Yil seriali deya atalayotgan "Oʻtish davri" (Adolescence) haqida

E’lon qilingan sana· 599
Yil seriali deya atalayotgan "Oʻtish davri" (Adolescence) haqida

Netflix platformasida 13-mart kuni “Oʻtish davri” (“Adolescence”) mini-seriali premyera qilindi. Film targʻibotiga katta e’tibor berilmagan va har xil reklamalar qilinmagan, yulduz aktyor va aktrisalar rol oʻynamagan boʻlsa-da, tomoshabinlar uni yil seriali deya atamoqda. Afisha.uz toʻrt qismdan iborat serialning qanday qilib mashhurlikka erishgani haqida ma’lumot beradi.

Serial nima haqida?

“O‘tish davri” (“Adolescence”) — oʻz sinfdoshini o‘ldirishda ayblangan 13 yoshli o‘smir bola haqidagi kriminal drama. Uning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, to‘rtta qism ham montaj “склейка"larisiz bitta dublda suratga olingan.

Voqealar uncha katta bo‘lmagan Britaniya shaharchasida boʻlib oʻtadi. Tinch va osoyishta tonglarning birida ikki politsiyachi Lyuk Baskomb va Misha Frank tezkor guruh bilan birgalikda Millerlar oilasining uyiga bostirib kiradi. Politsiya 13 yoshli Jeymini bir kun oldin yetti marta pichoqlangan sinfdoshi Ketini o‘ldirganlikda gumon qiladi.

Oila dahshatga tushadi, otasi Eddi politsiyachilarni to‘xtatishga urinishi muvaffaqiyatsiz boʻladi. U o‘g‘lining aybsizligiga qat’iy ishonadi, toki jinoyat sodir bo‘lgan joydan olingan videoni ko‘rmaguncha.

To‘rt qism davomida politsiyachilar, bolalar psixologi va Jeymining oilasi qanday qilib oddiy o‘smir qotillik sodir etishi mumkinligini tushunishga harakat qiladi. Bunga nimalar yoki kimlar aybdor: bulling, tajovuzkor radikal kontent, oilasi yoki bolaning o‘zi?

Nima uchun koʻrish kerak?

“O‘tish davri” seriali haqida hamma gapirmoqda. Uning bor-yo‘g‘i to‘rt qismdan iborat ekani va tomosha qilish uchun koʻp vaqt talab etilmasligi koʻrish imkoniyatini yanada oshiradi. Bunday keng ko‘lamli muvaffaqiyatning muhim tarkibiy qismi shundaki, serial bir vaqtda ikkita janrni oʻzida mujassam qiladi.

Birinchidan, bu Devid Linchning qoʻrqinchli uslubiga oʻxshash shaklda olingan serial. Ikkinchidan, esa an’anaviy detektiv janrini koʻrishimiz mumkin. Bolani politsiya mahkamasiga olib kelish jarayoni ham, so‘roq qilish ham, dalillarni to‘plash ham, sudgacha bo‘lgan jarayon ham, jamoatchilikning munosabati ham hujjatli filmlar shukuhini beradi.

Shuning uchun beixtiyor ekrandagi izquvarlar bilan birga aslida kim aybdorligini va qandaydir muhim ma’lumot e’tibordan chetda qolmaganini taxmin qila boshlaysiz. Shu ma’noda, bu yaxshi detektiv, chunki tomoshabindan hech qanday ma’lumot yashirilmaydi.

Toʻrt qismning har birida voqeaga atrofdagi odamlarning munosabati qanday boʻlgani haqida soʻz boradi. Birinchi qismda bolaning otasi, ikkinchi qismda uning maktabdoshlari va detektivlar, uchinchi qismda bolalar psixologi, toʻrtinchi qismda esa bolaning oilasi voqeaga oʻzining reaksiyasini bildiradi. Ta’kidlash joizki, serialda barcha aktyor va aktrisalar oʻz rollarini maromiga yetkazib oʻynagan. Ijtimoiy tarmoqlarda bosh rolni ijro etgan Ouen Kuperni Emmi mukofotiga asosiy davogarlardan biri, deb atashmoqda.

Hammasiga nima sabab boʻladi?

Tergov davomida zo‘ravonlik, bulling va internetdagi-bezorilik hukmron bo‘lgan Britaniya o‘rta maktabining shafqatsiz muhitiga sho‘ng‘ib ketadi. Bu shunchalik murakkab jarayonki, hatto kattalardan hech biri bunga qarshilik koʻrsata olmaydi.

Serial yaratuvchilari oʻziga ishonchi kam boʻlgan va doʻstlari orasida yetarlicha e’tibor koʻrmaydigan o‘smirlar ota-onalarining muhabbatiga qaramay, qanday qilib toksik maskulinlik, erkaklar huquqlari, ayollarga nafrat va resentimentni tajovuzkorona targ‘ib qiluvchi internet segmenti qurboniga aylanishini o‘rganadi.

Bu serial qotillik haqida emas, balki bu qotillik sodir etilishiga nimalar sabab boʻlganini koʻrsatmoqchi boʻladi. Serial hech qanday intrigani oʻzida saqlamaydi va bosh qahramonning motivatsiyani oʻrganadi.

Stiven Grem ushbu serial uchun ssenariyni yozishiga Britaniyada so‘nggi besh yil ichida sodir bo‘lgan dahshatli jinoyatlar turtki bo‘lgan. “Bu menga juda og‘ir botdi. Men shunchaki, nima bo‘lyapti o‘zi, qanday qilib bu darajaga yetib keldik, jamiyatimizga nima bo‘lyapti, kabi savollarga javob izlashga harakat qildim”, — deydi bosh qahramonning otasi rolini oʻynagan va serail ssenariysini yozgan Stiven Grem.

Xulosa

“O‘tish davri” ancha murakkab tuzilgan va g‘amgin serial hisoblanadi. Ekranda bir tomchi ham qon bo‘lmasa-da, barcha shafqatsizlik kadr ortida qoladi, to‘g‘rirog‘i. Mualliflar yuqoridagi savollarni kimnidir ayblash uchun emas, balki javob olish uchun berayotgani seziladi.

Serial oxirida esa zo‘ravonlik va konspirologiyaning tarqalishini to‘xtatishning iloji yo‘qligi alam bilan tan olinadi. Toʻrtinchi qism oʻgʻli bilan kam gaplashgani uchun o‘zini ayblayotgan otaning ko‘z yoshlari orqali yakunlanadi. Bu og‘riqni his qilmaslik mumkin emas va shu sababdan ham serial nafaqat muhim ijtimoiy bayonot, balki shafqatsiz dunyoda hamdardlik bagʻishlovchi terapevtik seans hamdir.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling