"Dunyoda qimor bor ekan, hali koʻp senga oʻxshagan yigitlar Rossiyaga ketadi". "Oʻyin" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 3 194
"Dunyoda qimor bor ekan, hali koʻp senga oʻxshagan yigitlar Rossiyaga ketadi". "Oʻyin" filmiga taqriz

Oʻzbek kinosi boy tarixga ega. Uni bemalol davrlarga boʻlib oʻrganish hamda barcha davrlarda sifatli suratga olingan yaxshi filmlarni topish mumkin.

Afisha.uz har dam olish kunlari oldidan mana shunday filmlar haqida eslatishga va ular haqida yozishga qaror qildi. Bunday filmlarning birinchisi — “Oʻyin”.

Rejissyor Bahriddin Aynazarov tomonidan suratga olingan “Oʻyin” filmi 2005-yilda 5-studiya yoshlar ijodiy uyushmasida yaratilgan. Umuman olganda film yaratilishida katta tajribaga ega ijodkorlar ishlaganini ta’kidlash mumkin.

Masalan, film voqealariga Yusuf Roziyevning hikoyalari asos boʻlgan. Ssenariy muallifi sifatida juda katta tajriba va mahoratga ega yozuvchi Sharof Boshbekov ishlagan.

Ma’lumot uchun, Boshbekov mashhur “Charxpalak” serialining ham ssenaristi, shuningdek, klassik “Temir xotin” asarining muallifidir.

Film syujeti (spoylerlar bor)

Film syujetiga koʻra, Jamshid togʻasi olib bergan choyxonaning egasi hisoblanadi. Jamshid doʻsti armiyadan kelganini eshitgach, uning uyiga mehmonga boradi. Mehmonda Abror ismli qimorboz bilan tanishadi va u bilan katta puldan qimor oʻynaladigan mehmondorchilikka borishga qaror qiladi.

Birinchi urinishda katta pul yutib olgach, Jamshid yana oʻynashga qaror qiladi va Abrordan katta pul qarz boʻlib qoladi. Abror qarzni toʻlash uchun 2 kun muhlat beradi. Ammo Jamshid pulni topa olmaydi va katta muammolar qarshisida qoladi.

Yulduzli tarkib

“Oʻyin” kinokartinasidagi aktyor va aktrisalar tarkibini bemalol yulduzli deyish mumkin. Koʻpchilikning yodida yosh Ulugʻbek Qodirov oʻynagani bilan qolgan kinoda undan tashqari asosiy rollarni Fotih Jalolov va Toʻxtamurod Azizovlar oʻynagan.

Bundan tashqari, Yayra Abdullayeva, Munavvara Abdullayeva, Shodiya Toʻxtayeva, Nozim Toʻlaxoʻjayev, Jumadilla Rametov, Sayfiddin Meyliyevlarni ikki darajali va epizodik rollarda koʻrish mumkin.

Lekin filmda rol ijro etgan aktyorlarning oʻz ovozlarini eshitmaysiz. Ularga boshqa dubyaj aktyorlari ovoz bergan.

Filmdagi har bir rolning oʻziga yarasha vazifasi boʻlib, hech qaysi obraz kinoga zoʻraki qoʻshilmaganini sezish mumkin. Masalan, koʻchadagi mayda-chuyda sotuvchisi Yayra Abdullayevani olaylik. Uning kitob oʻqib oʻtirishi va chekishi obraz haqida qaysidir ma’noda ma’lumotga ega boʻlishga yordam beradi. Bundan tashqari, aynan Yayra Abdullayeva bosh qahramonga film voqealariga tegishli boʻlgan jumlalarni aytadi:

“Yaxshi yashamoq uchun koʻpni bilmoq darkor,

Lekin ikki muhim amalni unutma zinhor.

Ochlik afzaldir yemoqdan bisyor,

Yolgʻizlikni tanla, gar oshnolar agʻyor".

Shuningdek, Sayfiddin Meyliyev filmda epizodik rolni ijro etgan. Kino soʻngida Jamshidni jazolash uchun olib kelishganda uning qoʻliga topshirishadi. U esa oʻz ishini bajarishidan oldin xayolidan oʻtayotgan gaplarni aytishga qaror qiladi. Filmning xulosasi, kino yaratuvchilarining aytmoqchi boʻlgan gapi, yetkazmoqchi boʻlgan fikri aniq-ravshan boʻladi.

Jamshidni oʻldirishga tayyorlanayotgan qahramon “Dunyoda qimor bor ekan hali koʻp senga oʻxshagan yigitlar Rossiyaga ketadi”, degan gapni aytadi. Bu bilan bunday ish birinchi marta emasligi, oxirgi marta ham emasligiga belgi beriladi.

Bundan tashqari, qimorning qanchalik yomonligi va oxiri yaxshilik bilan tugamasligi eslatiladi. Va nihoyat Jamshid kabi qimor sabab umriga yakun yasalgan yosh yigitlar juda koʻpligiga urgʻu beriladi. Birgina jumlada shuncha ma’no, zoʻr-a?!

Davr shukuhi

Filmda detallarga yaxshi e’tibor berilgan. Masalan, choyxonadagi boshliq xonasi devorlarida oʻsha vaqtda trendda boʻlgan shakira va Jenifer Lopez suratlarini osilganini koʻrish mumkin. Oʻzi umuman devorga osiladigan suratli taqvimlar nostalgiya uygʻotadi.

Mashhur rejissyor Kventin Tarantino modaga aylantirgan kadrlarni ham filmda koʻrish mumkin. Masalan, mashina yukxonasi ichidan olingan kadr darhol Tarantinoni eslatadi.

Ancha avval suratga olingan yaxshi filmlar haqida gap ketganda, hozir bunday filmlar olinmay qoʻygani haqida soʻz boradi. Ammo bu davr kontekstiga juda ham bogʻliq hisoblanadi.

Masalan, 2000-yillar uchun aktual boʻlgan muammolar hozirgi vaqt uchun toʻgʻri kelamydi. Qimor oʻyini va buning orqasidan juda katta muammolar kelib chiqishi 2005-yil uchun muhim mavzu hisoblangan.

Oʻzbek kinosidagi eng saspensga boy sahna

Agar har bir sahnani alohida olib koʻrsa, ularning deyarli hammasi qiziqligini yoʻqotmaydi. Film umuman zeriktirmaydi va yuqori notalarni ushlab turadi.

Bunday sahnalardan biri qimor oʻynaladigan va Jamshid katta pulga tushadigan epizoddir. Qorongʻu tun va kichik xona, odamlar hamda pullar, qarta bularning barchasi mana shu sahnada mujassam boʻladi. Filmning burilish nuqtasi ham shu.

Bolaligimda filmni koʻrgach “Shayton” laqabli oʻyinching oddiy qartalari qanday qilib eng yirik qartalarga aylanib qolganini tushunmaganman. Kinematografiya tomonidan olib qaraganda bu sahna absurd boʻlsa ham xayolimdan “ha, demak qimorbozlar mana shunday aladaydi”, degan fikr oʻrnashgan. Lekin filmni shu kunlarda qayta koʻrar ekanman, bu epizodning soʻnggida yangi qarta ochilgani va yirik qartalar boshqa joydan olinganiga ishora qilingan.

Aynan mana shu sahnadagi musiqa ham qiziqishni eng yuqori darajaga olib chiqadi. Jamshidni yutadigan “Shayton"ning yuz tuzilishi yirik planda koʻrsatilganda odam bexosdan qoʻrqib ketishi tabiiy. “Shayton” laqabi ham bejiz tanlanmagan boʻlsa kerak. 2000-yillarda oʻzbek adabiyotida ramzlarni ismlar orqali yaratish modaga aylangan.

Xulosa

“Oʻyin” filmini bemalol vaqt oʻtgan sayin koʻrish mumkin boʻlgan kinokartinalar qatoriga kiritish mumkin. Kinoning yuqorida sanab oʻtilgan ijobiy tomonlari uni qayta hozirda ham qayta koʻrishga sabab boʻladi.

Shuningdek, kinoning “сверхидея"si ham hozirgacha eskirmagan. Qanaqadir kichik xonalarda yigʻilib, qimor oʻynab, katta-katta pullar va hayotlarni yoʻqotish holatlari hozirda “onlayn format"ga koʻchgan. Internetda qimor oʻyinlarini oʻynab, katta miqdordagi pullarini yoʻqotganlar haqidagi xabarlarni ham orada eshitib turamiz. Ularga “Oʻyin” filmini bemalol tavsiya qilishingiz mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov