Ogʻir mavzudagi ogʻir kino: "Pandemiya" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 554
Ogʻir mavzudagi ogʻir kino: "Pandemiya" filmiga taqriz

10-sentyabr kuni Milliy kino san’ati saroyida yosh rejissyor Abutolib Adamqulov tomonidan suratga olingan “Pandemiya” filmining ilk katta premyerasi oʻtkazildi. Afisha.uz muharriri yangi film namoyishida ishtirok etdi va quyida kinokartina hamda tadbir haqida fikrlarini bildiradi.

Premyeradan avval

“Pandemiya” soʻnggi ikki hafta ichida Milliy kino san’ati saroyida oʻtkazilgan ikkinchi premyera hisoblanadi. Bunda avvalroq 27-avgust kuni “Qariqiz” filmining premyerasi boʻlib oʻtgan va unda “Pandemiya"da asosiy rollardan birini ijro etgan Aysanem Yusupova bosh qahramon edi. Toshkent shahriga talabalar qaytdi va oʻzbek kinolari uchun premyeralar mavsumi ham ochildi. Kinosaroy tomoshabinlar bilan toʻldi, joy yetmagan muxlislar uchun 320 kishilik kichik zalga oʻtish taklif qilindi.

Film namoyishi boshlanishidan avval pandemiya paytidagi doktorlar kabi kombenezon kiygan, niqob va koʻzoynaklar taqqan odamlar zal boʻylab harakatlandi. Bu muxlislar bilan boʻladigan, oʻsha paytlar atmosferasini beradigan interaktiv tomosha boʻladi, deb kutgandim. Lekin bir mashhur futbolchi aytganidek “mening kutilmalarim bu mening muammolarim”. Yakunda bu odamlar hech ish qilmay zaldan chiqib ketdi.

Film syujeti (spoylerlar)

Film voqealari Oʻzbekistonda ilk koronavirus aniqlangan fuqaroning Fransiyadan Vatanga qaytishi bilan boshlanadi. Filmda ilk kasallik aniqlangan fuqaro 24 yoshli qiz ekani koʻrsatiladi. Mamlakatda favqulodda holat, karantin e’lon qilingani va doktorlar tinimsiz ishlayotgani koʻrsatiladi. Bosh qahramonlardan biri ilk kasallangan fuqaroni aniqlashda kechikish boʻlganini ta’kidlaydi.

Umuman olganda kinokartinada 2020−2021 yillarda global miqyosda odamlar hayotiga xavf tugʻdirgan koronavirus infeksiyasi va pandemiya jarayonining Oʻzbekistonda qanday kechgani haqida hikoya qilinadi. Global fojia fonida ba’zi odamlar taqdirlari namoyish etiladi.

Tarixiy davr

Koronavirus kasalligining butun dunyo boʻylab pikka chiqishi 2020 va 2021-yilni oʻz ichiga oladi. Huvillab qolgan shaharlar, karantin, pandemiya, niqoblar, kambenezonlar va vahima ichida oʻtgan bu yillarga koʻp boʻlmadi. Odatda kino ijodkorlari har xil tarixiy davrlarni jonlantirishda ba’zi qiyinchiliklarga duch keladi. Bu ayniqsa hammamiz jonli guvohi boʻlgan tarix haqida film boʻlsa, boshqacha seziladi. Chunki unda odamlarni oʻzi koʻrmagan narsalarga ishontirish qiyin kechadi.

Bundan tashqari, har bir mayda detalga alohida e’tibor berish, bolalarcha xato qilmaslik ham muhim. Masalan filmda 2020-yilni koʻrsatmoqchi boʻlsangiz, 2023-yilda qurilgan binolarni koʻrsatish notoʻgʻri ish boʻladi. Bu film realligiga boʻlgan ishonchni pasaytiradi. Ba’zi kichik xatolarni aytmaganda, “Pandemiya” filmi mana shunday detallar bilan yaxshi ishlaganini aytib oʻtish mumkin.

“Abdulla Aripov ishtirokidagi matbuot anjumani”

“Pandemiya” filmining eng ijobiy tomoni bu qoʻrqinchli atmosfera yaratilganida, deyish mumkin. Qop-qorongʻu xonada olingan epizodlar nuar janri elementlarini, qoʻrqinchli musiqa esa saspensni yetarli darajada ushlab turdi. Kinokartinadagi ranglarga kelsa, pandemiya boshlangungacha boʻlgan vaqtda yorqin rangdagi kadrlar boʻlsa, karantin e’lon qilingandan keyin ekranni toʻq ranglar qoplaydi va kino yakuniga yaqinlashganda qaytadan yorishadi.

Bundan tashqari, yanada yomon kayfiyatni kasalxonada joy yetmasligi, kasallar sonining tinimsiz ortishi, ishchi kuchi yetishmasligi, vafot etayotgan odamlar beradi. Boʻshab qolgan Toshkentning yuqoridan olingan kadrlari sizni yana oʻsha sovuq va qorongʻu 2020-yilga qaytaradi.

Oʻzbekistonda ilk bor koronavirus kasalligi aniqlangan kuni bosh vazir Abdulla Aripov (filmda ism-familiyasi aytilmagan) ishtirokidagi matbuot anjumani boʻlib oʻtadi. Aynan mana shu anjuman ham film ijodkorlari nazaridan chetda qolmagan. Bosh vazir rolini Bahodir Mirmaqsudov ijro etgan.

“Pandemiya” filmida koʻplab tibbiyot xodimlarining qanday muammolarga duch kelgani juda yaxshi koʻrsatib berilgan. Masalan, film davomida favqulodda vaziyatda bir qancha hamshiralarning asabi tamom boʻlgani namoyish etiladi. Aysanem Yusupovaning qahramoni ham kasallanganlarning va vafot etayotganlarning koʻpligidan shokka tushib qoladi. Tamara Mirmaqsudova qahramoni orqali esa hamshiralardagi matonatning guvohi boʻlish mumkin.

Koronavirus fojiasi fonida ba’zi taqdirlar koʻrsatiladi. Masalan, ikki sevishganning hayotini kasallik qanchalik oʻzgartirgani va qanday oqibatga olib kelgani, koronavirusga qarshi kurashish uchun mas’ul shaxslarning ishdagi va shaxsiy hayoti qanchalik oʻzgargani, shuningdek, nafaqaga chiqqan shifokorning boshidan kechirganlari va boshqalar haqidagi har bir xikoya ta’sirlantiradi.

Filmda aktyorlar tarkibi yulduzli boʻlib, ularning ijrosini alohida ta’kidlash kerak. Masalan, bosh shifokor rolini Matyoqub Matchonov maromiga yetkazib ijro etgan. Shuningdek, filmda Xurshid Toʻxtayev, Saidkomil Umarov, Farhod Abdullayev, Bahodir Musayev, Aysanem Yusupova, Samiddin Lutfullayev kabilarning ajoyib rollarini koʻrish mumkin.

Hozirgi kunda yosh rejissyorlar oʻzbek kinosiga yangi qon olib kirishga harakat qilmoqda. “Pandemiya” rejissyori Abutolib Adamqulovni ham bu uchun maqtash mumkin. Shuningdek, operatorlar ishini ham maqtash joiz. Chunki filmning asosiy kadrlari kichik koridorda, kasalxona kushetkalari orasida olingan. Bundan tashqari, oʻzbek kinosi uchun biroz notanish boʻlgan bitta kadrda olingan uzun sahnani ham sezish mumkin. Unda bosh shifokor palatalarni koʻzdan kechiradi. Mana shu sahna oʻsha davrda kuzatilgan juda koʻp narsa haqida ayta oladi.

Oʻzbekistonda ilk koronavirus kasalligi aniqlangan ayol hikoyasi

Yuqorida filmni detallarga e’tibor berilgani uchun maqtadik, ammo shunga qaramay bir holat savol tugʻilishiga sabab boʻldi. Rasmiy manbalarda ilk koronavirus kasalligi aniqlangan Oʻzbekiston fuqarosi Fransiyadan kelgan ayol boʻlgani aytiladi. Filmda esa ilk kasallik aniqlangan odam 24 yoshli qiz sifatida koʻrsatiladi. Bu oʻylangan va nimadir moʻljallangan ish boʻlganmi, yoki qoʻpol xatomi, tushunish qiyin.

Filmda uchratish mumkin boʻlgan reklamalar biroz ensani qotirishi turgan gap. Gollivud filmlarida koʻzimiz oʻrgangani kabi sezilmaydigan reklamalar emas, balki zoʻrma zoʻraki tiqilgan va juda ham notabiiy boʻlgan reklamalar biroz dilni xira qiladi.

“Kasallik odamlarni oʻldirib yuborish uchun ataylab tarqatilmoqda”

Kinolarda obrazlar mavzusiga alohida toʻxtalish qiziqarli jarayon. Masalan, bosh qahramonlarga e’tibor kuchli boʻladi, ssenaristlar tomonidan ularning obrazlari yaxshi yaratiladi. Ammo har doim ikkinchi darajali personajlarga e’tibor kuchli boʻlmaydi. Filmlarning asosini tashkil etadigan bunday obrazlar ba’zida kinoning yaxshi yoki yomon chiqishini belgilab beradi.

Ushbu filmda ham bosh qahramonlar singari ikkinchi darajali obrazlar yetarlicha. Masalan, konspirologik ma’lumotlarga ishonuvchi taksist obrazini Farxod Abdullayev maromiga yetkazgan. “Kasallik odamlarni oʻldirib yuborish uchun ataylab tarqatilmoqda” va “xotin, menga tuzalishim uchun chesnok va isiriq olib kel” kabi jumlalar hali koʻpchilikning yodidan chiqmagan boʻlsa kerak.

Bundan tashqari filmda sevishganlar obrazi bor. Muhabbatga fojia fonida qarash kinochilar uchun sevimli yondoshuv hisoblanadi. Bularning eng katta namunasi “Titanik” boʻlsa, “Pandemiya"da ikki sevishgan bir-biriga yetishish uchun qoʻlidan kelgan ishni qiladi.

Xulosa

Butun dunyoni vahimaga solgan, millionlab odamlarning hayotiga zomin boʻlgan koronavirus pandemiyasi hayotimizning bir qismi hisoblanadi. Bu juda ham ogʻir mavzu boʻlib, bu haqda oʻylash, suhbatlashish va katta film ishlash ham ogʻir ishdir. Oʻzbekistonlik kinoijodkorlar ham bunga qoʻl urgani va bu boʻyicha yomon film ishlanmaganining oʻzi ham katta yutuq.

Kino birlamchi vazifasini uddaladi, insoniyat oʻsha paytda qanchalik katta muammoni boshdan kechirganini, shifokorlar matonat va iroda koʻrsatib, ofatni bostirganini eslatdi hamda kelajak avval oʻylanganidek xavfsiz emas, degan xabarni berdi.

Kinoteatrlarda ushbu film namoyish etilishi haqida hozircha aniq ma’lumot yoʻq, biroq kutib qolamiz.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov