Oʻzbekcha "Sugʻur kuni": "Chimildiq" filmiga taqriz

19-aprel kuni Tashkent City Mall savdo markazining Cinematica kinoteatrida postanovkachi rejissyor Shuhrat Salomovning yangi “Chimildiq” komediyasining premyerasi o‘tkazildi.
Afisha.uz muharriri filmni tomosha qildi va quyida oʻz fikrlarini bildiradi. Ehtiyot boʻling, spoylerlar bor.
Film syujeti haqida qisqacha
Syujet markazidagi film asosiy qahramonlari Tohir va Zuhra boʻlib, ular bir-birlarini sevib turmush qurgan. Ularning ismlari ham bekorga bunday tanlanmagan. Shunga qaramasdan, ular arzimas turmush mojarolari sabab ajrashishga qaror qiladi. Ajrim qarori chiqishi bilan ular xursand holda ikki tomonga yo‘l oladi.
Ular xuddi ozod qush misol yangi hayot sari oshiqmoqda, biroq ular tunda qayerda uyquga ketmasin, ertalab san’at muzeyida yasatilgan chimildiq ichida uyg‘onadi. Film bir qarashda “Sugʻur kuni” kinokartinasini eslatib yuborsa-da, bunda vaqt toʻxtab qolmaydi, balki kunlar bir maromda oʻtaveradi. Mana shuning oʻziyoq konsepsiyaga koʻplab savollar uygʻotadi va syujetdagi bir qator teshiklarni keltirib chiqaradi.
Ota-onalar oʻz farzandlarini darhol boshqa odamlar bilan turmush qurishini xohlaydi. Zuhra Botir bilan uchrashuvga chiqadi, Tohir esa Nargizaxonning oldiga ketadi. Ammo ularning yoʻllari kesishishda davom etadi. Kun yakunlanadi, tongda esa Tohir va Zuhra yana bir joyda uygʻonadi.
Endi ular nega bunday boʻlayotganining sababini topishi va chek qoʻyish harakatiga tushadi.
Aktyor va aktrisalar ijrosi
Filmda aktyorlar tarkibini bemalol yulduzli deyish mumkin. Bosh rollarni Dadaxon Obidov va Sitora Alimjanova ijro etgan. Ma’lumot uchun, Dadaxon Obidov Bahodir Jalolov hayotiga bagʻishlangan “Yengilmas. Tokioga yoʻl” kinokartinasida bokschi rolini ijro etgan. U avvalroq bu rol uchun tanlangan Ulugʻbek Qodirovning oʻrnini egallagandi.
Kinokartina davomida aktyorning qomati orqali tomoshabinlar e’tiborini tortishga urinish holatini koʻrish mumkin. Shunga qaramay u oʻziga berilgan vazifani bajargani va rolini yaxshi ijro etganini ta’kidlamay iloj yoʻq.
Tohirning ota-onasi rollarini Muhammadiso Abdulhairov va Xosiyat Xusanova, Zuhraning ota-onasini esa Tolib Moʻminov va Muyassar Berdiqulova oʻynagan. Aktyor va aktrisalarga hech qanday e’tiroz yoki savol yoʻq, biroq ssenariy muallifi kino ustida ishlashdan oldin biror kulgi jamoasining konsertini koʻrganmikan, degan savol yuzaga keladi.
Muhammadiso Abdulhairov qattiqqoʻl er, Xosiyat Xusanova esa erini hurmat qiladigan, ammo undan boshqa hammani “gap bilan siylaydigan” odam sifatida tasvirlanadi. Tolib Moʻminov va Muyassar Berdiqulova esa buning teskarisi, juda “yumshoq” er va oʻz gapini oʻtkazishga harakat qiladigan xotin qilib koʻrsatiladi. Bunday qahramonlar ijrosida komediya koʻrmoqchi boʻlgan tomoshabin, kinoga emas kulgi jamoalarining konsertiga tushishi aniq (bu kulgi jamoalarida yaxshiroq oʻxshaydi ham).
Karikaturik personajlar shu bilan tugamaydi. Tohir bilan uchrashuvga chiqqan Nargiza va Zuhra bilan toʻyi boʻlayotgan Botir ham oʻzini juda gʻalati tutadi. Nargiza rolini yosh aktrisa Mohlaroy Sobirova ijro etgan boʻlsa, Botir obrazini esa Bobur Aytbaganbetov gavdalantirgan.
Kinoga oz boʻlsa-da drayv bagʻishlagan personajlar bu — Tohir va Zuhraning doʻstlari Bobur Pirmatov va Aziza Abdullayeva boʻlgan.
Klishelar
Film yangi narsalarni taklif qilmaydi. Voqealar rivoji odatiy o‘zbek kinolaridek davom etadi. Yigit va qiz taksida ham, restoranda ham, koʻchada ham, uyda ham, hamma joyda tasodifan uchrashib qolaveradi. Uchrashishi mumkin boʻlmagan paytda esa ataylabdan bunga harakat qilishadi. Masalan, Tohir Nargiza bilan kelin koʻylak tanlash uchun ataylab Zuhraning doʻkoniga boradi. Nega? Hech qanday sababsiz!
Bu uchrashuvlar kinokartinadagi ma’nosiz dialoglar hajmini haddan tashqari koʻpaytirib yuboradi. Tohir va Zuhra doim bir-biri bilan urushadi, biroq bu dialoglar hech qanday maqsad tomon yoʻnaltirmaydi. Filmning sakson foizida yigit va qizning suhbati quyidagicha shaklda boʻladi:
— Seni ko‘rgim kelmayapti!
— Mening ham ko‘zim uchib turgani yoʻq!
Bundan tashqari, filmning janri komediya hisoblanadi va unda yumor elementlarini sezish mumkin. Biroq bunday harakatlar va dialoglar orqali yuzaga keladigan yumor ham oʻzbek kinosida takrorlanaverishi orqali shunchalik klishelashib ketganki, tomoshabin yuzida kulgi emas, balki ularning biroz ranjishiga sabab boʻladi.
Shunga qaramasdan, “Chimildiq” nomli kinokartinada Said Muxtorning rol ijro etishi (klassik “Chimildiq” filmini eslatadi) yoki Dilshodbek Kattabekov tabib rolini ijro etishi va “meni yoshligimda kichkina tabib deb chaqirishgan”, deyishi nostalgiyani uygʻotishi mumkin.
Shuningdek, filmning yana bir yoqimli tomonlaridan biri bu saundtreklar. Kinoda Shohruhxonning ikkita qoʻshigʻi — “Yigʻlama” va “Salom sevgi” yangraydi.
“Sugʻur kuni” yoki “Palm-Springs”?
Bunday konsepsiyada yaratilgan filmlarning etaloni sifatida “Sugʻur kuni” filmi e’tirof etiladi. Biroq postmodernizm davrida ushbu filmning ham ajoyib versiyasi yaratilgan boʻlib, uning nomi “Palm-Springs"dir. Bu ikki film bir-biridan farqli boʻlsa-da, asosiy maqsad juda yomon odamning yaxshilik tomon yurishi haqida hikoya qiladi. Bunda ularga yordamchi personajlar mavjud boʻladi.
“Chimildiq” filmida esa oʻzgarishi kerak boʻlgan bosh qahramonlar ikkita va ular bunda bir-biriga umuman yordam bermaydi. Yana bir eng asosiy muammolardan biri bu vaqtning toʻxtab qolmasligi va davom etishida. Mana shu yerda “nega yangi velosiped yaratish yoki yangi Amerikani ochish kerak”, degan savol yuzaga keladi.
Filmda barcha narsani hal qiladigan voqeaga ham bosh qahramonlarning hech qanday aloqasi boʻlmaydi. FHDYO xodimi rolini ijro etayotgan Zuhra Soliyeva bilan boʻladigan voqea Tohir va Zuhraning hayotga boʻlgan qarashlari tubdan oʻzgarishiga sabab boʻladi. Ammo agar yigit va qizning oʻzi tashqi omillarsiz yakuniy xulosaga yetib kelganda kinokartinaning tomoshabopligi ortgan boʻlardi.
Xulosa oʻrnida yaxshi boʻlmagan filmlar yaxshi kinokartinalarning qadrini oshirishi haqida aytib oʻtish mumkin. Ammo tomoshabin “Chimildiq” orqali ham oʻziga qiziq narsalar topa oladi.
Film uchun chiptalarni Afisha.uz orqali sotib olishingiz mumkin.
