Ajrashish uchun Issiqkoʻl tomon sayohat: "Jigar" filmiga taqriz
16-oktyabr kuni “Cinematica” kinoteatrida qirg‘iz kinoijodkorlar tomonidan ishlangan “Jigar” filmining oʻzbek tilidagi yopiq premyerasi boʻlib oʻtdi. Afisha.uz muharriri ushbu filmni tomosha qildi va quyida oʻz fikrlari bilan boʻlishadi. Ehtiyot boʻling, spoylerlar bor.
Kecha, 17-oktyabr kuni komedik janrda suratga olingan Qirgʻizistonning “Jigar” filmi O‘zbekiston kinoteatrlari va “iTV” platformasida oʻzbek tilida premyera qilindi. Ma’lumot uchun, ushbu film 2021-yilda suratga olingan boʻlib, hozirgacha ikkinchi va uchinchi qismi ham katta ekranlarga chiqarilgan.
Albatta, film davomida bundan bexabar edik va xuddi oʻzimizni yangi kino koʻrayotgandek his qildik. Ammo internetni titar ekanman, bu ma’lumotdan xafsalam pir boʻldi. Chunki oʻzbek tilidagi premyeragacha hech qayerda kino aslida 2021-yilda olingani haqida ma’lumot yoʻq edi. Qizigʻi hozirgacha kinokartinaning ikkinchi va uchinchi qismi ham suratga olingan ekan. Ular ham bir necha yildan soʻng oʻzbek bozoriga kirib kelish ehtimoli yoʻq emas.
Film syujetiga koʻra, Baxt va Qanikey oilaviy kelishmovchiliklardan soʻng ajrashishga qaror qiladi. Ammo ularning nikohdan o‘tgan joyi Issiqko‘l bo‘lgani uchun, oʻsha yerga borishga majbur. Kutilmaganda ularning mashinasi buziladi va shu payt Koychubekovlar oilasi yordamga keladi. Ular ham Issiqko‘lga ketayotgandi.
Baxt va Kanikey ko‘p vaqt yo‘qotgani sababli, Koychibekovlarning taklifi bilan ularning mashinasida borishga rozi bo‘lishadi. Yagona muammo shuki — Koychubekovlar ham oddiy oila emas. Ularning safari uzoq davom etadi.
Kinematografiyada “road movie” janri bor. Unda qaysidir oila, doʻstlar yoki umuman bir-birini tanimaydigan odamlar guruhi birgalikda safarga chiqadi. Film voqealari mana shu yoʻlda boʻlib oʻtadi. “Jigar” ham mana shu stildagi kino, ammo bu film haqiqatdan ham janr qoidalariga mos keladimi, degan savol yuzaga keladi.
Bu janrdagi eng mashhur filmlardan biri “Little Miss Sunshine"ni misol qilib olsak, unda ham 6 nafar qahramon uzoq yoʻlga otlanadi. Ammo “Jigar"dan farqli oʻlaroq ularning barchasida bu sayohatdan jiddiy motiv boʻladi. Bu filmda esa sayohatdagi ikki qahramonning umuman motivatsiyasi yoʻq. Ularning Issiqkoʻlga nima uchun otlangani boʻyicha ham aniq bir ma’lumot berilmaydi. Yoʻqlikdan kelib, yoʻqlikka ketgandek goʻyo.
Qoʻshnilar ajrashmoqchi boʻlgan qahramonlarni bu yoʻldan qaytarishga harakat qiladimi yoki “olovga oʻtin qalaydimi” sezish qiyin. Xuddi ular filmga faqatgina semizlik va beldan pastga yoʻnaltirilgan oʻxshamagan hazillar uchun kerakdek taassurot uygʻotadi.
Shu oʻrinda filmining dublyaji haqida ham gapirib oʻtish kerak. Dublyajni yaxshi deb boʻlmaydi, tarjimada ham ba’zi noʻnoqliklar sezilgan. Shuningdek, dialoglarning teng yarmi quloqqa oʻrnashib qolgan ruscha soʻzlardan iborat. Bu qirgʻiz tilida normal tuyulishi mumkin, lekin adabiy oʻzbek tili va asosadan koʻchada ishlatiladigan ruscha soʻzlar umuman qovushmagan.
Dilni xira qiladigan holatlardan yana biri bu “ekrandan chiqib ketay” deydigan reklamalardir. Toʻgʻri jahon kinosida ham bunday yashirin reklamalardan foydalaniladi. Ammo “Jigar"da buni yashirishga ham harakat qilinmagan.
Film yakunida, hamma sezib turganidek, qahramonlar ajrashmaslikka qaror qiladi. Bu uchun ham ularda motivlar yetarli emas (xuddi ular nega ajrashmoqchi ekani filmda eslab oʻtilmagandek). Umuman olganda “Jigar” kinodan ham koʻra koʻproq bir yarim soatlik sketchga oʻxshaydi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, qoʻshnilarimiz yaxshi filmlar qatorida yaxshi boʻlmagan filmlarni ishlashda ham davom etmoqda. Ikkala turga kiradigan filmlar ham oʻzbek bozoriga kirib kelmoqda. “Jannat onalar oyogʻi ostida” filmi kassada yuqori natijalar koʻrsatgandi. “Jigar"ning natijasini esa endi bilib olamiz.