"Kalmar o‘yini"ning ikkinchi fasli chiqdi – kutilgan serialning kutilmagan omadsizligi

E’lon qilingan sana· 3 594
"Kalmar o‘yini"ning ikkinchi fasli chiqdi – kutilgan serialning kutilmagan omadsizligi

Nihoyat, uzoq kutilgan “Kalmar o‘yini” filmining ikkinchi mavsumi namoyish etildi. Rejissyor serialning asosiy g‘oyasini yoshligidagi moliyaviy muammolari, shuningdek, Janubiy Koreyadagi ijtimoiy tengsizlikdan kelib chiqqan holda o‘ylab topgan. Ilk ssenariy 2008-yilda yozilgan bo‘lsa-da, loyihani ishlab chiqish uchun prodyuser topa olmagan.

Serialning birinchi fasli asosan ijobiy sharhlarga ega bo‘ldi: tanqidchilar aktyorlarni, g‘oyaning o‘ziga xosligini, vizual uslubni, musiqa va mavzuni yuqori baholadilar. U Netflix tomonidan 90 ta davlatda, jumladan AQSH va Buyuk Britaniyada eng ko‘p ko‘rilgan seriallar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.

Premyeradan keyingi dastlabki to‘rt hafta ichida serialni 142 million tomoshabin tomosha qildi va “Kalmar o‘yini” rasman Netflix tarixidagi eng ko‘p tomosha qilingan serialga aylandi. 2021-yil rejissyor Xvan Dong Xyuk ikkinchi mavsumni rasman e’lon qildi, suratga olish ishlari 2023-yilning yozida boshlandi, 2024-yil 26-dekabrda esa namoyish etildi.

Shafqatsiz o‘yinda g‘alaba qozonib, 45,6 milliard von (38 million dollar) miqdoridagi mukofotni olgan Song Ki Xun qolgan hayotini va qon bilan ishlab topgan pullarini qasos olishga bag‘ishlashga qaror qiladi. Ikki yil o‘tdi, uning azoblariga aloqador bo‘lgan zolimlarni qidirish haliham muvaffaqiyatsiz kechar — Koreyaning son-sanoqsiz orollari orasida ulkan maxfiy majmuani topish unchalik oson emas edi. Banditlar qidirmoqda, politsiya qidirmoqda, lekin bu qarama-qarshi kuchlarning birlashishi ham muvaffaqiyatga olib kelmaydi. Biroq o‘yin tashkilotchilarining o‘zlari Song bilan bog‘lanishadi.

Limuzinda qisqa suhbatdan so‘ng, sobiq qimorboz yana dahshatli orolga boradi, yana xuddi shu 456 raqamini oladi va hayot va o‘lim uchun kalamush poygasida qatnashadi. Ammo endi 456-chi nafaqat omon qolish uchun kurashmoqda, balki imkon qadar ko‘proq odamlarni qutqarishga harakat qilmoqda.

Xo‘rlangan va haqoratlanganlarning ba’zilari darhol uning qanoti ostiga kirishadi. Qolgan ishtirokchilar o‘ynashni va pul ishlashni davom ettirmoqchi bo‘ladilar.

Kalmar o‘yinining qoidalari biroz o‘zgardi: endi har bir qonli musobaqadan so‘ng, o‘yinchilar ovoz berishadi, o‘yinni tugatish va kamroq pul bilan ketish yoki davom ettirish haqida qaror qabul qilishadi, shundan so‘ng pul ikki yoki uch barobar ko‘payadi. Ajablanarlisi shundaki, qayta-qayta katta pul evaziga o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishga tayyor bo‘lganlar soni uyga qaytishga tayyor bo‘lganlar sonidan oshiq.

“Kalmar o‘yini meni kasal qildi. Men keyingi loyiha haqida o‘ylamayapman, shunchaki orolga borishni, o‘zimga vaqt ajratishni va Netflix menga qo‘ng‘iroq qilishni to‘xtatishini xohlayman” — dunyodagi eng mashhur rejissyor Xvang Dong Xyukning yil oxiridagi holatini har birimiz yaxshi tushunsak kerak. Biroq, koreys shou-filmining davomini dunyo bo‘ylab intiqib kutishayotgan edi. 2021-yil o‘rtalarida chiqqan hayajonli serial, albatta, jamoatchilik ongiga katta ta’sir o‘tkazdi: bu Netflix tarixidagi eng yuqori baholangan loyihaga aylandi.

Yangi “Kalmar o‘yini” endi bolalar maydonchasidagi qonga bo‘lgan qiziqish emas, ijtimoiy tengsizlik va sinflararo ekspluatatsiya mavzularini ko‘taradi. Aftidan, Xvang uni yilning eng epik spektakliga aylantirmoqchi bo‘lgan, ammo Netflix`dan buyurtma olganidan so‘ng, rejasining ko‘lami ikkinchi faslga sig‘madi. Yetti qism butun boshli voqeani oxirigacha ko‘rsatib berish uchun yetarli bo‘lmagani ajablanarli emas: ikkinchi fasl ayni janjal avjida tugaydi. Allaqachon suratga olingan uchinchi faslning chiqishi esa 2025-yil yoz fasliga mo‘ljallangan.

Ikkinchi mavsum mazmunan birinchisidan farq qiladi: past tabaqalarning o‘z ekspluatatorlariga qarshi qo‘zg‘oloni ko‘rsatiladi — bosh direktorga bir qator suiqasd urinishlari yuz beradi. Aftidan, Xvang o‘tgan yillar davomida ijodiy qarashlarini yo‘qotmagan. Ikkinchi fasl uning asablarini yanada qaqshatdi: Xvang Netfliks qo‘ng‘iroqlariga javob bermaslik uchun telefonini o‘chirishni orzu qilar va muxlislarning umidlarini oqlamaslikdan qo‘rqardi.

Garchi ko‘p vaqtimizni qon o‘yinlari, yashil sport kostyumlari va pushti kombinzon kiygan qo‘riqchilarni tomosha qilish bilan o‘tkazsak ham, bu safar diqqat biroz o‘zgardi. O‘yinlar istehzoli tarzda demokratlashtirilgan: o‘yinga qabul qilinganlar musobaqani tark etish tarafdori va unga qarshi guruhlarga bo‘linadi va keyin albatta, bir-birini o‘ldirishni boshlaydi. Yangi qahramon, yovuz shaman Song Neo “Matritsa” filmidagi Pifiyaga o‘xshab bashorat qiladi.

Qiziqarli va qaysidir ma’noda urg‘uning tubdan o‘zgarishiga qaramay, ikkinchi fasl sun’iy ravishda cho‘zilgan va juda tez sur’atda o‘tgandek tuyuladi. Voqealar tez rivojlansa ham ular hali ham kerakli kulminatsiyaga erisha olmaydi. Personajlar o‘ta xilma xilligi plyus, albatta: kripto-blogger Li Myung-gi va uning homilador dugonasi Kim Jun Xi, trans ayol ChoXyun-ju, xarizmatik reper, shaman xotin va hatto Shimoliy Koreyadan qochib, qizini u yerda qoldirgan sovuqqon harbiy ayol… Ular bilan yaqinroq tanishish va ularga hamdardlik bildirishning iloji yo‘q — shunchaki vaqt yetarli emas.

Tanqidchilar va tomoshabinlarning fikrlarini hisobga olsak, fikrlar ikkiga bo‘lingan. Ikkinchi faslning birinchi mavsumdagi hayratlanarli tuyg‘u va gipnoz sehriga ega emasligi aniq. O‘shanda undan hechkim hech narsa kutmagan edi, lekin u butun dunyo bo‘ylab katta xitga aylandi. Bu maqomni hisobga olsak, ikkinchi faslda navbatdagi shokni hamma kutgan edi, lekin ma’lum darajada o‘yin bu umidlar qurboniga aylandi. Afsuski, davomi avvalgisiga nisbatan biroz sust bo‘lib chiqdi. O‘yinlar faqat uchinchi qismda boshlanadi, bundan tashqari, o‘yin turlari avvalgi darajada jozibali emas.

Film yaratuvchilari voqeani ishonchli tarzda oldinga siljitish o‘rniga keraksiz detallarga chalg‘ib ketishdi. Birinchi fasl qon elementlari bilan san’atkorona edi. Deyarli har bir kadr mashhur asarlarga, klassik musiqaga, dialoglar esa Markiz de Sadning falsafiy fikrlariga ishora qilardi. Ikkinchi mavsumda nima o‘zgardi? Agar birinchi mavsum puxta o‘ylangan badiiy loyiha bo‘lib ko‘rinsa, ikkinchi faslda shunchaki pul va muvaffaqiyatni talon-taroj qilish istagi bor edi.

Serial o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi: biz tafakkur dramasi o‘rniga kuchli triller ko‘rdik. Biroq, bu haligacha g‘azabnok va murosasiz o‘yin bo‘lib, tomoshabinlarning asablarini o‘ynatib, dunyoning nomukammalligini ochib beradi. Mavsumning og‘riqli finali optimizmga asos bermayapti, ammo kim biladi, uchinchi faslda bu voqeaga qanday nuqta qo‘yilarkin. Kutamiz va baho beramiz.

Nodirabegim Ibrohimova
Muallif
Nodirabegim Ibrohimova