"Conclave", "Angels & Demons", "The Young Pope": Rim Papasi haqidagi film va seriallar

Vatikan bayonotiga koʻra, 21-aprel kuni Rim papasi Fransisk 88 yoshida vafot etdi. Kinematografiya uchun Vatikan, Rim Papalari va ularni saylash jarayonlari doim qiziq boʻlib kelgan. Kino tarixida bu mavzuda bir qator detektiv, dramatik va psixologik filmlar ishlangan.
Afisha.uz ushbu jamlanmada Rim Papalari atrofidagi voqealarga bagʻishlangan film va seriallarni bir yerga toʻpladi.
Conclave (2024)
Roʻyxatni yaqin yillarda chiqqan filmdan boshlashga qaror qildik. 2024-yilda premyera qilingan va 8 ta nominatsiyada Oskar uchun nomzod boʻlib, ularning bittasida gʻalaba qozongan film rejissyor Edvard Berger tomonidan suratga olingan.
Rim Papasi to‘satdan vafot etganidan so‘ng, kardinallar konklavga — katolik cherkovining yangi rahbarini saylashga tayyorgarlik koʻrishni boshlaydi. Buni boshqarish kardinal Lourensga topshiriladi. Butun dunyodan diniy rahbarlar Vatikanga o‘zlarining eng muhim burchlarini ado etish uchun keladi. Ammo tez orada Lourens ruhoniylar orasida fitna tayyorlanayotganini tushunadi va cherkovning poydevorini larzaga keltirishi mumkin bo‘lgan sirdan xabar topadi.
Angels & Demons (2009)
Den Braunning shu nomli asari asosida suratga olingan filmda bosh rolni Tom Henks ijro etgan. Detektiv filmlar muxlislari uchun ushbu kinokartina ayni muddao boʻladi.
Butun dunyo eng qadimiy marosimlardan biri boʻlgan katolik cherkovi boshlig‘i Rim papasini saylash marosimini kutmoqda. Ammo bu qarorni chiqarishga qandaydir qudratli kuch — katolik cherkovining ashaddiy dushmani — sirli Illyuminatlar ordeni aralashadi.
The Two Popes (2019)
Ushbu filmda asosiy rollardan birini Entoni Hopkins ijro etgan boʻlib, “Eng yaxshi ikkinchi darajali aktyor” nominatsiyasida Oskar mukofotiga nomzodi qoʻyilgan. Filmning oʻzi ham yana 2 ta Oskar yutishi mumkin edi, biroq nominant sifatida qolib ketgan.
2013-yilda Vatikanda taxtdan voz kechgan Papa Benedikt XVI o‘rnini egallashni istamagan, ammo saylangan Rim Papasi Fransiskning bosib oʻtgan yo‘li va tarixi haqida. Katolik cherkovining ikki eng nufuzli yetakchisi zamonaviy dunyoni e’tiqodda mustahkamlash uchun oʻz bilganicha harakat qilishni boshlaydi.
We have a pope (2011)
Film Fransiya va Italiya kinoijodkorlari tomonidan 2011-yilda ishlangan. Uning nomi sifatida ishlatilgan lotin tilidagi “Habemus Papam” iborasi yangi Rim papasi saylanganini e’lon qilish uchun ishlatiladigan formula bo‘lib xizmat qiladi.
Papa vafotidan keyin konklav yangi pontifikni saylaydi. Qur’a kardinal Melvilga tushadi. Ammo Rim-katolik cherkovining yangi tayinlangan rahbari jazavaga tushib Avliyo Pyotr balkoniga chiqishdan bosh tortadi. U bunday og‘ir yukni ko‘tara olmayotganini aytib baqirishni boshlaydi.
Amen (2002)
Yuqoridagi filmlar asosan bugungi kunlar haqida hikoya qilsa, 2002-yilda ishlangan “Amen” kinokartinasi ikkinchi jahon urushi davridagi voqealarni namoyish etadi.
Syujet Vatikan va natsistlar Germaniyasi o‘rtasidagi aloqalar haqida hikoya qiladi. Bosh qahramon — Kurt Gershteyn, olim, gigiyena institutida ishlagan SS zobiti, suvni tozalash va zararsizlantirish hamda parazitlarni yo‘q qilish bo‘yicha asarlar muallifi. U o‘zi yaratgan qorishmalar konslagerlarda odamlarni yo‘q qilishga qaratilgan — “Siklon B"ni ishlab chiqarish uchun ishlatilayotganini bilib qoldi. U bu haqda Rim papasini ogohlantirishga harakat qiladi.
The Young Pope
Ushbu serial 2016-yilda Italiya, Ispaniya va Fransiya kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan. Loyihaga mashhur rejissyor Paolo Sorrentino mualliflik qilgan. Premyeradan soʻng serial katta rezonans keltirib chiqargan va bir mavsumdan soʻng toʻxtatilgan. Qismlar soni 10 tani tashkil qiladi. Bosh rolni Jud Lou ijro etgan.
Katolik cherkovining yangi saylangan rahbari, Rim papasi Piy XIII Lenni Bellardo haqidagi oʻylab topilgan hikoya. Bu lavozim unga nufuzli kardinallarning fitnalari tufayli nasib etadi, ular kelib chiqishi italyan bo‘lgan yosh va cherkovga hech qanday aloqasi bo‘lmagan amerikalikni o‘z manfaatlari yo‘lida manipulyatsiya qilish uchun tanlaydi.
The New Pope
Oradan 4 yil oʻtib, 2020-yilda yuqoridagi serialning mantiqiy davomi ishlanadi va unga “The New Pope” nomi beriladi. Paolo Sorrentino yana loyihaga mualliflik qiladi. Ushbu serial ham 10 qismdan iborat.
To‘qqiz oy ichida bir nechta muvaffaqiyatsiz yurak transplantatsiyasidan so‘ng, papa Piy XIII hali ham komada, uning atrofidagi ergashuvchilar kulti Lennini avliyo sifatida hurmat qiladi. Butparastlikka chek qo‘yish uchun kardinal Voyello Muqaddas Taxt elchisi Bauerning maslahati bilan yangi papa saylashga qaror qiladi.
