"Qozoqcha biznes", "Dastur", "Chol": Qozogʻistonning e'tiborga molik 7 ta filmi

Qozogʻiston kinematografiyasi oxirgi yillarda juda katta oʻsishga erishdi. Har qanday janrda olinayotgan qozoqcha kinolar nafaqat Markaziy Osiyoda balki butun dunyo boʻylab mashhurlikka erishmoqda. Shuningdek, har xil nufuzli kinofestivallarda ishtirok etib, sovrinlar qoʻlga kiritmoqda. Mintaqada uzoq vaqt liderlik qilgan oʻzbek kinosi hozirda oʻrnini shimoldagi qoʻshnilarga boʻshatib bergani ham bekorga emas.
Afisha.uz ushbu jamlanmada Qozogʻistonning e’tiborga molik yettita filmini bir yerga jamladi.
“Qozoqcha biznes”
Roʻyxatni yengilroq komediyadan boshlashga qaror qildik. Qozoqcha yumor har doim oʻziga xosligi bilan ajralib turgan. Qozogʻistonda katta franshizaga aylangan filmlarda buning guvohi boʻlishimiz mumkin. Road-movie janridagi filmlar seriyasida katta mehmonxona egasi va uning yordamchisining sayohati haqida hikoya qilinadi.
Hozirgacha “Qozoqcha biznes"ning yetita qismi premyera qilingan boʻlib, ularda voqealar AQSh, Afrika, Koreya, Turkiya, Hindiston va Braziliya kabi davlatlarda boʻlib oʻtadi.
“Qop-qora odam”
XXI asrning ikkinchi oʻn yilligi yakunida qozoq kinosi juda katta oʻsishga erishdi. Turli janrlarda sifatli filmlar olish boshlandi. Mana shu oʻsishning avvalidagi kinokartinalar qatorida “Qop-qora odam” filmi ham bor deyish mumkin. Qaysidir jihatdan koreyalik rejissyor Pon-Jun Xoning “Qotillikni xotirlab” filmini eslatib yuboradigan kino xalqaro ogʻriqli muammolarga toʻxtaladi.
Qozog‘istonning chekka bir ovulida yosh bolakay o‘ldiriladi. Maxalliy polisiya tomonidan gumonlanuvchi qo‘lga olingan, markazdan tergovchi kelib barchasini rasmiylashtirsa bo‘lgani, ish yopiladi. Bu narsaga o‘rgangan tergovchi ham har doimgidek pulini olib ishni yopaman degan paytida poytaxtdan jurnalist kelib ish bo‘yicha o‘z surishtiruvini boshlaydi.
“Goliaf”
Rejissyor Adilxan Yerjanov tomonidan 2022-yilda suratga olingan drama cheksiz hokimiyat, itoatkorlik va adolatga ishonch haqida boʻlib, nufuzli Venetsiya kinofestivalida sovrindor boʻlgan.
Karatas posyolkasi anchadan beri kriminal avtoritet Poshayev hukmronligi ostida yashaydi. U mahalliy aholiga boshpana va ish beradi, ammo o‘ziga qarshi chiqqanlarni shafqatsizlarcha qatl etadi. Bechora Arzuning xotini bilan shunday bo‘ladi, u fojiali halok bo‘ladi, Arzuning o‘zi esa Poshayev nazoratida qoladi. Soqchilar boshlig‘iga Arzuga ko‘z-quloq bo‘lib turish buyurilgan, ammo u alamdan ezilganidan qasos olishni xayoliga ham keltirmasdi.
“Jonim, ishonmaysan”
Qozog‘istonlik kinoijodkor Ernar Nurgaliyev ssenariy muallifi, prodyuser, rejissyor hamda montaj ustasi hisoblangan film komediya va triller janrlarni chatishtirib, qora yumor uslubida suratga olinganini koʻrish mumkin.
Hammasi yosh er-xotinning janjalidan boshlanadi. Ular birinchi farzandini kutmoqda, kundan-kunga vaziyat keskinlashmoqda va Doston xotinining doimiy janjallariga dosh berolmay, hech bo‘lmaganda bir kunga do‘stlari ketishga qaror qiladi. Erkaklar baliq oviga boradi va bir qator kutilmagan hamda aql bovar qilmaydigan voqealarni boshidan kechiradi.
“Chol”
Qozogʻistonlik ijodkorlar jahon adabiyotining koʻzga koʻringan asarlarini ekranlashtirish boʻyicha ham yaxshi tajribaga ega. “Chol” qozog‘istonlik rejissyor Yermek Tursunovning Ernest Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasi asosida suratga olingan filmi hisoblanadi.
Kinokartina voqealariga koʻra, keksa chol och bo‘rilarga to‘la qorli dashtda adashib qoladi va uyiga qaytishga harakat qiladi.
“Dastur”
Soʻnggi yillarda qozogʻistonlik kinoijodkorlar qoʻrqinchli janrda ham yaxshi filmlar ishlay olishini isbotladi. 2023-yilda premyera qilingan kinokartina yilning eng koʻp muhokama qilingan kinolaridan biri boʻldi.
Chekka qishloqdagi qizni nufuzli biznesmenning erkatoy o‘g‘li zoʻrlaydi, uning otasi ishni yopish uchun hamma narsa qilishga rozi. Yagona yo‘l — mahalliy urf-odatlarga ko‘ra to‘y qilish. Biroq turmushga chiqqach, qiz yangi oilasining uyiga kulfat olib keladi.
“Baxt”
2022-yilda premyera qilingan Askar Uzabayevning “Baxt” nomli filmi nufuzli Berlinal kinofestivalida tomoshabinlar mukofotini qoʻlga kiritadi.
Ayol kosmetika savdosi bilan shug‘ullanadi va qizi turmushga chiqishi bilanoq g‘ayriinsoniy darajaga yetgan erining uydagi zoʻravonliklariga chidaydi. Chidashdan charchagan ayol qarshilik koʻrsatishni boshlaydi.
