"Oʻzbek Kajoli": Lola Eltoyeva ijrosidagi eng yaxshi filmlar

E’lon qilingan sana· 164
"Oʻzbek Kajoli": Lola Eltoyeva ijrosidagi eng yaxshi filmlar

Kino, teatr va dublyaj akstrisasi boʻlgan Lola Eltoyeva oʻzining turfa xil rollari hamda ovozi bilan koʻplab muxlislar mehrini qozongan. Bugun, 4-sentyabr kuni aktrisa 52 yoshga toʻldi.

Afisha.uz ushbu maqolada Lola Eltoyevaning e’tiborga molik rollari haqida ma’lumot beradi.


“Masxaraboz”

Lola Eltoyeva oