo‘shma Shtatlarga yo‘l oldi. Ulardan biri bu orzuni quyosh nuriga g‘arq bo‘lgan Mayami ko‘chalaridan topadi. Boylik, hokimiyat va ehtiros uning eng aqlga sig‘mas orzularidan ham oshib tushadi. Uning ismi Toni Montana edi.

Filmni tomosha qilish.


Scent of a Woman

Nihoyat 1993-yilga kelib, Al Pachino Oskar mukofotini yutadi. 1992-yilda suratga olingan “Scent of a Woman” kinokartinasida aktyor oʻz faoliyatidagi ilk va hozircha yagona boʻlib turgan “haykalcha"sini qoʻlga kiritgan.

Shukronalik kuni keldi va iste’fodagi razvedka polkovnigi Frenk Sleyd o‘zini Nyu-Yorkka sayohat qilish orqali bayramni nishonlashga qaror qiladi. Frenk o‘zining oliy toifadagi “soʻnggi chiqish"ini tayyorlamoqda: ajoyib mehmonxona, hashamatli limuzin, qimmatbaho ichimlik va go‘zal ayollar.

Filmni tomosha qilish.


The Devil’s Advocate

Kinokartinada Al Pachino bilan birgalikda Sharliz Teron va yosh Kianu Rivzni ham koʻrish mumkin. Ular ham asosiy rollarni ijro etgan. 1997-yilda premyerasi boʻlib oʻtgan film rejissyori Teylor Hekford hisoblanadi.

Yirik yuridik konsern rahbarining taklifiga binoan Nyu-Yorkka yosh advokat Kevin Lomaks keladi. Bungacha u faqat yomon odamlarni himoya qilish bilan tanilgan va birorta ham sud jarayonida yutqazmagan.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling