Umid bagʻishlovchi kino: Zulfiqor Musoqovning yangi "Umida" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 231
Umid bagʻishlovchi kino: Zulfiqor Musoqovning yangi "Umida" filmiga taqriz

Milliy kino san’ati saroyida 8-aprel kuni rejissyor Zulfiqor Musoqovning yangi “Umida (Fudziyama haqida tush)” filmining katta premyerasi boʻlib oʻtdi. Oʻzbek kinosi maestrosi hisoblanadigan rejissyorning barcha filmlari premyerasi muxlislar tomonidan bayramdek qabul qilinadi.

Afisha.uz muharriri ham yangi filmni tomosha qildi va quyida kinokartina haqida fikrlarini bildiradi.

Ehtiyot boʻling, spoyler bor.

Kinokartina Yaponiyadagi Fudziyama togʻiga oyoq kiyimsiz chiqib ketayotgan ayol tasviri bilan boshlanadi. Ammo bu Oʻzbekistonda yashaydigan psixolog Umidaning tushi boʻlib chiqadi. U oʻz tushlarida bir necha bor Fudziyama togʻini koʻradi. Umida — film bosh qahramoni boʻlib, u ishlaydigan klinikaning nomi ham “Umida”.

Umidaning eri tergovchi sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, ularning qizi bor. Umida filmning asosiy qahramoni boʻlsa-da, koʻplab boshqa qahramonlar bor va ularning syujet liniyasi psixologning atrofida aylanadi.

Film nomi va bosh qahramon ismining Umida boʻlishiga sabab kinokartinada psixolog qabuliga kelgan barchaning muammolarini tinglab, ularga umid ulashadi. Bosh qahramon rolini Feruza Saidova ajoyib tarzda gavdalantirgan.

Umuman olganda, Zulfiqor Musoqov filmda oʻzining sevimli aktyor va aktrisalarini birlashtirganini koʻrish mumkin. Har xil loyihalarda rejissyor bilan birga ishlashga ulgurgan Bobur Yoʻldoshev, Fotima Rejametova, Ra’no Shodiyeva, Karim Mirxodiyev, Otabek Musayev, Nigora Karimboyeva, Udaydullo Omon, Xayrulla Sa’diyev kabi aktyor va aktrisalar “Umida” kinosida ham katta yoki kichik rollarni ijro etgan.

Bundan tashqari, bir qator yosh aktyor va aktrisalar ham oʻzbek kinosi metriga aylangan rejissyorning filmida oʻzini koʻrsatgan. Jumladan, Mahliyo Asqaraliyeva oʻz plankasini tushirmagan boʻlsa, bosh qahramonning qizi ham oʻz rolini maromiga yetkazgan. Zulfiqor Musoqov filmlarida koʻrishga oʻrganib qolganimiz, gʻamga botgan personajlar orasida uning pozitivga boy “jonli” qahramon ekanini sezish mumkin.

Filmda ikkinchi darajali syujet liniyasi Mahliyo Asqaraliyevaga tegishli. U davlat ishida ishlaydi, ammo boshligʻi tomonidan harrasmentga uchrayotgani uchun qiynaladi. Onasining kasalligi tufayli ishdan ham ketolmaydi. Shu oʻrinda rejissyor kinokartinada bir qator aktual muammolarga “teginib” oʻtganini sezish mumkin. Masalan, psixolog qabuliga kelgan odam azartga asoslangan oʻyinlarga bogʻlanib qolganidan shikoyat qiladi. Shuningdek, dialoglar orasida “odam oʻldirganga 5 yil qamoq, mashina oʻgʻrilagan odamga esa 15 yil” jumlasini ham eshitish mumkin.

Filmda tugun aynan Mahliyo Asqaraliyeva personajida mavjud va uni yechishda syujet boʻyicha qizning otasi rolini oʻynagan Karim Mirxodiyev yordamga keladi. Biroq mana shu yerda koʻplab savollar tugʻiladi va personajlar oʻrtasidagi mantiqiy bogʻlanish kamroq ekanini sezish mumkin.

Zulfiqor Musoqovning uslubiga aylangan yirik planlarni bu kinokartinada ham uchratish mumkin. Ayniqsa emotsiyalarni koʻrsatish uchun moʻljallangan ushbu uslub ajoyib aktyor va aktrisalar ijrosida yanada yaxshiroq effekt beradi.

Filmga komediya elementlarini qoʻshishga qattiq harakat qilingani seziladi. Biroq Zulfiqor Musoqovga xos boʻlgan yumor ancha eskirgani yaqqol koʻzga tashlanadi. Tana harakatlari orqali kuldirish 2000-yillarda 16−17 yoshlik oʻsmirlar haqidagi filmlarda ish bergan, biroz hozirda katta yoshli odamlarning bu harakatlari tomoshabinni kuldirmaydi, balki noqulay holatga solib qoʻyadi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, rejissyor Zulfiqor Musoqov qachonlardir ideal film ishlash formulasini topgan va u asosida yaxshi kinokartinalar ishlagan. Biroq yillar davomida hamma narsa, xususan, musiqalar, tendensiyalar, fikrlar, moda oʻzgarib ketgan. Shu sababdan ancha avvalgi usullar bilan film ishlash uni yana bir bor omadli chiqishini ta’minlay olmaydi. Shunga qaramasdan oʻzbek kinosi yana bir yaxshi film bilan boyiganini ta’kidlash lozim.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling