"Saroy javohiri", "Esmeralda", "Xinoli qor": televizorda tomosha qilgan mashhur seriallarimiz

E’lon qilingan sana· 5 451
"Saroy javohiri", "Esmeralda", "Xinoli qor": televizorda tomosha qilgan mashhur seriallarimiz

Onlayn striming platformalarida deyarli har kuni yangi serial chiqariladi. Hozirgi kunda bu seriallarning yakuniga yetish qiyin. Ammo XXI asr boshida seriallarni tomosha qilish uchun yagona vosita televizor boʻlgan. Oʻzbekiston telekanallarida har xil vaqt oraligʻida turli davlatlar seriallari namoyish etilgan.

Afisha.uz sizni bolalikka qaytarish maqsadida Oʻzbekiston telekanallarida namoyish etilgan 15 ta mashhur serialni bir yerga yigʻishga qaror qildi.


“Saroy javohiri”

Bolalikda barchani avval oshpaz, keyin esa shifokor boʻlishga motivatsiya bergan Tangem va “Saroy javohiri” seriali 2003-yil premyera qilingan boʻlib, 54 qismdan iborat. Koʻpchilikda Koreyaga va uning tarixiga katta qiziqish uygʻotgan seriallardan biri aynan shu boʻlsa ajab emas.

Serial XV asrda Koreyada Joseonlar sulolasi davrida koʻplab qiyinchiliklarga duch kelgan yosh qiz haqida hikoya qiladi. Bolaligida u ota-onasidan erta judo boʻladi va keyin saroyga boradi, xonim Choyning xavfli va xoinlarcha tuzgan rejalari tufayli koʻp qiyinchiliklarga duch keladi. Bu holat Tangemning qat’iyatliligi bilan birgalikda iste’dodini ochib berishi nafaqat tarixdagi birinchi ayol shifokorga, balki qirolning shaxsiy shifokoriga aylanish, koʻp sonli odamlarning hayotini saqlab qolish hamda dahshatli kasalliklarni davolashning yangi usullarini topish, tarixiy jarrohlik muolajalaridan foydalangan birinchi koreys shifokori boʻlish imkoniyatini beradi.

Serialni tomosha qilish.


“Qish sonatasi”

Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan “Parazitlar” filmi va katta mashhurlikka erishgan “Kalmar oʻyini” seriallaridan soʻng Koreya kinematogefiyasiga qiziqish yanada ortdi. Ammo bu davlat filmlariga ilk katta qiziqish doramalar orqali boʻlgani va ularning ilk toʻlqiniga “Qish sonatasi” seriali sababchi boʻlgani hech kimga sir emas. Koreyscha muhabbat haqida ilk tasavvurlarni uygʻotgan serial qahramonlari haligacha tomoshabinlarning qalbidan oʻchmagan.

Mashhur pianinochi ayolning o‘g‘li Kan Jun San Chxunchxon shahriga keladi. Uni sinfdoshlari va o‘qituvchilari favqulodda iqtidorli talaba sifatida olqishlashadi, lekin u sokin va yopiqligicha qoladi. Maktabda u Yu Jin ismli qiz bilan tanishadi va ular bir-birini sevib qoladi.

Serialni tomosha qilish.


“Samoviy ishq”

Albatta, koreyscha muhabbat haqida gap ketganda “Qish sonatasi” bilan bir qatorda “Samoviy ishq"ni eslamay oʻtish adolatdan boʻlmaydi. 2003-yilda chiqqan bu serial ham 20 qismdan iborat.

Song Ju va Xan Chon So birgalikda oʻsishgan, birga oʻqishgan va doimo birga boʻlishgan. Ular eng yaqin doʻstlar sifatida barcha yomon va yaxshi kunlarni birga boshdan kechirgan. Oʻsib ulgʻaygan sari ularning his-tuygʻulari ham kuchayib, muhabbatga aylandi. Chon Soning otasi ikkinchi marta mashhur aktrisaga uylandi. Yangi xotinining birinchi turmushidan ikkita farzandi Tae Xva va Yu Ri bor. Yu Ri oʻgay singlisining hayotiga hasad qiladi va undan hamma narsani, jumladan, Song Juni tortib olishga qaror qiladi.

Serialni tomosha qilish.


“Taqdir oʻyini. Va-bank”

“Kalmar oʻyini” serialida 001-raqamli ishtirokchi rolini ijro etgan Li Byon Xonni oʻzbek tomoshabini aynan ushbu serial orqali taniydi. U bosh qahramon Kim In Xa rolini ijro etadi. Bu serial ham 2003-yilda premyera qilingan va 24 qismdan iborat.

Bolaligida yetim qolgan Kim In Xa karta oʻyinida usta boʻlgan amakisi Kim Ji Suning qo‘lida tarbiya topadi. Jasur va ishonchli yigit koʻplab yaqin tanishlar orttiradi, jumladan, boy oilaning oʻgʻli Yong Von bilan doʻst boʻladi. Koʻp oʻtmay In Xa Min Su Yon ismli qiz bilan tanishadi va ular bir-birini sevib qoladi. In-xa Yong Vonni Su Yong bilan tanishtiradi, u oʻz dugonasining sevgilisiga oshiq boʻlib qoladi.

Serialni tomosha qilish.


“Oshin”

Oʻzbek televideniyesida Koreya seriallari qatorida Yaponiyaning “Oshin” teleasari ham namoyish etilgan. Bu Yaponiyada seriallashtirilgan ilk televizion drama hisoblanadi va 297 qismdan iborat. “Oshin” dastlab 1983—1984-yillarda namoyish etilgan.

“Oshin"da kambag‘al dehqon xonadonida tug‘ilgan yapon qizining o‘z otasi tomonidan uy xizmatiga sotilgan paytidan boshlab, oilasining boylikka va muvaffaqiyatga erishishga qadar bo‘lgan hayoti hamda qiyinchiliklari tasvirlanadi.

Serialni tomosha qilish.


“Jumong”

Yana bir bor Janubiy Koreya tarixiga yuzlanamiz. “Jumong” epik serial bo‘lib, 2006-yildan 2007-yilgacha MBC kanalining 45 yilligiga bag‘ishlangan maxsus serial sifatida efirga uzatilgan. Dastlab 60 ta qism chiqarilishi rejalashtirilgan edi, ammo MBC uning mashhurligi tufayli 81 ta epizodga yetkazgan.

Qadimgi Koreyaning eng buyuk qirolligi Goguryoning afsonaviy asoschisi Jumong (miloddan avvalgi 37 — 668 yillar) hayoti haqida hikoya qilinuvchi serialda uning dunyoga kelishi, oldiga qoʻygan azaliy maqsadi, janglardagi oqilona rejalari haqida hikoya qilinadi.

Serialni tomosha qilish.


“Iztopar”

Sharq kinematografiyasidan uzoqlashamiz va Gʻarbga sayohatni boshlaymiz. “Yoshlar” telekanalida namoyish etilgan “Iztopar” seriali 44 qismdan iborat boʻlib ularning barchasi oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Bu oʻzbek televideniyesida fentezi janrida namoyish etilgan kamdan-kam seriallardan biri hisoblanadi.

Kechagina yosh Richard Sayfer o‘rmonda yo‘lboshlovchilik qilardi, bugun esa og‘ir qismati uning boshiga tushdi. U Iztopar safitda uch qirollikning eng buyuk qora jodugari, D’Xaraning hukmdori shafqatsiz Darken Ral bilan jangga kirishishi kerak.

Serialni tomosha qilish.


“Afsungar”

Sehr-jodu va unga qarshi kurash, ajdarlar, qasrlar va qirollik — bularning barchasini “Afsungar” serialida koʻrish mumkin. Merlin haqida ishlangan film va seriallar yetarlicha boʻlsa ham oʻzbekistonlik kino ixlosmandlari besh mavsumdan iborat boʻlgan ushbu serialni afzal koʻrsa ajab emas. Chunki bu serial toʻliq 65 ta qismi oʻzbek tiliga tarjima qilingan va namoyish etilgan.

Kamelot qirolligiga yetib kelgan yosh sehrgar Merlin qirol Pendragon sehr-joduni taqiqlash to‘g‘risida farmon chiqarganini bilib oladi. Yangi qonunni buzishga jur’at etgan har bir kishini muqarrar o‘lim kutadi. Qirollik saroyining yerto‘lasida Merlin Buyuk ajdarho bilan tanishadi. U yigitga sehr yordamida shahzoda Arturni koʻp sonli dushmanlardan himoya qilishi kerakligini uqtiradi.

Serialni tomosha qilish.


“Esmeralda”

2002-yilda “Yoshlar” telekanalining kechki dasturi orqali efirga uzatilgan Meksikaning “Esmeralda” seriali 1997-yilda suratga olingan. Oʻz dublyaji bilan ham ajralib turadigan serial ustida Shohida Uzoqova, Sanjar Sa’dullayev, Hoshim Arslonov, Barno Qodirova, Noila Toshkenboyeva kabi dublyaj ustalari ishlagan.

Esmeralda — kulbada o‘gay onasi bilan yashaydigan ko‘r va juda kambag‘al yosh qiz, Xose Armando esa taniqli va olijanob Pennareal oilasidan chiqqan shifokor bo‘lib, uylanish niyatida yuribdi. Ularning hayoti kesishadi va Xose Armando Esmeraldani sevib qoladi.

Serialni tomosha qilish.


“Kamila”

Umuman olganda XXI asr boshida Meksika seriallarining bir nechtasi oʻzbek telekanallarida koʻrsatilgan. Ular orasida 1998-yilda tasvirga olingan “Kamila” seriali ham boʻlib, 2002-yilda “Oʻzbekiston” telekanalining kechki dasturida namoyish etilgan. Dublyajda artistlardan Zuhra Ashurova, Mehriddin Rahmatov, Oybarchin Bakirova ishtirok etgan.

Kamila Flores kichkinagina qishloqda bobosi bilan yashaydigan kambag‘al qiz. Migel Guterres ismli meksikalik advokatning kelishi bilan uning tinch va bir maromdagi hayoti o‘zgaradi.

Serialni tomosha qilish.


“Jassiga oʻxshashi yoʻq”

Endi esa navbatni hind seriallariga beramiz. Oʻzbek telekanallarining efir vaqtida hind seriallari ham katta oʻrin tutgan. Jumladan, komediya janridagi “Jassiga oʻxshashi yoʻq” sitkom serialini ham koʻpchilik tomosha qilgan.

Serialda Jassi ismli qiz haqida hikoya qilinadi. U iste’dodli, lekin, afsuski, juda xunuk. Jassi erkaklarni qiziqtira olmasligini tushunadi va oʻzgarishga qaror qiladi.

Serialni tomosha qilish.


“Senga oshiqman”

“Senga oshiqman” serialini televizordan tashqariga chiqa olgan serial deb bemalol ayta olish mumkin. Ishani va Ranvir oʻrtasidagi voqealar nafaqat tomoshabinlar oʻrtasida, balki yuqori darajalarda muhokama qilingan, deyish mumkin. Chunki uning oʻzbek mentalitetiga toʻgʻri kelishi yo kelmasligi boʻyicha koʻplab bahs munozaralar boʻlgan va yakunda serial namoyishi toʻxtatilgan.

Serial voqealari bir-birini sevib qolgan Ranvir va Ishani haqida hikoya qiladi.

Serialni tomosha qilish.


“Xinoli qor”

Turk seriallariga 2002-yilda premyera qilingan “Xinoli qor” seriali bilan oʻtamiz. Bu mamlakat filmlarining ikkita toʻlqini boʻlgan deyish mumkin. Ularning birinchisi “Xinoli qor” bilan boshlangan (ikkinchisiga esa “Sevgi iztirobi” sabab boʻlgan).

Voqealar Turkiyadagi oʻylab topilgan Xinoli qor qishlogʻida boʻlib oʻtadi. Unda bir qator insonlarning, jumladan, Ali va Nazerning sevgi hikoyasi namoyish etiladi.

Serialni tomosha qilish.


“Choliqushi”

Turkiyalik yozuvchi Rashod Nuri Guntekin tomonidan yozilgan asar boʻyicha koʻp bor film va seriallar ishlangan. Yangi davrda ishlangan va bosh rollardan birini Burak Oʻzchivit oʻynagan versiya mashhur boʻlsa-da bu jamlanmada serialning eski versiyasini tavsiya qilish niyatidamiz.

Serial voqealari Komron va Feride oʻrtasidagi muhabbat haqida hikoya qiladi.

Serialni tomosha qilish.


“Ishkomli uy”

Ozjan Deniz ismli turkiyalik aktyor bilan ilk bor tanishish imkoniyati aynan “Ishkomli uy” serialida boʻlgan. Shuningdek, 42 qismdan iborat serial “Xonadon” nomi bilan ham mashhur.

Bahar istanbullik amaldorning qizi. Nyu-Yorkda san’at sohasida ta’limni tugatgandan soʻng, u Seyman bilan uchrashadi. Bir-birini sevib qolgan juftlik turmush qurish uchun Kapadokiyaga boradi. Seyman — oʻrnatilgan oilaviy an’analariga sodiq qolgan oilaning merosxoʻri. U oilasi bilan Ishkomli uy deb nomlangan koshonada yashaydi.

Serialni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov