Hande Erchel va ekrandagi mukammal ta’til — "Shamolga qoʻyib ber" filmi obzori

Qishki premyeralar juda nozik masala. Tomoshabinlar blokbasterlar va Oskarga da’vogar kinolarni kutayotgan bir paytda, goʻyo vaqt chiziqlarida adashib qolgandek romantik turk filmi chiqadi. “Shamolga qoʻyib ber” — dengiz, quyosh, quyoshda qoraygan bosh qahramonlar va cheksiz ta’tillar kayfiyati haqidagi yozgi film. Bir qarashda, film qishki prokatda nima qilyapti, degan savol tugʻiladi. Lekin muhim narsa bor — film isitadi.
Bu film tomoshabinga ortiqcha dramalar yuklamaydi, ko‘z yosh toʻkishga majbur qilmaydi, shunchaki dam olishni taklif qiladi. Bu oilaviy kino emas, unda ochiq sahnalar yetarlicha va ota-onalar davrasida tomosha qilib boʻlmaydi. Ammo u turk seriallariga xos boʻlgan cho‘zilgan syujetlardan xoli. Buning o‘rniga, ajoyib temp, chiroyli kadrlar va bosh qahramonlar o‘rtasidagi munosabatlar mavjud.
Nega tomosha qilish kerak? Barish Arduch va Hande Erchel uchun
Aksariyat turk filmlari va seriallarining omadli chiqishi aktyorlarga bog‘liq bo‘lib, “Shamolga qoʻyib ber” ham bundan mustasno emas. Barish Arduch va Hande Erchel ajoyib juftlik, ular shunchalik uyg‘unki, voqealar rivoji oldindan ma’lum bo‘lsa ham, baribir hayratda qolasiz. Barish — mustaqil, ammo qaysar erkak qiyofasida, Hande esa uni, albatta, o‘zgartiradigan (faqat o‘z shartlari asosida) zamonaviy, o‘ziga ishongan qiz. Ular ekranda o‘zlarini juda bemalol tutadi va o‘zaro munosabatlarini ko‘rgingiz keladi.
Klishelarsiz iloji yoʻq edi, lekin ular hatto harakat ham qilmagan
Albatta, klassik shablonlarsiz iloji yoʻq edi. Shaharlik qiz va dengiz bo‘yida yashovchi qaysar yigitning hikoyasi turklarning “Orol ertagi” serialini (darvoqe, ko‘rmagan bo‘lsangiz, maslahat beraman) yoki qisman italyanlarning “Qaysarni jilovlash” kinokartinasini eslatib yuboradi. Tortishuvlar bor, uchqunlar bor, avvaliga nafrat, keyin esa muhabbat boʻlgan romantik chiziq bor, undan keyin esa nima boʻlishini o‘zingiz bilasiz.
Ammo muhimi, bularning barchasi qanday taqdim etilganida. Film janr qoidalarini ag‘dar-to‘ntar qilmoqchi emas. U shunchaki tanish voqeani koʻrishga undaydigan estetika bilan hikoya qiladi. Agar siz shunchaki oʻzingizni zo‘riqtirmasdan film tomosha qilishni va qishda yetishmaydigan iliq shabadani his qilishni istasangiz, “Shamolga qoʻyib ber” kinokartinasi mos variant hisoblanadi.
Muallif: Aziza Akramova.