Kinoga chiptani qanday xarid qilish mumkin? Qoʻllanma

E’lon qilingan sana· 566
Kinoga chiptani qanday xarid qilish mumkin? Qoʻllanma

Saytimiz orqali kinoteatrlardagi seanslar jadvali va filmlar haqida ma’lumot olishingiz mumkin edi, endi esa Afisha.uz'dan oʻsha kinolarga chipta ham sotib olishingiz mumkin. Muhimi — tez, oson va qulay. Oʻrtacha bir daqiqa vaqt oladigan jarayonni birma-bir tushuntirib beramiz.

Kirish

Birinchi navbatda telefoningizdagi istalgan brauzerga kirasiz va afisha.uz soʻrovi bilan qidirasiz. Bu havola toʻgʻridan-toʻgʻri bizning saytga olib keladi. Ha, mana shu maqolani ham oʻqiyapsizku, xuddi shu sayt.

Kirganingizda asosiy sahifa ochiladi va yuqori chap burchakdagi “Kino” boʻlimiga oʻtishingiz kerak (pastroqda qiziqarli maqolalar bor, uni chipta olgandan keyin oʻqisangiz ham boʻladi).

Kino tanlash

Ushbu boʻlimga oʻtganingizdan keyin barcha aktual kinoseanslar chiqib keladi, kalendar orqali esa kerakli kunni ham tanlashingiz mumkin. Oʻzingizga yoqqanini tanlab, oʻsha filmning ustiga bosasiz.

Kinoteatr tanlash

Hozircha Afisha.uz orqali 8 ta kinoteatrga chiptalar sotib olish mumkin: “Magic Cinema”, “Cinemaplex”, “Compass Cinema”, “Next Cinema”, “Parus Cinema”, “Riviera Cinema”, “Salom Cinema” va “Yulduz Cinema”.

Roʻyxat boʻlib chiqib turgan yashil tugmachadagi seans vaqtiga bosasiz.

Muhim: tugmachalardagi “RU”, “EN” tugmachalari tilni bildiradi. Agar bunday yorliq boʻlmasa, seans oʻzbek tilida.

Joy tanlash

Yashil tugmachani bosganingizda yangi sahifa ochiladi va unda kinoteatr zali sxemasi namoyish etiladi. Oʻzingizga kerakli joyni tanlab, oʻrindiq ustiga bosasiz. Shundan soʻng u savatchaga qoʻshiladi va pastki oʻng burchakda “далее” tugmasi chiqadi. Bu toʻlov sahifasiga olib boradi (“Magic Cinema” esa bundan oldin onlayn barni taklif qiladi, u oldindan popkorn va ichimlik sotib olish imkoniyatini beradi).

Toʻlov

Afisha.uz tajribasida bu bosqichga yetib kelguncha 47 soniya vaqt sarflandi. Ushbu bosqichda e’tiborliroq boʻlish zarur. Sahifada dastlab telefon raqam kiritish soʻraladi, agar siz “GetTickets_uzbot” botini ishga tushirgan boʻlsangiz, chiptalarni oʻsha botga yuboradi. Chiptalarni olish uchun yana bir variant taklif qilinadi: elektron pochta orqali. “Получить копию билета на электронную почту” tugmasini bosib faol pochta manzilini kiritasiz.

Chipta sotib olish shartlari va maxfiylik siyosatiga roziligingizni bildirganingizdan keyin “далее” tugmasi aktivlashadi. Uni bosganingizdan keyin tanlov boʻyicha tafsilotlarni yana bir koʻrib chiqasiz va amin boʻlsangiz, toʻlovga oʻtish tugmasini bosasiz.

Toʻlov qilish uchun ikkita variant bor: “Click” va “Payme”. Oʻzingizda bor toʻlov tizimi ustiga bossangiz, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻsha ilovaga olib oʻtadi va shunchaki tugma bosish orqali toʻlovni amalga oshirasiz. Agar pochta manzilingizni toʻgʻri kiritgan boʻlsangiz va oldingi bosqichlarda xato qilmagan boʻlsangiz, hammasi joyida boʻladi.

Chipta kelmagan taqdirda…

Yuqoridagi ketma-ketlik asosida barcha amallarni bajargan boʻlsangiz, muammo boʻlishi kerak emas.

Lekin mabodo, boshqa zalni tanlab yuborgan boʻlsangiz yoki chipta sizga yuborilmay qolgan boʻlsa, Telegram’dagi mijozlarni qoʻllab-quvvatlash markaziga bogʻlanishingiz mumkin — mana uning havolasi. Kinoga chiptalar boʻyicha istalgan savollaringizga javob berishadi (ish vaqtini inobatga olgan holda).

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov