XVI Toshkent xalqaro kinofestivali sanasi koʻchirildi

E’lon qilingan sana· 597
XVI Toshkent xalqaro kinofestivali sanasi koʻchirildi

“Ipak yoʻli gavhari” XVI Toshkent xalqaro kinofestivalining oʻtkazilish muddati koʻchirildi, deb xabar bermoqda festival axborot xizmati.

Qayd etilishicha, Ipak yoʻli durdonasi XVI Toshkent xalqaro kinofestivali Toshkent shahrida 15−19-sentyabr kunlari oʻtkazish rejalashtirilgandi. Biroq kinofestival muddatlari koʻchirilgan, yangi muddati boʻyicha aniq ma’lumot keltirilmagan.

“Maʼlumki, mamlakatimiz bu yil koʻplab eʼtiborga molik yirik xalqaro tadbirlarning markaziga aylandi. Ularning oʻtkazilish sanalari Kinofestival kunlariga toʻgʻri keladi. Xususan, Futzal boʻyicha Jahon chempionati va bir nechta boshqa xalqaro forum va konferensiyalar shular jumlasidan.

Shu bilan birga, Kinofestivalning tanlov dasturida ishtirok etish uchun arizalar qabuli toʻxtatilganiga qaramay (60 dan ortiq davlatdan 400 dan ortiq filmlar), xorijiy mamlakatlardan ishtirok uchun talabgorlarning soʻrovlari davom etmoqda. Bu oʻz navbatida Kinofestivalni oʻtkazish kunlari bilan bogʻliq rejalarimizga oʻzgartirish kiritishni taqozo qilmoqda", — deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq XVI Toshkent xalqaro kinofestivalining hakamlar hay’ati a’zolari e’lon qilingani haqida xabar berilgandi.