Oldin va hozir: “Shaytanat” seriali aktyorlari 27 yil ichida qanchalik oʻzgardi?

Yodgor Saʼdiyev rahbarligidagi “Qalqon” studiyasi tomonidan ishlangan “Shaytanat” seriali ilk marta 1999-yil 15-fevralda efirga uzatilgandi. Ushbu serial yozuvchi Tohir Malikning shu nomdagi asari asosida suratga olingan.
Unda taniqli ijodkorlar Yodgor Saʼdiyev, Behzod Muhammadkarimov, Gulchehra Jamilova, Bahrom Matchonov, Poʻlat Saidqosimov, Xayrulla Saʼdiyev, Raʼno Shodiyeva, Karim Mirhodiyevlar rol ijro etgan.
Ushbu maqolada serial aktyorlari 27 yil ichida qanchalik oʻzgargani, ularning karyerasi qanday davom etgani haqida soʻz boradi.
Yodgor Sa’diyev
Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev 1998-yilda “Qalqon” kinostudiyasiga rahbar etib tayinlanadi va shu yildan “Shaytanat” serialining suratga olish ishlarini boshlaydi. Aktyor oʻsha vaqtda 52 yoshda boʻlgan. U loyihada asosiy qahramon hisoblanuvchi jinoiy toʻda yetakchisi Asadbek rolini ijro etgan.
Saʼdiyev 2020-yilda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov buyrugʻi bilan Oʻzbek milliy akademik drama teatri rahbari etib tayinlangan. U soʻnggi yillarda ushbu teatrda faol ijod qilib kelmoqda. Jumladan, teatr truppasi aprel oyida “Adolat fasli” nomli tomoshani muxlislar eʼtiboriga havola etdi. Unda Yodgor Saʼdiyev Amir Temur obrazini gavdalantirdi.
Xayrulla Saʼdiyev
Serialda Asadbekning eng yaqin sirdosh doʻsti Jalil obrazini gavdalantirgan aktyor Xayrulla Saʼdiyev ayni vaqtda 84 yoshda. U 1940-yili Toshkentda aktyor Habib Saʼdiyev oilasida tugʻilgan boʻlib, Yodgor Saʼdiyevning akasi hisoblanadi. Oʻz faoliyatini teatr sahnasidan boshlab, 1990-yilda SSSR xalq artisti unvoni bilan mukofotlangan. Shuningdek, 2005-yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Aktyor 2020-yilda Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisining maslahatchisi etib tayinlangan. Ushbu uyushmaga taniqli ijodkor Matyoqub Matchonov rahbarlik qiladi. Oʻshanda sanʼatkor “5-studiya” bilan ijodiy hamkorligini ham davom ettirishi maʼlum qilingandi. U kichik kinosevarlarning “Zumrasha” jurnali badiiy rahbari ham hisoblanadi.
Behzod Muhammadkarimov
Serialda qoʻshiqchi Elchin obrazini gavdalantirgan aktyor Behzod Muhammadkarimov Toshkent teatr va rassomlik sanʼat institutini tamomlagan. 1988-yildan buyon Oʻzbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritib kelmoqda. 2000-yil Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist unvoniga sazovor boʻlgan.
Afisha.uz 2024-yil boshida aktyor bilan katta intervyu eʼlon qilgandi. Unda sanʼatkor bugungi oʻzbek kinosi va teatridagi muammolar, Amir Temur va Elchin rollari, AQSHdagi hayoti, vaynerlar hamda boshqa mavzular haqida gapirib oʻtgan.
Gulchehra Jamilova
Oʻzbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova serialda Asadbekning ayoli Manzura rolini ijro etgan. Aktrisa Toshkentda, ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. Ota-onasi farmatsevtika sohasida faoliyat yuritishgan. Oilada uch qiz va bir oʻgʻil farzand boʻlishgan. U bolaligida aktrisa boʻlishni xayoliga ham keltirmaganini aytadi.
Jamilova 2023-yilda rejissyor Muzaffarxon Erkinov tomonidan suratga olingan “Abdulla Oripov” filmida shoirning rafiqasi Xanifa Mustafoyevaning keksalik davrini gavdalantirdi. Film Abduqayum Yoʻldoshev va Muqaddas Usmonova ssenariysi asosida tasvirga olingan boʻlib, bu jarayonda shoirning turmush oʻrtogʻi ham koʻmaklashgan.
