"Baland poshnali tufligingiz bormi?": "Koʻzlarim yoʻlingda" filmiga taqriz
Oʻzbek kinosi boy tarixga ega. Mana shu tarixning asosini tashkil etadigan eski-qadrdon filmlarni yodga olish va avvalgi oʻzbek kinematografiyasining qanchalik zoʻr boʻlganini koʻrsatish lozim.
Bungacha bir qator filmlar haqida taqrizlar e’lon qilingandi.
Afisha.uz har dam olish kunlari mana shunday filmlar haqida eslatishga va ular haqida yozishga qaror qildi. Bunday filmlarning navbatdagisi — “Koʻzlarim yoʻlingda”.
Syujet
Doimgiday oʻz mashinasida ishdan qaytayotgan yigit Ozodning koʻzi yoʻl chetida chaqaloq ushlab turgan qiz Shodiyaga tushadi. Bu voqeaning boshlanishi edi.
Keyinroq bu chaqaloq oddiy bir oʻyinchoq ekanligi, qiz esa yolgʻiz emas, balki dugonalari bilan oʻz manziliga yigitning mashinasida yetib olmoqchi ekani ma’lum boʻladi. Qishloqlarda kino qoʻyib yuradigan yigitning qalbi oʻsha qizga bogʻlanib, hissiyotlari endi uni tinch qoʻymaydi.
Ammo Shodiya otasining va’dasi sabab qishloq raisining oʻgʻliga erga beriladi. Yigit esa bundan azob chekadi. Kunlarning birida yigit raisning oʻgʻlini boshqa qiz bilan koʻradi. Surishtiruvlar natijasida sevgilisi uch oy oldin ajrashganini va hozir shifoxonada ekanini bilib oladi.
Bu orada Ozod bangilar guruhiga aralashib qoladi. Ular kinochi yigitdan narkotiklarini tekshiruv postidan olib oʻtib qoʻyishni soʻraydi. Yigit majburlikdan rozi boʻladi. Keyin esa sevgisi uchun yana kurashishga va bangilardan oʻch olishga harakat qiladi.
Romantika va jangari janrlarning aralashmasi
“Koʻzlarim yoʻlingda” filmi 1991-yilda romantik va jangari janrlarida suratga olingan. Rejissyor va ssenariy Farhod Musajonov hisoblanadi.
Kinokartina nomidan oddiy romantik filmdek koʻrinadi, ammo bunday emas. Oʻzbek kinosiga faqat romantikadan iborat filmlar yetishmaydi. Ba’zi-ba'zida tomoshabin shunchaki romantik hissiyotlarga shongʻish uchun ham film tomosha qiladi. Ammo bizda doimo boshqa janrlar bilan aralashtirish holati kuzatiladi.
Ushbu filmda ham Mirzabek Holmedov qahramoni oʻz sevgisi bilan kurashish oʻrniga bangilardan oʻch olishga qaror qiladi. Bu qaysidir tomondan toʻgʻridir, ammo ba’zida oddiylik ham filmni yuksaltirishi mumkin.
Shunga qaramay kinokartinada romantika elementlari koʻproq. Bunda sevish ham, sevilish ham, ayriliq ham, undan keyingi qiynalish ham, qayti topishish ham mavjud. Instagram’da mashhur boʻlgan “poshnali etigingiz bormi? Olib chiqing, yuragimni uzib beraman, ezgʻilab tashlaysiz”, jumlasi ham ushbu filmga tegishli. Romantik film koʻrishni istayotganlar uchun bemalol tavsiya qilish mumkin.
Kinoda ba’zi ijtimoiy muammolar ham sezilar-sezilmas tanqid ostiga olinadi. Masalan, narkotik modda ortilgan mashinasini tekshirgan melitsiya xodimlari hech nima topa olmagach, Ozod “burchingizni ham „ajoyib“ qilib bajardingiz”, deya zarda qiladi. Bu ba’zi oʻz xizmat vazifasini suiiste’mol qiladigan xodimlarga qaratiladi.
Bundan tashqari, voqealar oʻzbek fotograflari orasida mashhur boʻlgan Qashqadaryoning Gʻelon qishlogʻida boʻlib oʻtadi. Shu sababdan film davomida chiroyli kadrlarni ham koʻrishingiz mumkin.
Aktyorlar va aktrisalar
Kinokartinada hozirda katta avlod deya ataladigan aktyor va aktrisalar ham, 1991-yilda yosh boʻlgan ijodkorlar ham suratga tushgan. Bosh rolni yumorist Mirzabek Holmedov ijro etgan. Shu filmdagi ijrosi bilan u nafaqat yumorist ekanini balki, jiddiiy rollarni ham yaxshi oʻynay olishini koʻrsatgan.
Shodiya rolini goʻzal va betakror Fotima Rejemetova ijro etadi. U shoʻx shaddod qiz rolini oʻynaydi va koʻpchilikning yodiga shu roli bilan kelsa ajab emas.
Bunda tashqari, filmda Melis Abzalovning, Rixsi Ibrohimovaning, Surat Poʻlatovning, Mukambar Rahimovaning unutilmas rollari bor. Ikkinchi darajali rollarni Dilbar Ikromova, Karomat Isomova kabi aktrisalar maromiga yetkazgan.
Bangilardan birining rolini Tesha Moʻminov ijro etgan. Ushbu aktyorni bemalol Oʻzbekistonnig Morgan Frimani deb atash mumkin. Chunki u 1991-yilda suratga olingan filmda ham qariya boʻlgan, hozir ham shunday (“Kelinlar qoʻzgʻaloni” filmiga koʻz yumamiz).
Xulosa
Oʻzbek filmlariga ba’zida shunchaki oddiylik yetishmaydi. Ijodkorlar hamma narsani aralashtirishga harakat qiladi. Ammo tomoshabin doim ham janrdan janrga sakraydigan emas bir maromda ketadigan filmlarni ham xohlaydi.
“Koʻzlarmi yoʻlingda” filmi ham mana shu talabga mos kelishi mumkin edi. Biroq unday boʻlmagan. Shunga qaramay, uzoq qishloqqa sevgilisi uchun filmlar olib boradigan “kinochi aka” haqidagi kinoni koʻrish va undan zavq olish mumkin.