Qishki kayfiyat uchun 15 ta film
Ob-havo biroz isiganiga qaramay, sinopsislar hali hammasi oldinda ekani haqida xabar bermoqda. Qish kunlarida issiq koʻrpaga oʻranib, ta’bga qarab kofe yoki choy ichgan holda sovuqni his qilishingizga yordam beradigan filmlarni tomosha qilish ayni muddao boʻladi.
Afisha.uz qishki kayfiyatni berishi mumkin boʻlgan jahon va oʻzbek kinolari haqida ma’lumot beradi.
It’s a Wonderful Life (1947)
Ushbu filmni haqiqiy klassika deyish mumkin. Kinokartina oq-qora formatda suratga olingan boʻlsa-da, hozirgacha kino ixlosmandlari tomonidan sevib tomosha qilib kelinmoqda.
AQShdagi Bedford Folles nomli oʻylab topilgan shaharchadagi kredit kompaniyasining egasi, halol inson, mehribon er va ota Jorj Beyli boshiga tushgan kulfatlardan ruhan ezilmoqda va o‘z joniga qasd qilish haqida oʻylamoqda.
The Shining (1980)
Eng koʻp memlar tarqalishiga sabab boʻlgan filmlardan biri “The Shining” ham sovuqni his qilishga yordam beradi. Qoʻrqinchli filmlar ishqibozlari uchun ham kinokartina ayni muddao boʻladi.
Jek Torrens xotini va o‘g‘li bilan birga, qishki dam olish mavsumida qorovul sifatida ishlash uchun hashamatli mehmonxonaga keladi. Torrens bu yerda ilgari hech qachon bo‘lmagan. Yoki boʻlganmi? Javob qoʻrquvga toʻla zulmatda yashiringan.
Groundhog Day (Sugʻur kuni) (1993)
Bolaligingizda koʻrgan, ammo sizga yoqmagan filmlar roʻyxati boʻlsa, undan oʻzining yorqin boʻlmagan ranglari bilan “Sugʻur kuni” oʻrin olishi aniq. Biroq uni katta yoshda qayta koʻrar ekansiz, aslida bu ajoyib film boʻlganini tushunishingiz mumkin.
Boshlovchi Fil Konnors har yili Pensilvaniya shtatidagi kichik shaharchaga Sugʻur kunini nishonlash uchun keladi. Ammo bu safar oʻyin-kulgi juda uzoqqa choʻzilishi mumkin. Vaqt unga shafqatsiz hazil qiladi, u shunchaki toʻxtab qoladi. Endi Fil har kun 2-fevral tongida uygʻonadi.
Fargo (1995)
Ushbu film rejissyor Joel Koen tomonidan suratga olingan. Bundan tashqari, kinokartina afsonaviy aktrisa Frensis Makdormandga ilk Oskar mukofotini keltirgani bilan ham ajralib turadi.
Qaynotasi qo‘lida ishlaydigan tortinchoq sotuv menejerida bir fikr paydo boʻladi — oʻz xotinini ogʻirlash. U ikkita jinoyatchini yollaydi, ular ayolni qoʻyib yuborish uchun katta pul talab qilishi kerak edi. Lekin ishlar rejadagidek ketmaydi, qon to‘kiladi… Jasur politsiyachi ayol jinoyatchilarga qarshi chiqadi.
Eternal sunshine of the spotless mind (2004)
Komik aktyor deya e’tirof e’tiladigan Jimm Kerri faoliyatidagi dramatik rollaridan birini aynan ushbu filmda ijro etgan.
Nihoyat, har qanday xotiralardan xalos bo‘lishga imkon beradigan mashina ixtiro qilindi. Joel va Klementina bir-birlarini unutishga qaror qilishadi. Biroq Joelning xotirasida ularning eng zavqli damlari hali ham mavjud. Qancha kam narsa yodida qolsa, shuncha ko‘p sevadi.
Charlie and the Chocolate Factory (Charli va shokolad fabrikasi) (2005)
Hozirda muxlislarning biroz yodidan koʻtarilgan Jonni Depp oʻz vaqtida ajoyib rollar yaratgan. Ulardan biri aynan Villi Vonka obrazidir. Kinokartina qishki kayfiyatdan tashqari moʻjizalarga boʻlgan ishonchni ham ulashadi.
Butun dunyoga mashhur Villi Vonka oʻz shokolad fabrikasiga kirishni xohlaydigan bolalar uchun tanlov e’lon qiladi. Boy va omadli oilalarning farzandlari qatorida kambagʻal oilada oʻsayotgan Charli ham ushbu tanlovda gʻolib chiqadi va shokolad fabrikasiga sayohat qiladi.
Happy Feet (Quvnoq oyoqchalar) (2006)
Bu avstraliyalik rejissyor Jorj Miller tomonidan Nikol Kidman, Robin Uilyams va Xyu Jekman kabi mashhur Gollivud aktyorlari dublyajidagi animatsion musiqiy melodramasidir.
Syujet bir vaqtlar o‘zining ajoyib raqqoslik iste’dodi bilan imperator pingvinlarining butun qabilasini zabt etgan tinib-tinchimas pingvin Mambl ota boʻlgani haqida hikoya qiladi.
Mr. Popper’s Penguins (Mister Popper pingvinlari) (2011)
Yana bir bor Jim Kerriga murojaat qilamiz. Bu safar barchasi oʻz oʻrnida, “Mister Popper pingvinlari” komedik film hisoblanadi. Shunga qaramay, kinokartinadan hayotiy saboqlar olish mumkin.
Popper ikki farzandi uchun namunali otaga aylanadi va yana sobiq rafiqasinining oldiga qaytadi. Bunda uni yoqtirib qolgan pingvinlar yordam beradi. Ular uchun Popper o‘z kvartirasini haqiqiy Janubiy qutbga aylantiradi, qo‘shnilari va hayvonot bog‘i nazoratchisi bilan jang qiladi.
The Revenant (Omon qolgan) (2015)
“Omon qolgan” filmi Alexandro G. Inyarritu tomonidan suratga olingan boʻlsa-da, bu kinokartina Leonardo di Kaprioga ilk Oskar mukofotini olib kelgani bilan ham eslanadi.
Film real voqealarga asoslangan. Amerika yovvoyi g‘arbining noma’lum kengliklarida ovchi Xyu Glass jiddiy yaralangan edi. Yangi yerlarni zabt etish yoʻlida doʻsti Xyu Jon Fitsjerald unga xiyonat qildi va yolg‘izlikda tashlab ketadi. Endi Glassning birgina quroli — iroda kuchi qolgan.
The Hateful Eight (2015)
Rejissyor Kventin Tarantinoning minimalizm uslubida olingan ushbu filmidagi asosiy voqealar bir uy ichida boʻlib oʻtadi. Tashqarida esa sovuq qish va qor boʻroni boʻlayotgandi…
Fuqarolar urushidan keyingi AQSh. Qor bo‘roni sabab turli-tuman 8 nafar odam: general, sherif, meksikalik, fransuz, kovboylar, bosh ovlovchilari va jinoyatchi bir yerda qolib ketadi. Ularni kutilmagan voqealar kutayotgandi.
Ice Age (Muzlik davri) (2002−2026)
“Muzlik davri” multfilmining navbatdagi oltinchi qismi 2026-yilda premyera qilinishi ma’lum boʻldi. Bu animatsion filmlar seriyasi oʻz nomi bilan ham sovuq qish haqida ekanini aytib turibdi. Oramizda koʻpchilik mamontlar haqida hikoyani tomosha qilgan, biroq hozir sevimli qismni yana bir marta koʻrishning ayni vaqti.
Mutfilmda asosan mamont Menni, yalqov Sid va yoʻlbars Diyego haqidagi voqealar hikoya qilinadi.
The Lion, the Witch and the Wardrobe (Narniya) (2005)
Sehrli kiyim javoni ortidagi dunyo barchaga qiziq boʻlib kelgan. Film klassikaga aylangan boʻlib, hali-haligacha muxlislar e’tiboridan chetda qolmagan.
Pevensi oilasining to‘rt farzandi, asosiy qahramonlar Piter, Syuzen, Edmund va Lyusi sehrli javon orqali Neniya mamlakatuga tushib qoladi. U yerda har xil dushmanlarga qarshi kurashish lozim.