Yangi yil filmlari: nega biz bu kinolarni qayta-qayta koʻramiz?
Yangi yil bayrami yaqinlashgani sari odamlar sovg‘alar, bayram dasturxonlari va qaysi filmlarni koʻrishni rejalashtira boshlaydi. “Home Alone” yoki “Ирония судьбы” kabi klassik filmlar Yangi yil bayramining asosiy atributlaridan biriga aylangan. Bunday filmlar ushbu bayram bilan shunchalik mustahkam bogʻlanganki, ularni yildan yilga eski va qadrdon doʻstlarimizdek koʻramiz.
Afisha.uz Yangi yil bayrami oldidan shunday filmlar fenomenini tahlil qilishga qaror qildi.
Real hayotga yaqinlik
12 oy davomida chiqadigan son-sanoqsiz blokbasterlardan so‘ng, odamlar shunchaki yaqinlari davrasida o‘tirib, ekranda oddiy qahramonlarni tomosha qilishni xohlaydi. Bu filmlar xuddi yil yakunlarini sarhisob qilishga o‘xshaydi. Tomoshabin filmdagi qahramonni kuzatadi, u janrning qoidalariga ko‘ra bir qator sinovlardan o‘tadi va baribir o‘z maqsadiga erishadi. Shu vaqtda muxlis tasodifan Emili Klark suratga tushgan “Last Christmas” filmidagi bir yil ichida ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan qahramonda oʻzini koʻradi.
Kundalik hayotning ko‘plab tasvirlarini taqdim etuvchi Yangi yil manzaralarida, bizga tanish bo‘lgan axloqiy masalalar goh u yerda, goh bu yerda yashiringan boʻladi. Klassik film boʻlgan “It's Wonderful day” (1946) eng ilojsiz vaziyatlarda ham inson hayoti qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi. “The Family Stone!” (2005) esa har qanday nizo va kelishmovchiliklarni bartaraf etish mumkinligini yana bir bor eslatadi.
Marosimlar
Odamlar ekranda o‘z hayotining davom etayotgan bir qismini ko‘rar ekan, bu jarayon hayratlanarli tarzda ba’zi marosimlarni eslatib yuboradi. Chunki u oʻxshash fikrdagi koʻplab odamlarni birlashtiradi.
Bu tuygʻu bizga oila, muhabbat va do‘stlikning qanchalik muhim ekanini eslatadi. Bunday filmlar qiyin vaziyatlarda keraklicha tasalli va yordam berishi mumkin. Biz allaqachon dialoglarini yodlab olgan filmlardagi hikoyalar hammasi yaxshilik bilan tugashi mumkinligiga umid uyg‘otadi.
Aynan shuning uchun ham biz qayta-qayta Jenya tasodifan Leningradga kelib qolganini, Kevin Makkalister oʻgʻrilarni qanday fosh qilayotganini, Endryu Linkoln qahramoni esa Kira Naytliga bo‘lgan muhabbatini chiroyli tarzda izhor qilayotganini ko‘ramiz (“Love Actually”).
Bolalikka qaytish imkoniyati
Yangi yil filmlarining yana bir xususiyati bu bolalik xotiralarini uyg‘otish qobiliyatidir. Biz bu filmlarni ongsiz ravishda ajoyib ssenariy yoki murakkab syujet uchun emas, balki tanish qahramonlar bizni baxtli va mutlaqo xavfsiz bo‘lgan paytlarimizga qaytarishi mumkinligiga ishonishimiz tufayli tomosha qilamiz.
Odatdagi musiqa, ko‘chalarda yonayotgan chiroqlar, maydondagi ulkan archa — bularning barchasi filmga boʻlgan qiziqishni yanada oshiradi va koʻrish uchun boshqa biror qiziqarliroq narsa qidirish ehtimolini pasaytiradi.
“Home Alone” filmi yashash ancha oson bo‘lib tuyulgan va shunchaki koʻproq konfet yeyish dunyodagi eng muhim ish bo‘lgan bolalar bayramlarini qumsash uchun sabab boʻla olishi aniq. Bunday filmlar shunchaki dam olishni va chin dildan kulishni taklif qilibgina qolmay, himoya tuyg‘usini ham ulashadi. Nimalar sodir boʻlishini avvaldan bilib tursangiz ham, yakun sizni yana bir bor quvontiradi.
Yaxshilik yomonlikni yengadi
Yangi yil filmlarining barchasi ham shirin paxtaga o‘xshamasada, ularda hech qachon mutlaqo yovuzlik bo‘lmaydi. Hatto yovuzlar ham ko‘pincha soat o‘n ikkiga bong urguncha to‘g‘ri yo‘lga qaytishga ulguradilar.
Bundan tashqari, “Die Hard,” “The Nightmare Before Christmas,” “Gremlins” yoki hatto “Carol” kabi muqobil bayram filmlari ham juda ko‘p. Ushbu kinokartinalar tufayli biz qor yogʻayotgan vaqtda insonning chuqur ichki muammolarini tadqiq qilishimiz mumkin va aynan yaqinlashib kelayotgan bayram tufayli Runi Mara o‘zining Keyt Blanshettini kutib olishga kelishiga oxirigacha ishonamiz (“Carol”).
Ammo hatto klassik qishki filmlarda ham yovuzik tomon paydo bo‘ladi (bu qahramon bo‘lishi shart emas, balki, masalan, komplekslar yoki xarakter xususiyatlari ham boʻlishi mumkin), biroq uni yengib o‘tish va bayram kayfiyatini saqlab qolish kerak. Bunga yorqin misol qilib “How the Grinch Stole Christmas"ni keltirish mumkin, unda, darvoqe, vaysaqi qahramon bir qarashda klassik yovuz bo‘lib ko‘rinadi, chunki asosiy muammo va yovuzlikning manbai oddiy insoniy empatiyaning yo‘qligi hisoblanadi.
Ideallashtirilgan dunyo
Bayram filmlari nafaqat iliqlik hissini yaratishga yordam bergani uchun, balki bu kinokartinalar tomoshabinlarga biroz noreal dunyoga sayr qilishni taklif etgani uchun ham mashhurdir.
Faqat bosh qahramon opasining eshigini taqillatib, maftunkor Kameron Diazni uchratadigan (“The Holiday”) yoki oshiq-ma'shuqlar o‘z taqdirini haqiqiy ertaklardagidek hal qiladigan (“Serendipity”) Yangi yil romantik komediyalaridagina biz oddiy dialoglar va gʻalati syujet chiziqlarini kechirishga tayyor boʻlamiz.
1942-yilda, AQSh allaqachon Ikkinchi jahon urushiga kirgan vaqtda, amerikaliklar Yangi yil fonida bir guruh san’atkorlar tarixi haqida hikoya qiluvchi “Holiday Inn” musiqiy filmini tomosha qilishadi. Bu mumtoz filmga aylana olmadi, ammo unda yangragan Bing Krosbining “White Christmas” qo‘shig‘i o‘sha yilda mo‘jizaga ishonmaydiganlarning bayram kayfiyatini qaytarishga yordam bergan.
Bu misol shuni ko‘rsatadiki, filmda kundalik qiyinchiliklarni bartaraf etishi uchun kichik va ilhomlantiruvchi detal kifoya qiladi. Tarixchi Penn L. Restad o‘zining 1995-yilda chop etilgan “Christmas Books” kitobida yozishicha, filmdagi Krosbi qo‘shig‘i hech qanday yovuzlik boʻlmagan dunyodagi bayramning timsoli bo‘lgan.