"Oramizdagilar": "Uyga qaytish" filmi rejissyori Dilshoda Qosimova bilan suhbat

18-mart kuni Asal Shodiyeva, Sitora Alimjonova hamda Feruza Yusupova bosh rollarni ijro etgan “Uyga qaytish” filmi premyera qilindi. Kinokartina ustida yosh rejissyor Dilshoda Qosimova ishlagan boʻlsa-da, filmni omadli chiqdi deyish mumkin.
Afisha.uz “Oramizdagilar” rukni doirasida Dilshoda Qosimova bilan suhbatlashdi. U kinoga qanday qiziqqani, “Uyga qaytish” filmining suratga olish jarayonlari qanday oʻtgani va kelajakdagi rejalari bilan oʻrtoqlashdi.
— “Uyga qaytish” filmini suratga olish gʻoyasi qanday kelgan?
— 2022-yil bir jurnalda amerikalik yozuvchi ayolning kichik bir hikoyasini oʻqiganman. U hikoyada uch qiz qahramon va boylik bilan bogʻliq syujet bor edi. Mana shu syujet menga juda yoqqan, qiziq tuyulgan va buning atrofida ssenariy oʻylab yurganman. Keyin esa “Uyga qaytish” deb nomlangan ssenariyni yozganman.
Oʻsha yili Kinematografiya agentligi tomonidan tanlov qilingan va unda boshqa ssenarist, rejissyorlar tomonidan 90 ga yaqin ssenariy topshirilgan. Bular ichidan 10 ga yaqin film qabul qilingan va ularning orasida “Uyga qaytish” ssenariysi ham bor edi. Ushbu tanlovda grant yutganmiz va filmni suratga olish boshlangan.
Tanlovning nizomida ssenariylarga nisbatan tomoshaviyligi yuqori boʻlgan, yosh avlodni oʻziga qarata oladigan, Oʻzbekistonning turli xil joylarida suratga olinadigan kabi talablar qoʻyilgandi. Filmning ssenariysi bu talablarga javob bergan va Firdavs Abduxoliqov tomonidan kinoni suratga olishga start berilgan.
— Kinoga ilk qiziqishingiz qachon boshlangan va sohaga qanday kirib kelgansiz?
— Kinoga qiziqishim institut yillaridan boshlangan. Buyuk rejissyor Shuhrat Abbasov qoʻlida drama rejissyorligi yoʻnalishi boʻyicha tahsil olganmiz. Aslida teatrda rejissyorlik qilishim kerak edi, lekin men hozirda ommaviy tadbirlarda va filmlarda rejissyorlik faoliyatini “Mahallada duv-duv gap 2” filmining ssenariysini yozish bilan band edi va jarayonni biz bilan ham baham koʻrardi. Uning bizga aytib beradigan tarixiy voqealari menda ilk qiziqishlarni uygʻotgan.
Shuhrat Abbasov birinchi badiiy filmini 30 yoshida olgan. Men ham 30 yoshimda filmimi chiqadi, deganman. Farishtalar omin degan ekan, 30 yoshimda “Ojiza” serialining namoyishi boʻlgan. Bundan juda ham xursand boʻlganman va inson doim maqsad qoʻyishi kerak, harakat qilishi kerak va chiroyli niyatlar bilan yashashi kerak ekanini tushunganman.
“Ojiza” seriali debyut ishim boʻlgani uchun qiyinchiliklarga boy boʻlgan. Biroq bu qiyinchiliklar tajribamning oshishiga katta yordam bergan. Bu serial oʻz davrida tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan va omadli loyihalardan biri boʻlgan.
— “Uyga qaytish"da yosh rejissyor uchun yulduz aktrisalar bilan ishlash qanchalik qiyin / oson boʻldi?
— Filmdagi uch qahramon rollarini ijro etgan aktrisalar Asal Shodiyeva, Sitora Alimjonova, Feruza Yusupovalar bilan ishlash juda ham qiyin boʻladi deb oʻylaganman. Suratga olish jarayonlari juda ham qiyin kechishini bilardim, sababi har xil joylarda viloyatlararo 15 kundan ziyodroq syomka ishlarini olib borishimiz kerak edi. Turli xil ob-havo, turli xil lokatsiyalar, turli xil sharoitda aktrisalarimizni oʻziga yarasha injiqliklari boʻladi deb oʻylaganman. Lekin notoʻgʻri oʻylagan ekanman. Lekin bu qizlardagi filmga, kinoga, san’atga boʻlgan muhabbati, fidoiyligi tahsinga loyiq. Sababi qiyin vaziyatlardan chiqishda mana shu aktrisalar yordamchi boʻlgan.
Suratga olish ishlari qiyin boʻlganiga qaramasdan qizlar ikkinchi qismini ham olishga tayyor edi. Yaxshi film chiqishi uchun har qanday qiyinchilikka tayyormiz, degan maqsadi bor edi bu aktrisalarning. Mana shu maqsadi, muhabbati va sadoqati uchun bu qizlarga premyerada ham minnatdorchilik bildirganman, hozir ham rahmat aytaman.
— Ilk ishlaringiz: “Urush hali tugamadi” qisqa-metrajli filmi haqida gapirsangiz.
— “Debyut-2021” tanlovida 100 ga yaqin yosh ijodkorlar tomonidan ssenariylar topshirilgan va ular ichida 15 ta loyiha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. “Urush hali tugamadi” ssenariysi ham shu gʻoliblardan biri edi. Ssenariy muallifi — Goʻzaloy Solih qizi. Shu opaning taklifi bilan men bu koʻrik tanlovda qatnashganman va bu davlat bilan hamkorlikdagi ilk katta ishim edi.
Biz birinchilardan boʻlib loyihaning syomka jarayonlarini tashkillashtirganmiz va suratga olib topshirganmiz. Ushbu filmning mavzusi “Mehr” operatsiyasi bilan bogʻliq. Oʻsha yillarda prezidentimiz tashabbusi bilan Suriyadan oʻzbek ayollari va bolalarini Vatanga qaytarish ishlari olib borilgan edi. Biz shundan ilhomlanganmiz.
Bu film juda ham muvaffaqiyatli boʻlgan. Sababi biz koʻrik tanlovda 4 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritganmiz. Filmning postanovkachi operatori “Eng yaxshi operator”, postanovkachi rassomi “Eng yaxshi rassom” nominatsiyalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, filmning oʻzi “Eng yaxshi gʻoya” boʻyicha uchinchi oʻrinni olib, 200 000 000 soʻm, “Eng yaxshi film” nominatsiyasida esa birinchi oʻrinni egallab, 500 000 000 soʻm, jami 700 000 000 soʻm yutganmiz.
— Seriallar suratga olish bilan ham shugʻullanar ekansiz. Hozir butun dunyoda qisqa seriallar modaga aylangan. Nima deb oʻylaysiz bu tendensiya Oʻzbekistonga ham kirib keladimi?
— Yuqorida aytib oʻtganimdek, ilk ishimni “Ojiza” serialini suratga olishdan boshlaganman. Bundan tashqari, bir nechta seriallarda rejissyorlik faoliyatini olib borganman. Lekin soʻnggi yillarda farzand tarbiyasi va oila bilan bogʻliq mas’uliyatli ishlarim ham bor. Seriallar sizni uzoq vaqtga band qilib qoʻyadi. Shu sababdan bu faoliyatimda biroz tanaffus e’lon qilganman. Hozirda badiiy filmlar, reklama va kliplar bilan bandman.
Har bir sohada yangilik boʻlgani kabi seriallarni suratga olishning ham yangi koʻrinishlari paydo boʻldi. Yanada hayotiyroq, yanada erkinroq, qisqa koʻrinishdagi seriallar bizgacha ham yetib keldi. Oʻzbekistondagi platformalar uchun ham bunday koʻrinishdagi seriallar suratga olinmoqda. Bunday seriallardan menga takliflar ham tushgan.
“Uyga qaytish” filmining suratga olish jarayonlari tugamagani sababli bu taklifni rad etishga majbur boʻlganman. Ammo men uchun bu yoʻnalishda ijod qilish qiziq.
Oʻzbekistonga bu yoʻnalish kirib kelgan, biroq juda ham kam kinostudiyalar bu yoʻnalishda faoliyat olib boryapti. Balki oʻzini oʻzi qoplamayotgani uchundir. Bilamizki, hamma narsa moliyaviy tomonga borib taqaladi. Agar moliyaviy tomonini qoplasagina, serial boʻladimi, film boʻladimi, uning rivojlanishi davom etadi.
Tashkiliy jarayonlaridan koʻp ham xabarim yoʻq. Balki seriallarni telekanallar sotib olganda oʻzini oʻzi qoplashi mumkin. Biroq telekanal formatiga javob bermayotgani sababli bu yoʻnalishdagi seriallar kam boʻlishi mumkin.
— Keyingi rejalaringiz qanday?
— Juda ham koʻp rejalarim bor. Ularning eng kattasi tarixiy filmda oʻzimni sinab koʻrish. “Tirik tarix” turkumi uchun bir loyiha topshirganman, mavzusi sir boʻlib qolsin. Agar shu loyihada gʻoliblikni qoʻlga kiritsam va menga ishonib topshirishsa, bor kuch-gʻayratimni ishga solib ishlamoqchiman.
Bundan tashqari, Kinematografiya agentligi tomonidan tanlov e’lon qilindi. Unda 300ga yaqin ssenariylar qatnashdi va 54 tasi qabul qilindi. Bular orasida bizning yana bir loyihamiz ishga tushish arafasida turipti. Janri — drama. Oʻylaymanki, tomoshabinlarga manzur boʻladigan film suratga olamiz.
— Har bir odam koʻrishi shart boʻlgan eng yaxshi uchta oʻzbek filmi qaysi?
— Har bir odam koʻrishi shart boʻlgan uchta filmni aytolmayman. Chunki har bir odam oʻzining dunyo qarashidan kelib chiqqan holda film tomosha qiladi. Har bir odamda oʻz qarashlari va “вкус” boʻladi. Men oʻzim maza qilib koʻrgan uchta film haqida aytishim mumkin.
Birinchisi — “Sen yetim emassan”, ikkinchisi — “Mahallada duv-duv gap”, uchinchisi — “Sariq devni minib”, Sarvar Karimov filmi. Mana shu uchta filmni har safar qayta-qayta, mazza qilib, boshidan oxirigacha koʻraman.
Ma’lumot uchun, “Uyga qaytish” va Milliy kino san’ati saroyida namoyish etiladigan boshqa filmlar uchun chiptalarni Afisha.uz saytida xarid qilish mumkin.
