"Parazitlar" rejissyoridan kosmik kembek –  "Mikki 17" rekord oʻrnatmoqda

E’lon qilingan sana· 381
"Parazitlar" rejissyoridan kosmik kembek –  "Mikki 17" rekord oʻrnatmoqda

Xalqaro prokatda “Mikki 17” filmi namoyish etilmoqda — u “Parazitlar” filmi bilan butun dunyo ekranlarini zabt etgan, Oskar sohibiga aylangan rejissyor Bon Jun Xoning yangi kartinasi. Film asosida yozuvchi Edvard Eshton tomonidan yozilgan “Mikki 7” romani yotadi. “Mikki-17"ning jahon premyerasi 2025-yil 15-fevralda Berlin kinofestivalida boʻlib oʻtgan va u ijobiy fikrlarga sazovor boʻlmoqda. IMDb saytida filmning bahosi 10 balldan 7,4 ni tashkil qiladi.

Unchalik uzoq boʻlmagan kelajak. Dunyo keskin oʻzgarmagan, biroq insoniyat Homo sapiens’larning nusxalarini chop etishni oʻrgangan va hatto boshqa sayyoralarni koloniya qilishni boshlagan. Yerda inson nusxalarini yaratish texnologiyasi huquqiy va diniy tortishuvlarga sabab boʻlgani uchun taqiqlangan, ammo kosmosni oʻzlashtirish uchun esa oʻta zarur deb topilgan. Axir kimdir hayot uchun xavfli missiyalarni bajarib, sivilizatsiyaga yangi chegaralarni oʻzlashtirishda yordam berishi kerak-ku. Ularning ongi va xotirasi gʻishtga oʻxshash qurilmaga yoziladi, tanasi esa zarurat tugʻilganda 20 soat ichida qaytadan ishlab chiqiladi.

Aynan shunday vakansiyaga qashshoq Mikki Barns (Robert Pattinson) daʼvogarlik qiladi. Ekspeditsiyaga rahbarlik qilayotgan konservativ siyosatchi Kennet Marshall (Mark Ruffalo) ekipajga shuhrat vaʼda qiladi, lekin bu yoʻlda asosiy azobni aynan Mikki tortadi: u kosmik radiatsiya, nomaʼlum viruslar va baxtsiz hodisalar oqibatida doim oʻladi va qayta yasaladi. Toʻrt yil ichida u 16 marta oʻlgandan soʻng 17 nusxasi kutilmaganda omon qoladi. Ammo uni oʻldi hisoblab, 18 nusxasini yaratib boʻlishgandi. Qoidaga koʻra, ikkita nusxa bir paytda yashashi mumkin emas, ikkovi ham qayta tiklanmay oʻldirilishi lozim. Ular oʻladimi, qoladimi, eng qiziq joyida esa spoyler qilmaymiz.

Filmdagi qahramonlar orasida siyosatchilar, olimlar, taom shinavandalari, mustamlakachilar va banditlar oʻrtasida oʻxshashliklarni koʻrish mumkin. Ular maqsadga yetish uchun qancha qurbon boʻlishi muhim emas deb hisoblaydiganlar: bu ilmiy kashfiyotlar boʻladimi, yangi hududlarmi, cheksiz hokimiyat, olamdagi eng yaxshi sous yoki shunchaki sadistik lazzatmi, farqsiz. Bu karikaturalar, mexanizmlar va obrazlarning koʻpchiligini janubiy koreyalik rejissyor avvalgi filmlarida ham sinovdan oʻtkazgan. №17 va №18 oʻrtasidagi toʻqnashuvda Dostoyevskiy asarini eslatuvchi motivlar seziladi. “Yirik qoʻngʻizlar” bilan jang — Amerika qitʼasining asl aholisini yoʻq qilishga ishora qiladi.

Janubiy Koreyalik rejissyor haqda shuni aytish kerakki, u bu baxtsiz dunyoga optimizm bilan qaraydi. U tarix yuki va sivilizatsiyaning toʻliq ekspluatatsion tabiati — bu hukm emas, deb ishonadi. Qanday qilib Mikkilar bir-biriga taʼsir koʻrsata olishsa, insoniyat ham hamdardlik va uygʻunlikni namoyon qila oladi — chunki tuygʻular klonlar va “yirik qoʻngʻiz"larda ham bor. Rejissyor iqtisodiy tizim insonlar oʻrtasidagi munosabatlarni qanday shakllantirishini va jamiyatdagi eng past pogʻonalarda turganlarni qanday qadrsizlantirishini oʻrganadi. U bu holatga qarshi isyon sifatida insonlarning gʻalati va ahmoqona xulq-atvorini koʻrsatadi — aynan shu xislatlar odamlarni his-tuygʻusiz robotlarga aylanib ketishdan saqlab qoladi.

Robert Pattinsonning ikki roldagi ijrosini tanqidchilar aktyor karyerasidagi eng yaxshi performans deb atagan. Mikki 17 va Mikki 18 butunlay turlicha xarakterlarga ega: birinchisi — yumshoqtabiat va tartibli, ikkinchisi — ancha jasur va betgachopar. Ular orasidagi dinamikasiz film oʻz taʼsirini yoʻqotgan boʻlar edi. Patinsonning qahramoni qadimgi yunon mifologiyasidagi Prometeyga oʻxshab, oliy maqsadlarga intiladi, biroq bu harakatlari fojiali oqibatlarga olib keladi. Shunga qaramay, aynan shu qahramon filmdagi asosiy oʻrinni egallab, unga hissiy kuch bagʻishlaydi.

Mark Ruffaloning qahramoni tashqi koʻrinishi va muomalalari bilan Donald Trampni eslatadi — u hukmron, aldoqchi va provokator shaxsni ifodalaydi. Biroq bu obraz aniq bir siyosiy shaxs bilan cheklanib qolmaydi, balki hokimiyat va uning suiisteʼmol qilinishi kabi kengroq muammoni anglatadi. Uning sous ishqibozi boʻlgan rafiqasi esa elitaning oddiy xalq hayotidan qanchalik uzoqlashganini yorqin namoyon qiladi. Filmdagi yana bir muhim personaj — operativ xodim Nash rolini britan aktrisasi Naomi Aki ijro etdi. U Mikkiga missiya boshidayoq muhabbat qoʻyib, unga film davomida doimiy yordam beradigan yagona shaxsga aylanadi. U Mikkining har bir versiyasini bir xil muhabbat bilan sevadi va bu orqali oʻzining eng yaxshi jihatlarini ham kashf etadi.

Ayrim tanqidchilar fikriga koʻra, filmning asosiy kamchiligi — syujeti juda murakkab, shu bois koʻp muhim savollarga javob berilmay qolgan. Shuningdek, personajlar ustidan doimiy kulgu va shafqatsiz oʻlim sahnalari tomoshabinni filmning gumanistik gʻoyalaridan chetlashtiradi. Yutuqlariga kelsak, bu film — qalbga yaqin, iliq, taʼsirli, satira va falsafa bilan toʻldirilgan esse-kino. Unda oddiy inson tuygʻulari, muammolarning ildizlarini izlash, bolalikdagi alamli xotiralar, xiyonatkor doʻstlar va boʻysunuvchan insonning fojiasi haqida soʻz boradi.

Va eng asosiy savol — ruh haqida. Ruh har bir insonda boʻlishi kerak. Agar bir odamning bir nechta nusxasi boʻlsa, demak, ulardan kimdadir ruh yoʻq. Ruhning yoʻqligi insonning oʻzi uchun ham, jamiyat uchun ham qay darajada halokatli boʻlishi mumkin? Film oʻz hayotimizga nisbatan koʻzgu vazifasini oʻtaydi: inson kim? Unga “oʻzlik” qayerdan beriladi? Qayta-qayta yaratilayotgan, xotiralari toʻliq saqlanmaydigan bir mavjudot oʻzini qanday inson deb his qilishi mumkin?

Bu film soʻnggi yillarda suratga olingan eng qiziqarli antiutopiyalardan biri. Film faqatgina texnologiya va kelajak haqida emas. U bizning bugungi hayotimiz, kimligimizni qanday belgilaymiz, tizim ichida oʻzligimizni saqlash mumkinmi, degan savollar bilan toʻlib-toshgan. Maʼlumki, “Mikki-7” romani chiqqandan bir yil oʻtib muallif Edvard Eshton uning davomini yozgan. Ammo ushbu roman asosida rejissyor filmning davomini suratga oladimi yoki yoʻq — hozircha nomaʼlum.

Nodirabegim Ibrohimova
Muallif
Nodirabegim Ibrohimova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling