"Har bir odamning bosib oʻtishi kerak boʻlgan sahrosi boʻladi": "Maktub" filmiga taqriz
Oʻzbek kinosi boy tarixga ega. Mana shu tarixning asosini tashkil etadigan eski-qadrdon filmlarni yodga olish va avvalgi oʻzbek kinematografiyasining qanchalik zoʻr boʻlganini koʻrsatish lozim.
Bungacha “Oʻyin” va “Kelgindi kuyov” filmlari haqida taqrizlar e’lon qilingandi.
Afisha.uz har dam olish kunlari mana shunday filmlar haqida eslatishga va ular haqida yozishga qaror qildi. Bunday filmlarning navbatdagisi — “Maktub”.
2009-yilda premyera qilingan “Maktub” mualliflik filmi boʻlib katta auditoriyalar uchun yaratilmagan. Kinokartinaning rejissyori ham, prodyuseri ham, montajchisi ham, gʻoya muallifi ham Sherzod Shoxalilov hisoblanadi.
Syujet (spoylerlar bor)
Avtobus kutish joyi yaqinida Nigina va Rustam toʻqnashib ketadi. Qizning avtobus bileti tushib qolganini koʻrgan yigit uning ortidan yuguradi va shu orqali tanishadi. Ular bir-birini sevib qoladi va turmush quradi.
Baxtli kunlarning birida Rustamning sogʻligʻi yomonlashadi va unda saraton aniqlanadi. Nigina eri uchun oʻz karyerasidan voz kechishga qaror qiladi, ammo eri bunday qilmasligini va oʻz sevimli kasbi tomon intilishini soʻraydi.
Biroz vaqtdan keyin Rustam vafot etadi. Biroq Niginaga vafot etgan eridan avvaldan yozib qoʻyilgan xatlar kelishni boshlaydi.
Bu tushkunlikka tushib qolgan qahramon uchun yupanch boʻladi. Tushkun hayotida yashayotgan Nigina homilador ekanini bilib qoladi va bu holat uni yana hayotga qaytaradi.
Ideal minimalizm va melanholik kayfiyat
Kinoda asosiy rollar uchta boʻlib, ularni Bobur Yo‘ldoshev, Ra’no Shodiyeva hamda Murod Rajabovlar ijro etgan. “Maktub” Bobur Yoʻldoshev va Ra’no Shodiyeva birga rol oʻynagan uchinchi kinokartina hisoblanadi.
Bunday minimalistik uslubda olingan filmlar har doim oʻz tomoshabinlarini topadi. Masalan, 2022-yilda bosh qahramon rolini oʻynagan Brendon Freyzerga Oskar mukofotini keltirgan “Kit” filmi ham minimalizm hisoblanadi.
Ushbu filmda esa bunday uslub melanholik kuzgi kayfiyat bilan qorishtirilgan va ajoyib kolloboratsiya yaratilgan deyish mumkin. Filmni hozir, kuz faslida koʻrsangiz yanada koʻproq ta’sir qilishi aniq. Uch kishi bilan deyarli bir yarim soatlik shedevrni suratga olish ancha qiyin ish hisoblanadi.
Kinokartina sof muhabbat haqida soʻzlaydi. Bir-biri uchun yaratilgan ikki inson tasodif tufayli topishishi, oila qurishi va baxtli kunlarni boshidan kechirishi hamda mudhish holatda ayrilishi koʻzingizga yosh toʻldiradi. Shuningdek, mehr, sadoqat kabi tushunchalar to‘liq ifodalab beriladi.
Ramzlar
Kinoda ramzlarga ham yaxshi e’tibor qaratilgan. Masalan, ikki sevishganing bir-biriga baxtli nigohlarini soatning bong urishi buzadi va Nigina “Sizning „joningiz“ oʻqishga kechikyapti”, deya chiqib ketadi.
Xuddi shu holat Rustam bilan ham yuz beradi. Yigit soat bongidan keyin ishga kechikayotganini aytadi. Bosh qahramon vafot etadigan epizodda ham aynan soat bongi oʻlim soati kelganini anglatadi.
Erining oʻlimidan soʻng Nigina uyidagi barcha ishlayotgan narsalarni, telefonni, gromofonni va oʻsha soatni ham toʻxtatadi. Xuddi muhabbatsiz hayot davom etmaydigandek.
Ammo vujudida sevgilisining yodgori borligini sezgach, hayot nishonlarini qaytaradi. U yana sevishi mumkinligini tushunadi.
Aktyorlar ijrosi
Albatta, bunday filmlarda ssenariy va rejissyorlikdan tashqari aktyorlar mahoratiga ham katta e’tibor qaratiladi. Bobur Yoʻldoshev ham, Ra’no Shodiyeva ham bu filmda bundan avvalgi va keyingi rollariga oʻxshamaydigan bir ijroni koʻrsatganki, “Maktub” tomoshabop boʻlgan.
Tajribali Murod Rajabov ham ikki yosh aktyor va aktrisani ajoyib tarzda toʻldirgan. Uchchala qahramondan ham samimiylik ufurib turadi. Buni filmda qilingan begʻubor hazillar va kulgilardan sezish mumkin.
Masalan, Nigina va Rustamga nikoh oʻqilayotgan sahnada Murod Rajabov qahramoni kuyovning toʻnini tikib oʻtirishi, yoki yosh oilaga sovgʻa sifatida oʻziga qadrli boʻlgan gromofonni olib kelishi epizodlari tomoshabinni yanada qiziqtiradi.
Musiqalar
Film musiqalari ustida ham professional odamlar ishlagani seziladi. Chunki film tematikasiga musiqalar mos tushadi. Xatto xalq orasida shoʻx qoʻshiq hisoblangan “Gʻayra-gʻayra” ham bu filmda ogʻir kuy sifatida yangraydi.
Yuqorida tilga olingan Murod Rajabovning yosh oilaga gromofon sovgʻa qilish sahnasida “Otmagay tong” qoʻshigʻi plastinkada ijro etiladi. Oʻzi oʻzbek kinosida Murod Rajabovning raqslari alohida e’tiborga loyiq mavzu boʻlib, aktyor “Maktub"da aynan mana shu qoʻshiqqa ham raqsga tushadi.
Film uchun asosiy saundtrek sifatida “Bolalar” guruhining “Maktub” qoʻshigʻi tanlangan.
“Maktub” filmi vaybini haqiqatan his qilish uchun uni shu kunlarda koʻrishni tavsiya qilamiz.