Qahramon rollari bilan yulduz boʻlgan va hozirda kasallik bilan kurashayotgan Bryus Uillis haqida

Kino muxlislari orasida Bryus Uillis haqida “Agar u „Titanik“ filmida rol oʻynaganda, hammani qutqarib qolgan boʻlardi”, degan latifa bor. Mart oyida 70 yoshga toʻlgan aktyor norasmiy faoliyati davomida norasmiy “Bryus Uillis” janrini yaratgan deyish mumkin. Uillis ishtirokidagi filmlar haligacha tomosha qilinadi, “Die Hard” yoki “Pulp Fiction” kinematografiya klassikasiga aylanishga ulgurgan.
Afisha.uz quyida kasallik tufayli aktyorlik faoliyatini yakunlagan Bryus Uillisning hayoti va karyerasi haqida soʻz yuritadi.
Maktabdagi ustozlari taklifi bilan spektakllarda rol oʻynashni boshlagan aktyor “Monkler” kollejida ushbu sohaning sir-sinoatlarini oʻrganishni boshlaydi.
“Kollejda ikkita ajoyib o‘qituvchi bor edi, ular Nyu-Yorkdan rejissyorlarni spektakl qo‘yishga taklif qilardi. Men „Kakku uyasi uzra parvoz“ spektaklida rol o‘ynadim va shundan soʻng professional aktyor boʻlish qaroriga keldim. Va hech qachon ortga qaramadim, boshqa ish bilan shug‘ullanish haqida o‘ylamadim”.
Uillis bir qarorga kelgach, o‘qishni oxiriga yetkazmasdan kollejni tashlab, 22 yoshida Nyu-Yorkni zabt etish uchun yo‘lga chiqadi. Biroq aktyor avvaliga eng koʻpida 300 kishi tashrif buyuradigan brodvey spektakllarida rol oʻynash bilan shugʻullanadi.
Rejissyor Syuzan Seydelman Uillisni “Desperately Seeking Susan” filmidagi Deza roliga taklif qiladi. Agar mana shu taklif boʻlmaganda aktyorning faoliyati umuman boshqacha boʻlishi Uillis mashhurlik choʻqqisiga ham chiqa olmasligi mumkin edi. Biroq Bryus film kastingdan o‘ta olmaydi. 1980-yillarning boshida Nyu-York porlashda davom etardi, ammo hafsalasi pir bo‘lgan Bryus Uillis Los-Anjelesga borishga qaror qiladi.
Bryus Uillisga haqiqiy omad 1984-yilda “Moonlighting” (1985−1989) serialida bosh rolga tayinlanganida keladi. Kartina rejissyori Glenn Gordon Keronga aktyorning “dadilligi va xarizmasi” yoqib qoladi. Bryusning ijro etgan rol tanqidchilar tomonidan yuqori baholandi. Shuningdek, u ushbu roli uchun “Emmi” va “Oltin globus” mukofotlarini qo‘lga kiritadi.
U keng jamoatchilikka jangari filmlar va kriminal dramalar aktyori sifatida taniladi. Uning “Die Hard” (1988) filmida ijro etgan roli olamshumul shuhrat keltiradi. Dastlab rolga Arnold Shvartsenegger, Silvestr Stallone, Xarrison Ford va Richard Gir taklif qilingan, ammo aktyorlar boshqa loyihalar bilan band bo‘lgan va ishtirok eta olmagan. Uillisning qahramoni Jon Makkleyn tomoshabinlarga shunchalik yoqib qolganki, kinokartinaning davomi “Die Hard 2” (1990), “Die Hard 3” (1995), “Kuchli yong‘oq 4.0” (2007) va “A Good Day to Die Hard” (2013) ham suratga olinadi.
“Menimcha, Jon Makkleynni superqahramon bo‘lmagani uchun yaxshi ko‘rishadi. Unda hech qanday maxsus qobiliyat yoki tabiiy kuch yo‘q. Ekstremal vaziyatlarga tushib qolib, shunchaki kurashishga majbur ekanini tushunadigan oddiy dehqon, aks holda u va yaqinlari juda yomon ahvolga tushadi. Shuning uchun tomoshabinlar o‘zlarini uning o‘rniga qo‘yib koʻrishda qiynalmaydi”, — degandi Uillis.
Aktyor Kventin Tarantinoning “Pulp Fiction” (1994) va Lyuk Bessonning “Fifth Element” (1997) kabi mashhur filmlarda rol o‘ynagan. Lyuk Bessonning loyihasida qatnashish uchun u o‘z gonorarini sezilarli darajada kamaytirishga ham rozi bo‘lgan.
Bryus Uillis “Pulp Fiction” kinokartinasiga qadar bir qator omadsiz loyihalarda qatnashadi. Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng, Uillisga baxtli tasodif yordam beradi. Xarvi Keytel Bryusni Kventin Tarantino bilan tanishtiradi. Uillis “Pulp Fiction” ssenariysini o‘qib chiqqach, unga juda qiziqib qoladi va rejissyordan Vinsent Vega rolini so‘ray boshlaydi.
Ammo Tarantinoning o‘z qarashlari bor edi. U Uillisni bokschi Butch rolini o‘ynashini xohlagan. Chunki rejissyor unda 1950-yillar aktyorlarining nigohini koʻra olgan.
Qahramonlar qiyofasi unga juda ham mos tushishiga qaramay, Bryus o‘zini undan chetga olib, ko‘proq eksperimentlar qilishga intilardi.
Xilma-xil amplualarni sinab koʻrish va qahramon obrazidan qochish uchun Uillis g‘ayrioddiy film rol o‘ynashni xohlardi. Buning uchun 1995-yilda Terri Gilliamning “12 Monkeys” fantastik filmi ideal variant bo‘lib chiqadi. Shundan soʻng ham aktyor bir qator fimlarda qahramonlar obrazlarini gavdalantirgan.
2022-yilning bahorida aktyor demensiya (xotira, nutq, fikrlash va kundalik faoliyat qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan kasallik) rivojlanishi tufayli filmlarda suratga tushishni to‘xtatdi.
Aktyor 1989-yilda Demi Mur bilan turmush quradi. Ular 2000-yilgacha birga hayot kechiradi. Hozirda aktrisa Bryusning holatidan xabar olib turadi.
Bryus Uillisning hozirgi oilasiga ham ruhiy jihatdan ogʻir boʻlsa-da, unga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilmoqda.
