"Yolg‘izlikning yuz yili" — ulug‘ romandan tug‘ilgan o‘ziga xos serial

E’lon qilingan sana· 769
"Yolg‘izlikning yuz yili" — ulug‘ romandan tug‘ilgan o‘ziga xos serial

Netflix platformasi 2024-yil so‘ngida “Yolg‘izlikning yuz yili” serialining birinchi mavsumini katta ekranlarga chiqardi. U kolumbiyalik klassik yozuvchi Gabriel Garsia Markesning shu nomdagi romani asosida suratga olingan. Yozuvchi tirikligida u bilan romanning ekranizatsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lmagan, biroq adibning merosxo‘rlari hikoyani asl holicha saqlash, suratga olish ishlarini Kolumbiyada amalga oshirish hamda filmga faqatgina kolumbiyalik aktyor va rejissyorlarni jalb qilish kabi shartlar asosida huquqlarni platformaga sotishga rozi bo‘ldi.

Serialning birinchi mavsumida sakkizta qism mavjud bo‘lib, u romanning taxminan yarmini qamrab oladi. Bu hali yakunlanmagan serial uchun yaxshi natija, ikkinchi mavsum esa 2025-yil oxirida namoyish etiladi. Serial yaratuvchilari fusunkor realizm va Markes prozasiga xos betakror muhitni ekranga ko‘chira oldimi? Quyida buni aniqlashtirishga harakat qilamiz.

Markesning o‘zi roman yozishni shunday boshlagan: “Matnni nashriyotga yuborish uchun 160 peso kerak edi, ammo bizda faqat 80 peso bor edi. Shuning uchun xotinim Mersedesning mikser va fenini garovga qo‘ydim. U buni eshitgach: „Ishqilib roman o‘xshagan bo‘lsin-da“, dedi”.

Buendia oilasi — Xose Arkadio, Ursula va ularning do‘stlari ajdodlar qo‘rquvi hamda o‘tmish ruhlari ularga xalaqit bermaydigan makon topish maqsadida safarga chiqadilar. Yo‘l-yo‘lakay ular Kolumbiyaning yorqin ranglarga boy tropik tabiati, tog‘lar va keng dashtlarini kesib o‘tadilar. Bu manzaralar, xususan, romanni bir necha marta o‘qigan kitobxonlar uchun serialning ilk qismini vizual jihatdan juda qiziqarli boshlagan. Nihoyat, qahramon tushida Makondo shahrining utopik tasvirini ko‘radi va u asar markaziga aylanadi. Qishloq bosqichma-bosqich quriladi, har bir qismda u qandaydir o‘zgarishlarga uchraydi, lekin aholisi unchalik o‘zgarmaydi. Bu esa tomoshabinni o‘ziga rom etadi.

Vaqtning o‘tishi ekranda haqqoniy ko‘rinishini ta’minlash uchun suratga olish jarayonida Makondoning to‘rt tarixiy davrini aks ettiruvchi to‘rt xil dekoratsiya qurildi. Bu qurilishda mingdan ortiq odam ishtirok etdi, Buendia oilasining uyi va ko‘chalari roman sahifalaridagi parcha-parcha tasvirlar asosida qayta tiklandi. Markes o‘z romanida Makondoni bolalik xotiralariga asoslanib, tug‘ilgan shahri Arakatake obrazida yaratgan. Kitob katta muvaffaqiyat qozonganidan so‘ng mahalliy hokimiyat shahar nomini rasman Makondaga o‘zgartirish taklifini bir necha bor ilgari surgan.

Ayni shu shaharda yozuvchini katta qilib tarbiyalagan buvisi va bobosi yashagan. Ularning qiyofasi, oilaviy afsonalari va o‘ziga xos so‘zlari roman matniga sezilmasdan singdirilgan. Masalan, roman qahramonlari Xose Arkadioning bolalari otalarining afsonalarini saqlab qoladigan sehrli moslama haqida orzu qilishadi, katta bo‘lganlarida esa uning gaplarida juda ko‘p haqiqat borligini anglab yetishadi.

Roman qahramonlari ba’zi og‘ir daqiqalarda reallikni faqat so‘zlar orqali ushlab qolishga muvaffaq bo‘lishadi — ehtimol, shu sabab Markes uni ekranizatsiya qilishga qarshi bo‘lgandir. Ekranda tasvirlar ko‘pincha qiziqarli illyustratsiyaga o‘xshab qoladi, ammo romanga xos sehrli ta’sirni to‘liq aks ettira olmaydi. Kitobning hayratlanarli tashbeh va metaforalariga boy uslubi serialning ovoz ortidagi matniga to‘liq sig‘dirilmagan. Axir kamera orqali, masalan, hamisha mart va hamisha dushanba bo‘lgan xonani qanday tasvirlash mumkin?

Ekranizatsiya roman singari, tarix va vaqt haqida hikoya qilishni maqsad qilgan. Ba’zi qismlarda aniq dinamikaning yo‘qligi seziladi, bu vaqtning o‘zgarmasligini tasvirlashga qaratilgan uslubiy yechim emas, balki yaratuvchilarning qudratli material bilan yetarlicha ishlay olmagani tufayli yuzaga kelgan kamchilikdek ko‘rinadi.

Xose Arkadio Buendia kelajak shahri uchun dengiz bo‘yidan joy izlaydi, biroq u Makondoni noma’lum daryo sohilida barpo etishga qaror qilganidan ancha keyingina dengizni topadi. Uning barcha izlanish va loyihalari muvaffaqiyatli kechmaydi, lekin u to‘xtovsiz ravishda qidirish va orzu qilishda davom etadi.

Serialda vaqtning tarixiy oqimini aks ettirish uchun muvaffaqiyatli yechimlardan biri shundaki, yangi avlod qahramonlari o‘sha-o‘sha ismlarni olganiga qaramay, ularning atrofidagi olam o‘zgarib boradi: buyumlar, uylar, mebel va matolar orqali vaqt hissi uzatiladi. Masalan, bir sahnada Ursula Uilyam Morris namunalari tushirilgan libos kiyib chiqadi va shu tarzda bu voqea XIX asrning oxiriga, Buendia sulolasi maqbaralarida raqamlar paydo bo‘lishidan oldingi davrga ko‘chiriladi.

Makondoning yuragi — Ursula Iguaran Buendianing oshxonasi. Haykaltaroshlar va dekoratorlarning ishi shunchalik mukammalki, uning borligini unutib, Makondo olamiga to‘liq cho‘mganingizni sezmay qolasiz. Kadrlarda XIX-XX asr Kolumbiyasining kundalik turmush tarziga oid ko‘plab mayda detallar bor, ularni hatto kitob o‘qiganda ham tasavvur qilish qiyin. Kolumbiya maishiy hayoti bilan tanish bo‘lmagan tomoshabinlar palma barglaridan yasalgan plashlarni ko‘rib hayratga tushishadi, bu plashlar keyinchalik Makondoning uylaridagi palma tomlar bilan vizual ritm hosil qiladi.

Asardagi eng buyuk izlovchi — Xose Arkadio, avval “va'da qilingan zamin"ni, keyin esa magnit va alkimyo tajribalari yordamida oltinni qidiradi. U Xudoni fotosuratda va pianolada topishga urinadi. Uning rafiqasi Ursula esa faqatgina oila posboni bo‘lib qolmaydi: tez orada u eri doimo orzularga cho‘mganidan charchaganidan keyin, avval uyni, so‘ngra esa butun Makondoni boshqara boshlaydi. Harbiylar va diktatorlar aynan undan qo‘rqishadi, mahalliy aholi uning tanloviga ishonadi.

Xose Arkadio va Ursula oilalari, farzandlari, ularning nevaralari, qo‘shnilari va dushmanlari — ayrimlari faqat ikkinchi mavsumda paydo bo‘ladi — har biri o‘z tarixi va yolg‘izligi bilan, aslida Makondoning yuragi hisoblanadi. Buendia avlodiga mansub har bir inson betakror qilib ko‘rsatiladi. Bu holat loyihaning muvaffaqiyati sifatida baholanishi mumkin, shu bilan birga, u romanning asl g‘oyasi bilan paradoksal ziddiyatga ham kiradi. Chunki kitobni o‘qish jarayonida qahramonlar obrazlari bir-biri bilan aralashib, g‘alati bir cheksizlik effektni hosil qiladi.

Markesga berilgan Nobel mukofoti ta’rifida uning asarlari qanchalik katta hajm va ta’sir ko‘lamiga ega ekani ko‘rsatiladi: “Hayot va qit’aning butun murakkabliklarini fantaziya va reallik uyg‘unligi orqali aks ettirgan roman va hikoyalari uchun”. Markes o‘zining Nobel ma’ruzasida ta’kidlaganidek, qit’aning ajoyib va dahshatli voqeliklari doimiy ijod manbaini, azob va go‘zallik bilan to‘lgan daryoni oziqlantiradi.

Har qanday ekranlashtirish asl asarning bevosita illyustratsiyasi emas, balki uning o‘zgacha talqini, muayyan nuqtai nazar va obrazlarni anglash yo‘nalishini bildirishini inobatga oladi. Serial mualliflari Markes matnini muqaddas manba sifatida qabul qilishgan va undan yo‘nalish sifatida foydalanishgan. Syujet barchasi muqaddam belgilab qo‘yilgan qismat sifatida aks ettirilgan: qahramonlar xuddi ta’rif etilgan taqdirlarini bajarish uchun dunyoga kelgan, yashagan va vafot etgan kabi.

Kamera osonlik bilan bir personajdan ikkinchisiga o‘tadi. Ba’zan u umumiy manzarani qamrab oladi — hududni, voqealar sodir bo‘layotgan muhitni, muhim tafsilotlar to‘plamidan tashkil topgan fazoni. U vaqtni emas, balki bir davrdan ikkinchisiga o‘tish mantig‘ini — asrlar almashinishini aks ettiradi. Ayrim hollarda, u o‘lgan shaxs yoki allaqachon o‘limga mahkum bo‘lgan qahramonning sub’yektiv nuqtai nazarini qabul qiladi. Kamera harakati asosiy hikoya uslubi — mutolaa orqali tovushsiz hikoya qiluvchining romandan ayrim so‘zlarni tanlab o‘qishi bilan uyg‘unlashadi.

Serialining yaratuvchilari Markes matniga uslub emas, balki faktlar va personajlar to‘plami sifatida qaraydilar, xuddi tarixiy solnoma yoki oilaviy fotoalbom kabi. Serial ko‘lami bo‘yicha Tolstoy ekranizatsiyalari yoki Margaret Mitchell asarlarining kino talqinlariga yaqinlashadi. Fusunkor realizm elementlari, xomhayollar va tushlar bu yerda qahramonlarning xarakterlarini shakllantirish uchun xizmat qiladi. Masalan, Arkadio Napoleon uslubidagi mundirni kiygani uning shaxsiyatiga ishora qiladi yoki qizaloq Remediosning qo‘g‘irchog‘i uning beg‘uborlik ramzi sifatida ko‘rsatiladi.

Markesning har bir satriga chuqur va diqqat bilan sho‘ng‘ish natijasida faqat taqlid emas, balki o‘ziga xoslik ham paydo bo‘ladi. Masalan, Prudensio Agilarning o‘ldirilganidan so‘ng uning soyasi hamma joyga kirib borishi yoki Pilar Ternera haqidagi shiddatli xohishning tasviri. Serial Markes uslubining asosiy jihatlaridan birini — uning ironiyasini saqlab qoladi. U olamni hayrat bilan emas, balki qiziquvchan, kuzatuvchan nigoh bilan tasvirlaydi.

Ma’lumki, total romanlar (ya'ni, ulkan va murakkab asarlar) kinosanoat bilan murakkab munosabatda. Buning sababi faqat yozuvchilarning qattiqqo‘lligi emas, balki ularning hajmidir — Servantesning “Don Kixot"i yoki Joysning “Uliss"ini to‘liq ekranga ko‘chirishni tasavvur qilib ko‘ring-a. Lotin Amerikasi adabiyoti bu borada omasiz bo‘ldi: Borxes va Kortasarning sehrli ekstazga to‘la uslubi ekranda uzoq muddat hech qanday muvaffaqiyatga erishmagan. Markesning ulkan hikoyalari esa hashamdor naqshindek — uning matni avlodlar hayotidan to‘qilgan murakkab ornament bo‘lib, Kolumbiyaning tarixiy manzarasini shakllantiradi. Yozuvchi yaratgan Makondo shaharchasi Lotin Amerikasini jahon xaritasiga kiritdi, deyishadi. Ushbu ulkan va davrlararo asar an’analar, xurofotlar va oddiy inson hissiyotlarini birlashtirgan, ya’ni sodda tarzda qayta hikoya qilishning iloji bo‘lmagan g‘oyalar bilan to‘lgan.

Agar Markes Lotin Amerikasini madaniy izolyasiyadan chiqargan bo‘lsa, Netflix ham romanni faqat adabiy doiralar bilan cheklab qo‘ymasdan, katta ekranga olib chiqdi. Netflix deyarli mumkin bo‘lmagan ishni uddaladi: ulkan hajmli romanni ekranga moslashtirdi; uning asl ruhini yo‘qotmay, nafis uslubini saqladi; Xose Arkadio kabi barchasini deyarli noldan boshladi.

Shunday ekan, serialning ikkinchi qismini intizorlik bilan kutib qolamiz — romanni o‘qiganlar garchi uning qanday tugashini oldindan bilsak-da.

Nodirabegim Ibrohimova
Muallif
Nodirabegim Ibrohimova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling