"Anora" – biz ishongan ertaklarni rad etuvchi film

Kinotanqidchilar mulohazalari ham rang barang, aksariyati ijobiy. Keling, yaxshisi, filmni tahlilga tortamiz. U nimasi bilan boshqa kinofilmlardan ajralib turadi?
Bugun “Oskar"ga bir qator yoʻnalishlarda nomzodlik qilayotgan, yigirmadan ortiq kino mukofotlarga loyiq koʻrilgan, tillarda doston boʻlgan oʻsha mashhur “Anora” filmi haqida gaplashamiz. U haqida tomoshabinlar yozgan izohlar ham turfa xilligi bilan ajralib turibdi. Kimdir ikki soat ketgan vaqtiga achinsa, kimdir esa kino kartinani yuksak darajada deb baholamoqda.
Kann festivalida yetti daqiqa davomida olqishlarga koʻmilgan “Anora” bizga Juliya Roberts ishtirokidagi mashhur kartinani yodga soladi: fohisha qizni bir muddatga sotib olgan badavlat yigit uni sevib qoladi va uylanadi. Juliya Robertsning qahramoni har holda omadi kulgan ekan: erkak uni chindanam bu botqoqdan xalos qildi, muhabbati rost edi, unga uylandi va baxtli hayot sari olib ketdi.
“Anora"dagi yigit esa ishonchni oqlamaydi. U qizni yanada tang ahvolda qoldirib, qochib qoladi. Eni (Anora) boʻlsa, qalbidagi orzularini soʻnib, achchiq haqiqatga peshonasi bilan uriladi va muhabbatga ortiq ishonmay qoʻyadi.
23 yoshli Eni tungi klubda raqs tushib kun koʻradi. Nyu-Yorkdagi muhojirlar hududida ijarada yashaydi. Rossiyalik oligarxning oʻgʻli yosh Ivan u bilan klubda tanishgach, oʻsmirlarcha yaxshi koʻrib qoladi va pul evaziga uning vaqtini oʻziga bagʻishlashini iltimos qiladi. Eni bajonidil rozi.
Les Vegasdagi vaqtichogʻlik paytida Ivan uning qoʻlini soʻraydi. Shunday qilib, Eni uning rafiqasiga, boy xonimga aylanadi. Tabiiyki, Zaxarovlar oilasi Ivanning fohishaga uylanganidan dahshatga tushishadi. Ularning nikohini bekor qilish uchun barcha imkoniyatlaridan foydalanishadi.
Shunday qilib, kulguli sarguzashtlar boshlanadi. Enining koʻz oldida shahzoda va xotamtoy Ivan obrazi tobora maydalashib, achinarli mavjudodga aylanadi. Komik voqealar rivoji tomoshabinni sokin fojiaga yetaklab boradi.
Eni va Ivan bir-birini chindan sevarmidi, degan savol uygʻonadi. Nazarimda, yoʻq. Ular oʻz yolgʻizliklaridan qochish uchun, oʻz dunyolarini unutish, oʻzlarini erkin va haqiqiy insondek sezish uchun birlashadilar. Ivan qattiqqoʻl onasining qanoti tagidan chiqib, Enidek mustaqil ayol pinjiga kirishni istaydi. Eni esa turli tuman erkaklarga xizmat koʻrsatishdan qutulib, hashamatli uyning bekasi, sevimli erka yor boʻlishni xohlaydi.
Ularning istaklari tabiiy va tushunarli. Lekin bu xayollar, orzular, istaklarni real hayot parchalab tashlaydi, ular ojiz va notovon alpozda oʻz taqdirlari qarshisida zaif kimsalarga aylanishadi. Oq otdagi shahzoda qurbaqaga aylanadi.
Biz shu vaqtgacha orzulari ushalgan zolushkalar haqida ertaklar oʻqidik, filmlar koʻrdik, ularning baxtli yakunidan koʻnglimiz taskin topdi. “Anora” taskin topgan bu koʻngillarni zirqiratib tashlaydi. Mana, haqiqiy hayot qanaqa, mana asl basharalarga boqing, deb yashirin qartalarni ochadi.
Rejissyor Shon Beyker axloqsizlik, pul va hokimiyatning birovning his-tuygʻulari va tanasi ustidan juda jirkanch ittifoqini tasvirlaydi. Biroq Eni ishongan odami uni dahshatli vaziyatlarda tashlab qochganda ham oʻzligini saqlab qolishga va qadr-qimmatini vahshiylik bilan himoya qilishga harakat qiladi.
Aynan har qanday ijtimoiy vaziyatda insonning qadr-qimmati Shon Beykerning barcha filmlarining umumiy gumanistik tamoyilidir. Rejissyor bir kun kelib hammaning baxtli boʻlishiga kafolat bermaydi, lekin barcha buni sinab koʻrishga haqli.
Film katta ekranlarga chiqqan paytda Anoraning millati borasida bahslar ham urchidi, uni oʻzbek qizi deb talqin qilishdi. Biroq film davomida Anora Mixeyevaning qaysi millatga mansub ekani haqida gapirilmagan. Rejissyorning oʻzi esa Anoraning kelib chiqishi ruslarga borib taqalishi, postsovet davlatlardan birida tugʻilganini aytib oʻtgan.
Anora muhojirlar hayotiga oid qoʻllanmaga oʻxshaydi va postsovet odamlariga ishora qiladi. Ha, kirish qismi erotik sahnalarga boy, oʻrtasi yumorga yoʻgʻrilgan, ammo yakun tragik drama. Bu sizni uzoq vaqt kulib, keyin achchiq-achchiq yigʻlashga olib keladigan film.
