"Sheker": Toshkentda mashhur qozoq serialining yakuniy filmi premyera qilindi

E’lon qilingan sana· 1 716
"Sheker": Toshkentda mashhur qozoq serialining yakuniy filmi premyera qilindi

28-yanvar kuni Riviera Cinema’da Markaziy Osiyo hududida katta mashhurlikka erishgan “Sheker” serialining yakuniy qismi boʻlgan “Sheker. Soʻnggi imkon” filmi yopiq premyerasi oʻtkazildi. Ma’lumot uchun, 30-yanvardan ushbu film Oʻzbekiston kinoteatrlarida namoyish etiladi.

“Sheker” seriali universitetdan haydalish arafasida turgan talaba Aldiyarning hayoti haqida hikoya qiladi. Moliyaviy muammolarni hal qilish uchun mablag‘ izlab, u pora berishga qaror qiladi va pul topish uchun giyohvand moddalar savdosi dunyosiga kirib ketadi.

Umuman olganda serialni mashhur “Breaking Bad” serialining qozoqcha varianti deyish mumkin. “Sheker” ikki mavsumdan iborat boʻlib, “Soʻnggi imkoniyat” filmi voqealarning mantiqiy yakunini koʻrsatadi.

Film oʻzbek tiliga iTV studiyasi tomonidan dublyaj qilingan. Shuningdek, kompaniya kinokartinaning Oʻzbekistondagi rasmiy distibyutori hisoblanadi. Namoyishdan avval iTV kreativ direktori Davron Hidoyatov soʻzga chiqib, oʻzaro ham, qo‘shni davlatlar bilan ham birlashish muhim ekanligi haqida gapirdi. Qayd etilishicha, bu loyiha O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligida bo‘lmoqda.

Shuningdek, premyerada bir qator oʻzbek kinosi vakillari ham ishtirok etdi. Jumladan, aktyorlar Alisher Uzoqov va Bobur Yoʻldoshev, rejissyorlar Shohruh Rasulov hamda Sarvar Karimovlar tashrif buyurdi.

Afisha.uz muharriri yangi film namoyishida ishtirok etdi va quyida kinokartina haqida fikrlarini bildiradi.

Ehtiyot boʻling, spoyler ham bor.

Film syujeti

Kinokartina “Sheker” serialining ikkinchi mavsumi finali oqibatlari tasviri bilan boshlanadi. Aldiyar qamoqda, Kana esa klublarda giyohvand moddalarni sotishda va hayotdan zavqlanishda davom etmoqda.

Bosh qahramonga uzoq muddat qamoq jazosi tahdid solmoqda, lekin agar Aldiyar narkokartel boshqaruvchisi boʻlgan kuratorni topsa, unga muddatidan oldin ozodlikka chiqishni taklif qilishadi.

Tabiiyki, bu sirli kuratorning qayerda yashashini va qanday ko‘rinishda ekanini hech kim bilmaydi. Shuning uchun Aldik yashirincha yana giyohvand moddalar biznesiga qaytish, yuqori darajadagi odamlarning ishonchiga kirish va kuratorni politsiya changaliga tushirish uchun ozodlikka chiqadi.

Shartlarga rozi bo‘lgan yigit yana Kana bilan birlashadi, tovarni sotish bo‘yicha yangi sxemani o‘ylab topadi, sevib qoladi, kuratorgacha yetib boradi va keyinchalik o‘z jinoyatlari uchun tovon to‘laydi.

Syujetdagi kamchiliklar

Avvalo ikki mavsumlik serial voqealari toʻliq-metrajli film bilan tugayotgani ba’zi savollarni yuzaga chiqaradi. Chunki yana bir mavsumni suratga olish va shu orqali voqealarning mantiqiy yakunini yasash mumkin edi. Lekin bunday qarorga nima sababdan kelingani ma’lum emas. Mana shu faktorning oʻzi ham omadsizlikka tashlangan qadamlardan biri deyish mumkin.

Yuqorida eslab oʻtilgan “Breaking Bad” serialida ham bosh qahramonlardan biri boʻlgan Jessi Pinkmanning syujet liniyasini yakunlash uchun 2019-yilda “El-Camino” nomli film ishlanadi. Biroq bu kinokartina ham serial kabi mashhurlikka erisha olmagan va biroz omadsiz chiqqan.

Filmni tomosha qilar ekansiz beixtiyor uni serial bilan solishtira boshlaysiz. Voqealar xuddi doimgidek ketayotgan boʻlsa-da, ba’zi jihatlarda syujetdagi katta teshiklar sezilib qoladi. Bir nechta mantiqiy savollar berish orqali film darajasini tushirib yuborish mumkin.

Masalan, bunga Tailanddagi voqealarning finali eng yorqin misol boʻla oladi. Unda zoʻravonlardan qochayotgan Aldiyar jamoat xojatxonasida mushtlashadi va xushini yoʻqotadi. Keyingi sahnada esa u Olmaotada barcha qidirayotgan kuratorning oldida uygʻonadi. Qahramonni qanday qilib bu ahvolda chegaradan olib o‘tishganini, bundan tashqari, nima uchun Aldiyar o‘nlab mamlakatlarga sayohat qilishga majbur boʻlganini tushunish imkonsiz.

Taqlid va vizual goʻzallik

Serial “Breaking Bad"ni eslatgan boʻlsa, kinokartina ba’zi hollarda rejissyor Martin Skorsezening “Murtadlar” (“The Departed”) filmiga ham taqlid qiladi. Aldiyar militsiya xodimlari bilan kelishib olgan boʻlsa, kuratorning asl kasbi deputat boʻladi.

Shuningdek, syujetda bu ikki personaj toʻqnash keladigan yana bir nuqta bor. Kinematografiyaning siyqasi chiqib ketgan klishelaridan birini ushbu filmda ham payqash mumkin. Aldiyar sevib qolgan qiz yigitini otasi bilan tanishtirmoqchi boʻladi. Sezgandirsiz, kurator Aldiyar sevib qolgan qizning otasi boʻlib chiqadi.

“Sheker. Soʻnggi imkon” filmi mana shunday gʻalati va ensani qotiradigan epizodlarga toʻla. Lekin maqtashga arziydigan jihatlar ham yoʻq emas. Masalan, har bir qahramon oʻz qilmishlari uchun jazolanadi. Ha, bu serialda ham shunday edi, filmda ham bu tendensiya davom etgan. Ijodkorlar aniq-tiniq ravishda “agar yomonlik qilsang, qanday boʻlmasin jazolanasan” messejini yetkazib bera olgan.

Filmning vizuali ham serialdagi yuqori darajani saqlab qolgan. Bu tomondan ijodkorlar plankani tushurib yubormagan. Ranglar kinoga boʻlgan qiziqishni oshirib, syujetdagi kamchiliklarni biroz boʻlsa-da unutish imkonini beradi. Klubdagi sahnalar, jang sahnalari, otishmalarning hammasi yuqori darajada ishlangan. Ayniqsa, hashamatli hayot tasviri va kambagʻallik kontrasti ajoyib tarzda birlashtiriladi.

Xulosa

Ikki qahramon Aldiyar va Kana ishtirokida boʻlib oʻtgan voqealarni Markaziy Osiyo kinematografiyasi kontekstida koʻrib chiqadigan boʻlsak, 2020-yilda premyera qilingan “Sheker” haqiqatan ham revolyutsiya qilgan deyish mumkin. Koʻrsatilgan muammo juda jiddiy va haqiqatan ham yoshlarga tegishli. Bu tomondan olib qaraganda serial oʻz tomoshabinini aniq topgan.

Qozogʻiston va Oʻzbekiston muammolari koʻp hollarda oʻxshash boʻladi. Kinoda koʻzga tashlanadigan nafaqat narkotiklar mavzusidagi, balki oilaviy qadriyatlar, doʻstlik, xiyonat va avlodlar oʻrtasidagi farqlar boʻyicha ham oʻzimizning ijodkorlar tomonidan film va seriallar ishlanishi mumkin. Biz, albatta, buni kutib qolamiz.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov