Tanqidlar ostida qolgan yana bir kinokomiks: "Venom: soʻnggi raqs" filmiga taqriz
24-oktyabr kuni Oʻzbekiston kinoteatrlarida “Venom: soʻnggi raqs” filmining premyerasi boʻlib oʻtdi. Kinokartina muxlislar va tanqidchilarning turli xildagi fikrlariga sabab boʻldi. Afisha.uz muharriri ham ushbu filmni tomosha qildi va quyida oʻz fikrlari bilan boʻlishadi. Ehtiyot boʻling, spoylerlar bor.
Film atrofidagi voqealar
Marvel kinoolami va umuman komiks filmlar hozir yaxshi kunlarni boshdan kechirmayapti. “Venom” trilogiyasining navbatdagi qismi ham mana shu omadsizliklarning bir qismiga aylanishi mumkin edi. Ammo kinokartina bosh qahramoni rolini ijro etgan Tom Xardi bu simbiot haqidagi oʻzi ishtirok etgan filmlarning yakuni ekanini ta’kidlagan.
Demak, oʻrtachadan yuqori chiqqan birinchi film va oʻrtachadan past chiqqan ikkinchi filmdagi xikoyani yakunlab qoʻyish uchun bu franshiza trilogiyaga aylantirilgan. Bundan tashqari, Oʻrgimchak odam haqidagi filmda ham Venom personaji titrlardan keyingi sahnalarda koʻrinish bergandi. Bu ham oʻziga yarasha qiziqishni orttirgan.
Film syujeti
“Venom: So‘nggi raqs” “Venom 2” filmi tugagan joydan boshlanadi. Eddi Brok (Tom Xardi) va uning parazit do‘sti simbiot Venom eskirgan meksikancha barda oʻtiradi. Bu vaqtda juftlikni politsiya, harbiylar va ulkan kosmik suvarak-ksenofaglar qidirmoqda.
Politsiya Brokni hamkasbi detektiv Patrik Malliganni o‘ldirganlikda ayblamoqda. Harbiylar esa “51-zona” ostidagi bunkerda simbiotlarni toʻplagan va Venom hamda uning xo‘jayini ustida bir qator tajribalar o‘tkazmoqchi. Ksenofagni esa yovuz qahramon Nall (Andy Serkis) yubordi.
Aynan u bir vaqtlar simbiotlarni yaratgan, ammo ular yaratuvchiga qarshi isyon ko‘targan va uni allaqanday botqoqlikka qamab qo‘ygan. Ozod bo‘lish va dunyoni yana vayron qilish uchun Nall Venomnda yashiringan qandaydir Kodeks — makgaffinni topishi kerak. Agar u yoki Eddi o‘lib qolsa, Kodeks o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi.
Bundan xabar topgan harbiylar dunyoni qutqarish uchun Venomni ta’qib qilishni boshlaydi. Eddi va Venom esa qochishga urinadi.
“Road-movie” va musiqali film
Mustaqil film sifatida “Venom: Soʻnggi raqs” katta muvaffaqiyatga erishmadi. Bu kinokartina “road-movie” boʻlib unda Eddi va Venom o‘z nomini oqlash uchun Meksikadan Nyu-Yorkka borishga harakat qiladi. Kinoning boshidayoq oxiri qanday yakunlanishini taxmin qilish oson.
Oʻz-oʻzi bilan gaplashadigan xarizmatik Tom Xardi avvalgi filmlarga qaraganda yaxshiroq koʻrinadi. Venom ham endi yangi dunyo bilan tanishgani uchun dialoglar, hazillar yaxshi chiqqan. Ammo ba’zi oʻrinlarda yoqimsiz hazillar ham yetarlicha topiladi. Xuddi ba’zi harakatlar maktab bolalari uchun moʻljallangandek tasavvur uygʻotadi.
Ammo maqtashga arzigulik narsalardan biri bu grafikalardagi oʻzgarishdir. Ikkinchi filmda bu kamchilik yaqqol koʻzga tashlangan edi. “Soʻnggi raqs"da resa bir qator Venomlarni bir safda boshqa olamdan kelib qolgan maxluqqa qarshi jang qilayotganini koʻrish vizual tomondan zavq bagʻishlashi aniq.
Shu bilan birga, ijodkorlar nafaqat “road-movie”, balki musiqiy film ham suratga olishni xohlashganini ko‘rish mumkin. Ushbu franshizaga bunday musiqiy filmlar yarashadi (DC'ning “Joker” franshizasidan farqli oʻlaroq). Musiqiy sahnalarda kino jonlanganini sezish mumkin.
Filmda Tom Xardi va Ris Evans bolalar bilan “Space Oddity” qo‘shig‘ini kuylaydi, Venom afsonaviy “Queen” guruhining “Don't Stop Me Now” qo‘shig‘i ostida otda haydaydi, keyin esa Las-Vegasdagi hashamatli mehmonxonada “Dancing Queen” qo‘shig‘i ostida Chen xonim (Peggi Lu) bilan raqsga tushadi.
Hech qanday yorqin komeo yoʻq
Sony kompaniyasi oʻz tizerlari bilan tomoshabinlarini aldashni yaxshi koʻradi. Bu filmda ham mana shu holatning guvohi boʻlish mumkin. Tizerda koʻrsatilgan va muxlislarning koʻplab teoriyalariga sabab boʻlgan qahramon aslida kutilganidek boʻlib chiqmadi.
Komikslarda Oʻrgimchak odamning asosiy dushmani deya qaraladigan Venom trilogiyasida u haqda deyarli hech narsa yoʻq. “Venom"ning uchinchi qismidan ham yorqin komeolar oʻrin olmagan. Koʻpchilik ishonmagan, ammo umid qilgan hodisa ham amalga oshmadi. Venom Marvelning asosiy kinoolamiga oʻtmadi. Filmda bunga hech qanday ishora yoʻq.
Bundan tashqari, “Venom: soʻnggi raqs” kinokartinasi katta ehtimol bilan Oʻrgimchak odamning eng yovuz olti dushmaniga qarshi kurashi haqidagi film boʻyicha umidlarni ham yoʻqqa chiqardi. Bir tomondan esa sevimli qahramonimizning hikoyasi ortiqcha choʻzib yuborilmasdan yaxshi yakunlandi.