"Chashma", "Feride", "Poyma-poy": Yolqin Toʻychiyevning mashhur 10 ta filmi

E’lon qilingan sana· 808
"Chashma", "Feride", "Poyma-poy": Yolqin Toʻychiyevning mashhur 10 ta filmi

2000-yillarning boshida oʻzbek kinosi katta oʻsishga erishadi. “Oʻzbekkino"dan tashqari bir qator sifatli xususiy kinokartinalar ham dunyo yuzini koʻradi. Shu vaqtda bir qator rejissyorlar oʻzlarining hozirgacha eslanadigan va qayta-qayta tomosha qilinadigan filmlarini ishlaydi.

Ular orasida Yolqin Toʻychiyev ham boʻlib, u nafaqat rejissyor ishi balki yozgan ssenariylari bilan ham maqtana oladi. Afisha.uz quyida rejissyorning filmlarini bir yerga jamladi.


“Qor qoʻynida lola” (2003)

Yolqin Toʻychiyev oʻz faoliyati davomida boshqa bir oʻzbek rejissyori Ayub Shahobiddinov bilan birgalikda koʻplab filmlar ustida ishlagan. 2003-yilda premyera qilingan “Qor qoʻynida Lola” filmiga ham bu ikki ijodkor birgalikda rejissyorlik qilgan.

Kinokartina yozuvchi Abdulhamid Choʻlponning “Qor qoʻynida Lola” nomli hikoyasi asosida suratga olingan.


“Chashma” (2006)

Oʻsha mashhur nima qilsa ham natijasi tandir boʻladigan qahramon aynan “Chashma” filmida koʻrinish beradi. Yolqin Toʻychiyev ilk filmida uch yil oʻtib mualliflik kinosini yaratadi. Rejissyor ushbu film bilan bir qator festivallarda sovrinlarga ega chiqadi.

Filmda asosiy rollarni Nigora Karimboyeva, Shodiya Toʻxtayeva, Farhod Abdullayev, Ra’no Yarasheva kabi mashhur oʻzbek aktyorlari ijro etgan.


“Sukunat” (2008)

2008-yilda premyera qilingan “Sukunat” filmida Yolqin Toʻychiyev ham rejissyor, ham ssenariy muallifi sifatida ishlagan. Unda bosh rollarni Ra’no Shodiyeva va Nozim Toʻlaxoʻjayevlar ijro etgan.

Lobar — taniqli aktrisa. Har qanday muvaffaqiyatli inson kabi u ham kasbi va oilasi o‘rtasida sarsonlikka duch keladi. Unga eshitish qobiliyatini yo‘qotgan mashhur aktrisa rolini o‘ynashi kerak bo‘lgan yangi film ssenariysini taklif qilishadi. Ammo suratga olish ishlari boshlanganda, Lobar oilasida ichki kelishmovchilik sodir bo‘ladi: u asta-sekin reallik bilan aloqasini yo‘qota boshlaydi.


“Feride” (2008)

“Feride” ilk va sof muhabbat, unga erishish yo‘lidagi to‘siqlar, do‘stlik hamda xiyonat haqidagi romantik film hisoblanadi. Bosh rollarni hozirda oʻzbek kinosida koʻrinish bermaydigan Farrux Soipov, Gulchehra Eshonqulova hamda Indi ijro etgan.

Filmning bosh qahramoni Farida — internatda o‘sgan yetim. U yerda Farhod bilan tanishdi va asta-sekin ularning his-tuyg‘ulari muhabbatga aylandi. Ammo yigitchaning otasi munosabatlarga qarshi. Voyaga yetgach, Farida universitetga o‘qishga kiradi va u yerda o‘zining birinchi sevgisini uchratadi.

Filmni tomosha qilish.


“Poyma-poy” (2009)

Yolqin Toʻychiyev Adiz Rajavob bilan birgalikda koʻplab filmlar yaratgan. Ular orasida 2009-yilda katta ekranlarga chiqarilgan “Poyma-poy” filmini alohida olib koʻrsatish mumkin.

Boy yigit bir qizni jon-jahdi bilan sevib qoladi. Ota-onasi esa bu nikohga qarshi boʻladi, ammo yoshlar baribir turmush quradi va mustaqil hayot boshlaydi. Boy oilada oʻsgan yigitga maishiy qiyinchiliklarni yengib o‘tish oson boʻlmaydi.

Filmni tomosha qilish.


“Farishtaginam” (2010)

“Janob hech kim” filmida ssenariy muallifi sifatida faoliyat olib borgan Yolqin Toʻychiyev kinokartina bosh qahramoni Alisher Uzoqovni oʻz kinosida ham koʻrishni istaydi. “Farishtaginam"da Uzoqov bilan tandemda yosh aktrisa Sevara Soliyeva koʻrinish beradi. Bundan tashqari, filmda Saida Rametova ham rol oʻynagan.

Boy ota-ona o‘g‘lini uylanishga majburlaydi. Qasos olish uchun yigit yengil tabiat qizni oʻz xotini rolini oʻynashi uchun yollamoqchi boʻladi. Qiz yetim va yashaydigan joyi boʻlmagani uchun bu taklifga rozi boʻladi.


“Uchar qiz” (2010)

Yolqin Toʻychiyev tomonidan ishlangan navbatdagi filmda Adiz Rajabov va Asal Shodiyeva juftligini koʻrish mumkin. Ushbu fantastik melodramma bir qator oilaviy muammolarni koʻtargani bilan ham koʻpchilikning yodida qolgan.

Film uzoq qishloqda yashovchi yigit haqida hikoya qiladi. Lekin u oddiy yigit emas, mexanik-kashfiyotchi. Yigit doimo qandaydir aql bovar qilmas qurilmalarni ixtiro qiladi. Lekin uning eng sevimli mashg‘uloti tungi bedorlik va yulduzlarni kuzatishdir. Bir kuni u noma’lum uchuvchi obyektning paydo bo‘lganini payqaydi.

Filmni tomosha qilish.


“Afg‘on” (2011)

Yuqoridagi filmda komediya elementlari sezilsa, 2011-yilda premyera qilingan “Afgʻon” filmi juda ogʻir kino hisoblanadi. Oʻzbek kinosida urushning asoratlari haqida filmlar yetarli boʻlib, ushbu kinokartina ham ular qatoriga kiradi.

Akbar — raisning o‘g‘li. Qishloqda uni qochoq, isnodga qolgan yigit, deb bilishadi. Chunki u armiyada xizmat qilishdan qochib yuribdi. Bu paytda Afg‘onistonda urush ketyapti. Yoshlar “sotsialistik g‘oyalar” uchun halok bo‘lmoqda, Akbar esa ularning uylariga “Gruz 200"ni tashimoqda.


“Faridaning ikki ming qo‘shig‘i"(2020)

Oʻzbekiston tomonidan Oskar sovrini uchun yuborilgan “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmiga ham Yolqin Toʻychiyev rejissyorlik qilgan. Film bunday nufuzli sovrinni qoʻlga kirita olmadi, ammo buni oʻzbek kinosi uchun yutuq deyish mumkin.

Markaziy Osiyoda fuqarolar urushi avj olmoqda. Aholi bolsheviklar hokimiyati yaqinlashib kelayotgani tufayli o‘zining noaniq kelajagidan xavotirda yashamoqda. Ammo bu Komilni tashvishga solmaydi, chunki u dunyoviy tashvishlardan uzoqda yashaydi. Uning yagona maqsadi oʻz davomchisi, hali tugʻilmagan farzandiga ega boʻlish.


“Evrilish” (2022)

“Afgʻon” filmidan 11 yil oʻtib, Yolqin Toʻychiyev yana bir bor urush mavzusiga toʻxtaladi. 2022-yida premyera qilingan “Evrilish” filmi bir qator xalqaro kinofestivallarda sovrinlar qoʻlga kiritgani bilan ham ajralib turadi.

Kinokartina syujeti sovet armiyasi safiga chaqirilgan va qaynoq nuqtalardan birida qahramonga aylangan o‘zbekistonlik askarning taqdiri haqida hikoya qiladi.


Kinematografiya agentligining ma’lumotlariga koʻra, rejissyor Yolqin Toʻychiyev hozirda murakkab postanovkali “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” badiiy-tarixiy filmi ustida ishlamoqda.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov