“Qovun oʻgʻrilari” yoxud bir tilim yengil komediya

E’lon qilingan sana· 169
“Qovun oʻgʻrilari” yoxud bir tilim yengil komediya

Milliy kino san’ati saroyida 15-aprel kuni rejissyor Umid Umarov tomonidan suratga olingan “Qovun o‘g‘rilari” filmining yopiq premyerasi boʻlib oʻtdi. Oʻzbek kinosiga yana bir komediya janridagi film qoʻshildi. Filmni oddiy hayot, beg‘ubor sarguzashtlar va yengil hazil uyg‘unlashgan asar deyish mumkin.

Afisha.uz muharriri ham yangi filmni tomosha qildi va quyida kinokartina haqida fikrlarini bildiradi.

Ko‘p hollarda shahar hayoti, sevgi-muhabbat yoki dramatik to‘qnashuvlarga asoslangan filmlardan farqli o‘laroq, bu film tomoshabinni qishloq manzaralari, mehnatkash insonlar va ularning ichki kechinmalari orqali hayotiy, kulgili, ammo mazmunli voqealarga e’tiborini tortadi.

Film voqealari — asosiy ikki qahramon atrofida aylanadi. Har biri o‘z muammosi bilan, uylanish orzusida, lekin yoshlik o‘tayotgani va moliyaviy qiyinchiliklar sabab rad etilayotgan yigit — Qilich (Oybek Teshaboyev), singlisining to‘yi uchun qarzga botgan yigit — Shohruh (Elmurod Haqnazarov). Ularning do‘stlari esa ikkinchi darajali personajlar boʻlib, qahramonlarning asosiy maqsadga yetishiga yordamlashadi.

Qahramonlarning har biri o‘z hayotiy dramasi va kulgili holatlari bilan syujetni boyitadi. Bu doʻstlarning birgalikdagi ishi — issiqxonalarda o‘simliklarga dori purkash boʻlib filmning boshlarida quyosh botayotgan manzarada toʻrtovlon doʻst oʻz uskunalari bilan yurib kelishadi bu oʻsha bolaligimizda tomosha qilgan “Arvoh izlovchilar” (“The Real Ghostbusters”) mutlserialini esga soladi.

“Biz parazitlarni yo‘q qilamiz!”, degan shior bilan boshlangan harakat, aslida, jamiyatdagi “parazit” odamlarga nisbatan ham teskari tahdidni anglatadi. Bu metafora film davomida muntazam tarzda ishlatiladi.

Hayotiy hazil va achchiq kulgu

Film qahramonlarining hayoti — sarkazm va yumorga boy tarzda tasvirlanadi. Umid Umarov obrazi orqali oddiy oilaning ichki muammolari yoritiladi: xotinining charchoq va noroziliklari, erkakning esa doimiylikka ko‘nikkan ammo zerikkan fe’l-atvori orqali hozirgi oilalardagi muammolar yumor vositasida ochib beriladi. Qilichning yana bir rad etilishi fonida yangraydigan Jaloliddin Ahmadaliyevning “Menda qolmadi dil” qo‘shig‘i esa voqeaga biroz achchiq kulgu qoʻshadi.

Shohruhning singlisi orqali esa toʻy mashmashalari ikkinchi tarafdan ham ochiladi. To‘yga tayyorgarlik, moliyaviy bosim, jamiyatdagi talablar — bularning barchasi komediya orqali yetkazilgan. Qahramonlar o‘zgaradi — voqealar chuqurlashadi.

Film yarmiga kelib, qahramonlar endi o‘zgarishni boshlaydi. Mashina oʻgrilari, mushtlashuv, pul mukofoti — hodisalar jadallashadi. Ammo bir muammo haliyam dolzarbligicha qoladi — Qilich uylanishi kerak!

Bu orada film qahramonlari jismonan kuchliroq boʻlish zarurligini va sogʻlom turmush tarzini boshlash haqida qaror qiladi — bularning barchasi “komediya” janri ostida berilgan ijtimoiy muammolar kabi ko‘rinadi.

Voqelar borgan sari qizgʻinlashib detektiv-yengil jangari epizodlarni keltirib chiqaradi. Film yakuni — umidlar ro‘yobga chiqadi Qahramonlar o‘z kuchlari bilan adolatni tiklaydi. Ular boshidan o‘tkazgan sarguzashtlar, do‘stlik va kurash orqali katta saboqlarga ega bo‘ladi. Har bir obraz o‘z hayotida muhim burilish yasaydi.

Film ijobiy yakun topadi — ammo tafsilotlar tomoshabinning o‘ziga qoldiriladi. Chunki “Qovun o‘g‘rilari” — bu faqat komediya emas, balki har birimizga tanish hayotiy vaziyatlarni samimiy tasvirlagan voqea hisoblanadi.

Xulosa

“Qovun o‘g‘rilari” — bu oddiy odamlar, ularning orzu-armonlari, kundalik kurashlari va insoniy samimiyligi haqida hikoya qiluvchi film. Qishloq hayotining yorqin tasviri, turfa qahramonlar orqali ifodalangan jamiyatdagi muammolar — barchasi yengil hazil, kulgu va yurakka yaqin kinoya orqali berilgan.

Filmdagi sahnalar voqelar uchun ideal tanlovdek tuyuladi uzumzordagi uchrashuv-u dalada slow motion haraktlar bilan yurib kelayotan 4 bahodir — bularning barchasi filmga poetik ruh beradi.

Har bir obraz orqali o‘zbek jamiyatidagi turli qirralar ochiladi: oila, mehnat, sog‘liq, moliyaviy muammolar, ayollar hayoti va erkaklar mas’uliyati. Qishloq manzaralari, jonli dialoglar, yengil hajv va sodiq qiziqarli syujet filmni tomosha qilishga arzishini anglatadi.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling