"Oʻzbekcha Rokki Balboa": Bahodir Jalolov haqida film suratga olindi
Bugun, 26-noyabr kuni “InterContinental” mehmonxonasida Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov haqida suratga olinayotgan “Yengilmas: Tokioga yoʻl” filmiga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi.
Konferensiya “checha” obrazi bilan mashhur boʻlgan va ushbu filmda ham rol ijro etgan Aziza Begmatovaning changqovuz chalishi bilan boshlandi. Kinnokartina rejissyori Akrom Isoqov va bosh rol ijrochisi Dadaxon Obidovdan tashqari tadbirda Erkin Komilov, Saida Rametova, Behzod Muhammadkarimov, Javohir Zokirov va boshqalar ishtirok etdi.
“Yengilmas: Tokioga yoʻl” filmi yaponiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda suratga olingan boʻlib, konferensiyada Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Takashi Hatori soʻzga chiqdi.
Ushbu film Olimpiada, Osiyo va jahon chempioni, Bahodir Jalolov va uning fidoyi murabbiylariga bag‘ishlangan. Filmda sportchini g‘alaba sari yetaklagan mashaqqatli yo‘l namoyish etiladi. Bu nafaqat ringda, balki uning tashqarisida ham — adolat, haqiqat, sha’n va qadr-qimmat uchun kurashni koʻrsatadi.