Karim Mirhodiyev
Kino ixlosmandlariga “Charxpalak"dagi Egamqul obrazi bilan yaxshi tanish boʻlgan aktyor Karim Mirhodiyev “Shaytanat"da qorovul Mahmud rolini ijro etgan. Ijodkor 2001-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvonini olgan.
Aktyor soʻnggi vaqtlarda Zulfiqor Musoqov rejissyorligidagi “Umida” filmida suratga tushdi. Loyiha Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Oʻzbekfilm” kinokonserni tomonidan suratga olingan.
Mavzuga doir: “Charxpalagim charxpalak”: Karim Mirxodiyev rol ijro etgan eng yaxshi film va seriallar
Ahmad Berdimurodov
Aktyor Ahmad Berdimurodov serialda Asadbekning soqchisi Jamshid rolini oʻynagan. Uning tashqi koʻrinishi va xatti-harakatlari bu rolga juda mos tushgan deyish mumkin. U aktyorlikdan tashqari taekvondo bilan shugʻullangan va 2000-yilda taekvondo boʻyicha jahon chempioni boʻlgan.
U 2010-yilda AQSHga borib, Nyu-York kino akademiyasining rejissyorlik kurslarida tahsil olgan va “Oskar” mukofoti taqdimot marosimining maxsus 7 tansoqchilaridan biri boʻlgan. U hozirda AQSHning Kaliforniya shtati Los-Anjeles shahrida istiqomat qiladi.
Madina Muxtorova
Serialda shifokor Mardona rolini qoyilmaqom tarzda ijro etgan aktrisa Madina Muxtorova hozirda 61 yoshda. Muxtorova aktrisa sifatida koʻplab spektakl va oʻndan ortiq filmlarda ishtirok etgan, ellikka yaqin film va multfilmlarni dublyaj qilishda ham ishtirok etgan.
Aktrisa filmlarda koʻp rol oʻynamagan boʻlsada, tomoshabinlarga “Togʻli kuyov” filmidan yaxshi tanish. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoniga sazovor boʻlgan.
Raʼno Shodiyeva
Saraton bilan 2 yil davomida kurashib, unga yenggan aktrisa Raʼno Shodiyeva serialda Asadbekning qizi Zaynab obrazini gavdalantirgan. Oʻshanda aktrisa 19 yoshda boʻlgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist hozirda aktyorlik faoliyati bilan bir qatorda blogerlik bilan ham shugʻullanib kelmoqda. U Safia va Dena brendlarining rasmiy ambassadori hisoblanadi.
Farhod Abdullayev
Farhod Abdullayev serialdagi qimorboz Murodilla (Xumkalla) roli bilan teletomoshabinlar mehrini qozongandi. U bunga qadar Oʻzbek davlat drama teatri aktyori boʻlgan va bir nechta filmlarda epizod hamda ikkinchi darajali rollarni gavdalantirgan.
U hozirda teatrda aktyor va rejissyor, telekanallarda boshlovchi boʻlib faoliyat yuritadi. Sanʼatkorning eng oxirgi ijodiy ishlaridan biri 2024-yil oktyabr oyida premyerasi boʻlib oʻtgan “Pandemiya” filmi hisoblanadi.
Rejissyor Abu Tolib Adamqulov tomonidan ishlangan kartinada 2020-yili mamlakatdagi pandemiya davri qiyinchiliklari, virus bilan kurashda shifokorlarning matonati haqida hikoya qilinadi.
Erkin Komilov
“Shaytanat"ning ashaddiy muxlislari Kesakpolvon laqabini eshitishganda, gap Erkin Komilov haqida ketayotganini darhol tushunishadi. Aktyor serialda Asadbekning yordamchisi Haydar obrazini gavdalantirgan.
Komilov 2011-yilda “Mehnat shuhrati, 2016-yilda esa “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan. U ayni vaqtda Oʻzbek milliy akademik drama teatrida doimiy ravishda faoliyat olib boradi.
Tohir Saidov
“Koʻngil koʻchalari” serialidagi gadoy obrazi bilan teletomoshabinlar eʼtiboriga tushgan aktyor Tohir Saidov “Shaytanat"da Haydarning yordamchisi Halimjon rolini ijro etgan. Saidov sanʼat sohasidagi uzoq yillik faoliyati orqali 2005-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni bilan mukofotlangan.
Sanʼatkor soʻnggi yillarda bir qancha tarixiy film va seriallarda suratga tushdi. U 2024-yilda rejissyor Jahongir Ahmedovning “Bahodir Yalangtoʻsh” filmidagi roli uchun “Eng yaxshi erkak aktyor” nominatsiyasida “Oltin Humo” milliy mukofotini qoʻlga kiritdi.
Furqat Fayziyev
Jinoiy toʻdaning muhim aʼzosi Hosil boyvachcha obrazini gavdalantirgan aktyor Furqat Fayziyev ayni vaqtda Qozogʻistonning Olmaota shahrida istiqomat qiladi. U 2012-yilda ijodiy hamkorlik maqsadida qoʻshni mamlakatga borib, eski tanishi bilan oila qurgan va shu yerda yashab qolgan.
Fayziyev intervyularidan birida Hosilboy roliga undan avval aktyor Rustam Urazayev tasdiqlanganini maʼlum qilgan. Ammo suratga olish ishlari boshlanishidan bir kun oldin Urazayev xizmat safari bilan chet elga ketib qolganini sababli rol unga taklif qilinganini taʼkidlagan.
Abduhalil Mignorov
Oʻzbek kinosining zabardast vakillaridan biri, aktyor Abduhalil Mignorov serialda Hosilboyning yordamchisi Shomil rolini ijro etgan. Uni ham loyihaga Yodgor Saʼdiyev jalb qilgan. Aktyor 90 yillar oʻrtalarida kino sohasini tashlab, boshqa ishda ishlagan. “Shaytanat” sababli yana sanʼatga qaytgan.
Mignorov uzoq yillar davomida kino va televideniyeda rejissyorlik bilan shugʻullanib kelmoqda. U, shuningdek, teatrda ham faoliyat yuritadi. Jumladan, aktyor 2024-yilda “Diydor” teatr-studiyasida sahnalashtirilgan “Avtohalokat” spektaklida prokuror obrazini gavdalantirgan.
Jamshid Zokirov
Oʻzbek teatr va kino sanʼatining eng mashhur vakillaridan biri boʻlgan Jamshid Zokirov serialda vino zavodi muhandisi Sharif Namozov obrazini gavdalantirgan. Hayotining soʻnggi yillarida saraton kasalligi bilan kurash olib borgan aktyor 2012-yil 7-aprelida vafot etgan.
Gavhar Zokirova
Uning ayoli Gavhar Zokirova serialda ham Namozovning turmush oʻrtogʻi Nasiba rolini ijro etgan. Aktrisa 76 yoshda boʻlishiga qaramay hamon spektakl va seriallarda suratga tushadi. Uning eng sevimli hobbisi kitob mutolaa qilishdir. Qisqa fursatda katta kitobni ham mutolaa qiloladi.
Bahrom Matchonov
Serialdagi yorqin personajlardan biri tarixchi Anvar Sattorov rolini ijro etgan aktyor Bahrom Matchonov uzoq yillar davomida AQSHda yashadi. U 2019-yil boshlarida Oʻzbekistonga koʻchib keldi. Matchonov mamlakatdagi oʻzgarishlarni koʻrgach, vatanga qaytishga qaror qilgan.
“Men AQSHga 2002-yilda ketganman. Oʻshanda teatrimizda katta inqiroz boʻlgan. Oʻzbekistonda 2000-yildan keyin filmlar ishlab chiqarilishi keskin qisqargan. Oʻshanda AQSHga ketishimga toʻgʻri kelgan”, — deb taʼkidlagan aktyor intervyularidan birida.
Yoqub Ahmedov
“Shaytanat"da yana bir tarixchi olim Xolid domla rolini ijro etgan aktyor Yoqub Ahmedov hozir 87 yoshda. Uzoq vaqtdan beri muxlislariga koʻrinish bermagan aktyor yaqinda Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktyorlari ishtirokidagi yigʻinda qatnashdi.
Aktyorning eng soʻnggi ijod namunalari sifatida “Baron” filmining birinchi va ikkinchi qismlaridagi Izzatning otasi roli hamda “Mehmonxona” serialidagi rollari qayd etiladi. U soʻnggi yillarda ogʻir xastalik bilan kurashmoqda.
Raʼno Zokirova
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Zokirova serialda shifokor obrazida koʻrinish bergan. Ushbu rol aktrisa uchun mashhurlik ufqlarini ochishda yaqindan koʻmaklashgan. Aktrisa Zokirovlar sulolasi vakili emas va buni doimiy ravishda taʼkidlab keladi.
Sanʼatkor ayni vaqtda oʻgʻli Umid Zokirov va kelini Dilbar Zokirova bilan birgalikda Instagram uchun turli oilaviy videoroliklar suratga oladi. Taʼkidlash joiz, uning farzandi va kelini mashhur blogerlar hisoblanadi. Aktrisa esa ularning videolarida tez-tez koʻrinish beradi.
Matyoqub Matchonov
Giyohvand moddalar sotuvchi Kerim roli ijrochisi Matyoqub Matchonov hozirda Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi rahbari lavozimida faoliyat yuritadi. Jurnalistlar Matchonovdan nega rejissorlikka qoʻl urmaganligi haqida soʻrashganida rejissorlik qilishdan koʻra rol oʻynash u uchun zavqliroq ekanligini aytgan.
Ijodkor rejissyor Ilhom Muhammadibragimovning “Adolat” filmida bosh rolni ijro etdi. Film 2025-yil yanvar oyida premyera qilindi. Ushbu kartinada oʻz ishiga sadoqatli, insonlar hayotiga jonkuyarlik bilan yondashuvchan huquq-tartibot xodimlari haqida hikoya qilinadi.
Zuhra Ashurova
Serialda koʻplab taniqli aktrisalar ikkinchi darajali va epizodik rollarni ijro etgan. Jumladan, aktrisa Zuhra Ashurova prokuratura tergovchisi Zohid Sharipovning ayoli rolini oʻynagan. Oʻshanda sanʼatkor 37 yoshda boʻlgan.
Ashurova hozirda Oʻzbek milliy akademik drama teatrida doimiy asosda faoliyat olib boradi. 2000-yili Oʻzbekistonda Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist, 2016-yili esa Oʻzbekiston Xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan.
Rixsi Ibrohimova
Oʻzbek onasi deganda darhol aktrisa Rixsi Ibrohimova koʻz oldida gavdalanadigan avlod bor. Ular “Shaytanat"ning ham muxlisi hisoblanadi. Aktrisa bu serialda Asadbekning soqchisi Jamshidning onasi rolini ijro etgan. Sanʼatkor oxirgi yillarda mediada koʻp ham koʻrinish bermayapti.
U 1960—1970-yillarda Xalq deputatlari tuman kengashi deputati boʻlgan. Teatr ijodkorlari uyushmasi va uning badiiy kengashi aʼzosi, Kasaba uyushmasi boshqaruv kengashi aʼzosi, shahar xotin-qizlar, nuroniy jamgʻarmasi kengashining byuro aʼzosi sifatida ham faoliyat yuritgan.
Shohida Ismoilova
Serialda Jalilning ayoli rolini ijro etgan aktrisa Shohida Ismoilovani koʻpchilik “Qirq togʻoraning qirq nogʻorasi” serialidan yaxshi taniydi. Aktrisa 1999-yili “Andijon bahori” xalqaro teatrlar festivalida “Kunduzsiz kechalar” spektaklidagi Soliha roli uchun “Eng yaxshi ayol roli ijrochisi” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilgan.
Ismoilova 2010-yili Oʻzbek milliy akademik drama teatri qoshidagi “Tasanno” bolalar teatr studiyasini tashkil qilgan. 6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar ushbu studiyada mashgʻulot olib boradilar. Studiya faoliyati davomida “Qorboboni qutqaring”, “Shelkunchik”, “Bayram sarguzashtlari”, “Elchigul”, “Buratino” kabi asarlarni sahnalashtirgan.
Serial saundtreki Oʻzbekiston va Qozogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist Azim Mullaxonov tomonidan kuylangan. Xonanda intervyulardan birida serial suratga olinayotgan vaqtda Yodgor Saʼdiyev unga murojaat qilib, qoʻshiq matnini besh nafar qoʻshiqchgai berganini taʼkidlagan. Yakunda serial saundtreki uchun Mullaxonov ijrosi tanlab olingan.
Yakunda qayd etish kerak, serial 1999-yildagi taqiqdan beri oʻzbek telekanallarida qayta efirga uzatilmagan. Faqatgina 2018-yilga kelib, ushbu taqiq olib tashlanishi aytilgan. 2020-yil 23-martdan boshlab esa ZoʻrTV telekanalida namoyish qilindi. Serial 20 qismdan iborat boʻlib, uning yakunlovchi 21-qismi haqida aniq maʼlumot yoʻq.
