Oddiy "Uchastkoviy" taqdiri, qulagan avtobus, Ulugʻbek Qodirovdan kambek: "Uch qahramon" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 1 103
Oddiy "Uchastkoviy" taqdiri, qulagan avtobus, Ulugʻbek Qodirovdan kambek: "Uch qahramon" filmiga taqriz

29-noyabr kuni Milliy kino san’ati saroyida yosh rejissyor Shohruh Rasulov tomonidan suratga olingan “Uch qahramon” filmining ilk katta premyerasi oʻtkazildi.

Mazkur film Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan, Ichki Ishlar Vazirligi Jamoat Xavfsizligi Departamenti bilan hamkorlikda “Spectre Studio” tomonidan yaratilgan.

Premyerada O‘zbekiston madaniy va ijodiy hayotining taniqli vakillari ishtirok etdi. Tadbirni Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov ochib, filmning mazmun va ahamiyatiga urg‘u berdi.

So‘ngra Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev so‘zga chiqib, ushbu filmni so‘nggi yillarda yaratilgan eng yaxshi asarlardan biri sifatida ta’rifladi.

Avvalroq, reper Shoxrux ijrosidagi “Uch qahramon” filmining birinchi saundtreki e’lon qilingan edi. Yopiq premyera kunida esa Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Tohir Sodiqov ijrosidagi yana bir saundtrek taqdim etildi. Qoʻshiq Oʻzbekiston xalq artisti Alibek Kabdurahmanov dirijyorligidagi orkestr sadolari ostida kuylandi.

Afisha.uz muharriri yangi film namoyishida ishtirok etdi va quyida kinokartina haqida fikrlarini bildiradi.

Ehtiyot boʻling, spoyler ham bor.

Film atrofidagi voqealar

Jinoyatchilikka qarshi kurashda birdamlik, mardlik, jasorat va qat’iyat ila o‘z xizmat vazifalarini o‘tayotgan bir qancha Ichki ishlar xodimlari faoliyati haqida so‘z boradigan “Uch qahramon” filmi Shohruh Rasulovning yirik loyihalaridan biri.

Film premyerasidan ancha avval ijtimoiy tarmoqlarda avtobusning suvga qulayotgani videosi tarqalgandi. Bu kadrlar aynan ushbu filmning suratga olish jarayonlaridan lavhalar boʻlgani ta’kidlangan. Ushbu voqea sababli ham kinokartina premyeradan oldinroq tillarga tushgan.

Bundan tashqari, kinokartina nomi haqida biroz chalkash fikrlar ham yuzaga kelgandi. Biroq rejissyor Afisha.uz saytiga bergan intervyusida bunga oydinlik kiritgan.

“Kartina nomi haqida gapiradigan bo‘lsam, ko‘plab muxlislar film Yunusoboddagi „Uch qahramon“ tarixi haqida, degan fikrga boryapti. Ammo film u voqealar asosida suratga olinmayapti, mavzu boshqa. Kartina orqali ichki ishlar xodimlari faoliyati va hayotini ochib berishni maqsad qilganmiz”, — degan edi u.

Kinokartina syujeti (spoylerlar bor)

Film voqealari tilla buyumlar doʻkoniga tushgan oʻgʻrilar haqidagi sahna bilan boshanadi. Ularni qoʻlga olmoqchi boʻlgan profilaktika xodimlaridan biri vafot etadi. Ikkinchisiga esa bu voqea yomon ta’sir qiladi.

Shundan soʻng tartibsizliklar hukm surayotgan, bezoriliklar koʻpaygan Toshkent tasvirlari namoyish etiladi. Mamlakatda mashhur boʻlgan Telegram bot orqali har xil jinoyatlar qilish urfga kirgani aytib oʻtiladi.

YPX va PPX xodimlari hamda profilaktika inspektori ularning asosiy qarorgohini bilib, qarshi kurashishni niyat qiladi.

Ammo ilk urinish omadsiz chiqadi. Ular kamchilik boʻlgani uchun katta miqdordagi qurol-yaroqni olib ketayotgan jinoiy guruhni toʻxtata olmaydi.

Keyin esa ular jinioiy guruh ichiga qoʻshilib, ularning eng katta rejasini barbod qilishga urinadi. Rejaga koʻra, katta namoyishlar oʻtkazilishi va Toshkentning turli nuqtalariga oʻrnatilgan bombalar portlatishi kerak edi. Biroq uch qahramonning sa’y-harakatlari evaziga bombalar zararsizlantiriladi va jinoiy guruhning boshligʻi qoʻlga olinadi.

Qulatilgan avtobus va filmdagi boshqa ishoralar

Kinokartinaning avvalidagi kadrlarda tartibsizliklar kuchaygan Toshkentni koʻrishimiz mumkin. Eng avvalo tundi sodir boʻladigan voqealar nuar janrini eslatib yuboradi. Jinoyatlarni koʻrib oʻzingizni “Betmen” filmlaridagi Gotem shahriga tushib qolgandek his qilishingiz mumkin.

Yoki boʻlmasa, 1990-yillar haqida olingan istalgan filmda ham mana shunday jinoyatlar kuchaygan shaharni koʻrasiz. Albatta, bunday holatdagi shaharlarga “qahramon” kerak boʻladi, bizning filmda esa “qahramonlar”.

“Uch qahramon” filmi kinoni tushunadigan, kino koʻrgan odamlar tomonidan suratga olinganini sezish qiyin emas. Masalan, avtobusning halokatga uchrashi haqidagi epizodda oʻrgimchak odam qahramoniga ishorani koʻrish mumkin.

Yodingizda boʻlsa, ushbu qahramon oʻz toʻrlari va kuchi yordamida oddiy odamlar boʻlgan poyezdni halokatdan qutqaradi. Har xil niqoblarda namoyishga chiqayotgan odamlar esa “Joker” filmini eslatib yuborishi aniq.

“Uch qahramon” vs “Sotqin”

Yuqorida aytib oʻtilganidek “Uch qahramon” filmi ichki ishlar xodimlarining koʻrsatayotgan jasoratlari haqida hikoya qiladi. Filmni koʻrish davomida uni Rustam Sagdiyev tomonidan suratga olingan va 2015-yilda premyera qilingan “Sotqin” filmiga solishtirmoqchi boʻldim.

“Sotqin"da notoʻgʻri yoʻlga kirgan, biroq keyin fikrini oʻzgartirgan qahramon haqida hikoya qilinsa, bunda qahramonlar avvaldan Vatan uchun xizmat qilayotgan xodimlar ekani solishtirishni qiyinlashtiradi.

Bundan tashqari, Rustam Sagdiyev filmi real voqealarga asoslangan boʻlib, 2005-yildagi Andijon voqealari haqida hikoya qiladi. “Uch qahramon” esa badiiy-toʻqima mahsuli boʻlib, voqealar reallikka toʻgʻri kelmaydi.

Ammo ikkala filmning bir-birga oʻxshaydigan eng asosiy tomoni bu pozitsiyalardir. Oʻzbek kinosida rejissyorning yoki ssenariy muallifining yoki buyurtmachining pozitsiyasi boʻrttirib yuboriladi. Buni katta nuqsonlardan biri deyish mumkin. Bir xil fikrdagi qahramonlar yomon va ular oxirida jazosini oladi, ularga qarshi kurashganlarning barchasi qahramon.

Ijobiy qahramonlar “juda ijobiy”, salbiy qahramonlar esa tushunarsiz ravishda “juda salbiy” qilib tasvirlanadi. Oʻz jonini qurbon qilishga tayyor boʻlgan ijobiy qahramonlarda ham, hukumatni egallashga intiladigan salbiy qahramonlarda ham qilmoqchi boʻlgan ishiga motivlar yetishmaydi.

Kinoijodkor tomoshabinga yetkazib bermoqchi boʻlgan fikrni bunchalik ochiq-oshkor koʻrinib turishi doim ham shart emas.

Aktyorlar ijrosi

“Uch qahramon” filmini aktyorlar ijrosi uchun bemalol maqtashimiz mumkin. Kinokartinada bosh rollarni o‘zbekistonlik taniqli aktyorlar Ulug‘bek Qodirovdan, Shohrux Hamdamov va Sirojiddin Sattorov, shuningdek, qozog‘istonlik aktyor Tauekel Musilim hamda tojikistonlik Muhammad Alilar ijro etgan. Ulugʻbek Qodirovdan kambek deyish ham mumkin, aktyor bir necha yillardan buyon katta filmlarda bosh rollardan birini ijro etmagan edi.

Ulugʻbek Qodirov ushbu filmda oʻzi uchun biroz notanish boʻlgan salbiy qahramon obrazini yaratgan. Uni doim yaxshi yigitlar rolida koʻrib oʻrgangan boʻlsak-da, aktyor bu vazifani ham uddalay olgan.

Bosh qahramonlarga kelsak, Shohruh Hamdamov ijrochisini yaxshi deyish mumkin. Qozogʻistonlik taniqli aktyor Tauekel Musilim ham ansamblga juda mos tushgan, yosh aktyor Sirojiddin Sattorov ham oʻz rolini maromiga yetkazib oʻynagan. Ularning kamida 2 tadan epizodlarida muxlislar ovatsiyalarining guvohi boʻlish mumkin edi.

Albatta, asosiy antogonist rolini tojikistonlik aktyor Muhammad Ali ajoyib tarzda ijro etgan. U har qanday vaziyatda ham sovuqqonlikni saqlab qola oladigan “jinoiy toʻda otasi” obrazida gavdalanadi.

Film davomida uni “Sotqin"dagi (yana bir eslatish uchun uzr) Ubaydullo Omon gavdalantirgan qahramonga ham oʻxshatib yuborish mumkin. Lekin o‘zbekistonlik aktyorlar orasida taxminan 10 yil ichida yana bir Ubaydullo Omon kabi aktyor chiqmagani odamni hayratga soladi.

Xulosa

Filmning asosiy maqsadi jinoyatchilikka qarshi kurashda turli xodimlarning birdamligi, mardligi, jasorati va qat’iyatini koʻrsatish ekanini hisobga olsak, kinokartina buni koʻrsata olgan. Birlamchi natijaga erishilgan.

Soʻnggi yillarda oʻzbek filmlarida yaxshigina oʻsish kuzatildi. “Uch qahramon” kinosini mana shu oʻsish yoʻlidagi yana bir film deyish mumkin. Oilaviy borib, kinoteatrda bir koʻrib kelishga arziydi.

Qahramonlar oʻrtasidagi dialoglar tabiiy chiqqan, buni alohida ta’kidlab oʻtish lozim. Oʻzbek filmlarida aksariyat hollarda aktyorlar nutqini yodlab, his qilmay gapirayotganiga guvoh boʻlish mumkin.

Umid qilamizki, 2024-yilda oʻzbek kinosida boʻlgan samaradorlik 2025-yilda ham davom etadi. Yaxshi filmlar chiqishi toʻxtab qolmaydi.

Unutmang, Afisha.uz`da kinoteatrlardagi seanslar jadvalini topishingiz va oʻzingizga qulay vaqt uchun chiptani onlayn xarid qilishingiz mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov