Katta pul yoki xotirjamlik?: "Uyga qaytish" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 825
Katta pul yoki xotirjamlik?: "Uyga qaytish" filmiga taqriz

Milliy kino san’ati saroyida 18-mart kuni rejissyor Dilshoda Qosimova tomonidan suratga olingan “Uyga qaytish” filmining premyerasi boshlandi. Kinokartina Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan.

Afisha.uz muharriri yangi filmni tomosha qildi va quyida kinokartina haqida fikrlarini bildiradi.

Ehtiyot boʻling, spoyler ham bor.

Film syujeti

Film voqealari Xorazmdan Toshkentga yoʻlga chiqqan uch qiz haqida hikoya qiladi. Ularning hammasi muhim ish bilan poytaxtga yoʻl olgan vaqtda aviareys qoldiriladi. Shunga qaramay ular taksoparkdan mashina buyurtma qiladi va yoʻlga tushadi.

Qahramonlar yoʻl davomida turli sarguzashtlarga duch keladi.

Qahramonlar oʻzgarishi

Jahon kinematografiyasida ayollar filmlarning bosh qahramoniga aylanishi modaga aylanganiga ancha boʻldi. Soʻnggi bir necha yilda bu tendensiya oʻzbek kinosida ham kuzatilmoqda. Toʻgʻri, avval ham ayol kishi haqida filmlar ishlangan, biroq ular doim kuchsiz, qiynalgan ayol obrazida tasvirlangan. “Oʻzbek qizi” filmi bilan esa moda oʻzgardi deyish mumkin.

“Uyga qaytish” filmida ham asosiy qahramonlar qizlar hisoblanadi. Filmning eng katta yutuqlaridan biri bunda hech qanday sun’iylik sezilmasligida. Albatta, bunda aktrisalar Asal Shodiyeva, Sitora Alimjonova va Feruza Yusupovalarning oʻrni katta. Ular oʻz rollarini juda tabiiy ijro etgan.

Bundan tashqari, ssenariy muallifi ham asosiy qahramonlarning “pasport"ini juda toʻgʻri yaratgan. Ularning hammasida tugun-muammo mavjud va qizlar bu muammolarni yechish uchun harakat qiladi. Bekgraund sahnalar orqali bosh qahramonlarning xarakterlarini yanada koʻproq ochib beriladi.

Shuningdek, pulni oʻzida saqlab qolishni xohlayotgan qahramon ham, egasiga qaytarish istagida boʻlgan personaj ham oʻz motivlarini toʻgʻri koʻrsatib bera oladi. Yakunda esa “happy end” yuz beradi va ular oʻz yoʻlini topadi.

Ishoralar va belgilar

Road-movie janrida olingan film Xorazm vaybi bilan boshlanadi. Tirbandlikda turgan mashinalardagi odamlar mashinada tushadi va lazgiga raqsga tushishni boshlaydi. Bu Damien Shazelning mashhur “La La Lend” filmining dastlabki kadrlarini eslatib yuboradi. Kino muxlislarida bu yoqimli hislarni qoldiradi.

Shuningdek, Xorazmdan yoʻlga chiqqan mashina cheksiz sahrolar orasidan yurib borar ekan Gollivudning klassik filmlarida uchraydigan vestern janri elementlari ham seziladi. Yana bir quvonarli tarafi kinoda reklamalarni yashirishga harakat qilingan.

Kinokartinada ba’zi ikkinchi darajali rollar ham yaxshi ijro etilgan. Masalan, taksoparkning qorovuli va uning xoʻjayini rollarini ma’romiga yetkazgan. Biroq bu filmga yarashmagan rollar ham mavjud. Ammo bu haqda keyinroq.

Filmda yana bir yoqimli komeo mavjud boʻlib, uni film soʻngida titrlardan keyingi sahnada koʻrish mumkin.

Instagram fenomeni

Oʻzbek kinosi reallikka, real hayotga yaqinlashayotgani tomoshabinni xursand qiladi. “Uyga qaytish” filmida bu Instagram orqali koʻrinadi. Filmda hamma Instagram ishlatadi. Jumladan, bosh qahramonlarning biri Instagramda mashhur boʻladi, dushmanlari esa uni aynan Instagram orqali qidiradi.

Ikkinchi darajali qahramonlar ham istalgan paytda telefonini chiqaradi va Instagram uchun video olishni boshlaydi, trendlarni kuzatib boradi. Bu hozirgi hayotni, odamlarni akslantiradi.

Biroq buning salbiy tomoni ham mavjud. Chunki kinokartinaga aynan Instagram mashhurlikka erishgan blogerlar jalb etilgan. Ular ba’zi ikkinchi darajali rollarni ijro etgan va hammasi ham buni yaxshi uddalay olmagan.

Ba’zi bloger-aktyorlar filmda nima qilib yurganini ham tushunish qiyin. Uni kadrdan olib tashlasa syujetda ham, postanovkada ham hech qanday oʻzgarish boʻlmaydi.

Saundtreklar

“Uyga qaytish” filmini saundtreklar uchun ham alohida tomosha qilish zarur. Bular shunchaki qoʻshiqlar emas, balki har birida yo kontekst mavjud, yo haqiqiy klassik san’at asari. Masalan, mashinada ketayotgan vaqtda Asal Shodiyeva personaji Edit Piafning “Non, je ne regrette rien” qoʻshigʻini eshitishni boshlaydi.

Klassik musiqani yoqtirmagan Sitora Alimjonova qahramoni esa qoʻshiqni almashtiradi. Endi Asal Shodiyeva oʻtirgan mashinada Shohruhxonning “Bunchalar zoʻrsan” qoʻshigʻi yangrashni boshlaydi. Menimcha, bunga ortiqcha izohning hojati yoʻq.

Shuningdek, Asal Shodiyeva qahramoni ogʻir tanlov oldida qolgan vaqtda yana Shohruhxonning “Yarim baxt, yarim dard” qoʻshigʻi yangrashni boshlaydi. Bu personajning ichki kechinmalarini yanada yaxshiroq ochib beradi.

Bundan tashqari, Mariyamning “Osmon” qoʻshigʻi haqiqiy kashfiyot boʻldi. Bu ham oʻsha paytda bosh qahramon his qilayotgan narsalarni koʻrsatishda katta oʻrin tutdi.

Xulosa

Film boʻyicha umumiy xulosalarni chiqarar ekanmiz, yosh rejissyor uchun juda katta ish bajarilganini e’tirof e’tish lozim. Loyiha kino koʻrgan odamlar tomonidan ishlangani yaqqol seziladi. Shu bilan birga kamchiliklar ham bor va bularni bartaraf etish vaqt masalasidek koʻrinadi.

Kino bunday syujet uchun biroz qisqadek tuyiladi. Xorazmdan Toshkentgacha boʻlgan masofa uzoq va road-movie uchun yana qiziqarliroq narsalar topish mumkin edi. Shuningdek, barcha hikoyalar yakuniga yetkazilgani ham kinoning yutugʻi boʻla oladi.

Xullas, kinoga ketdik!

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling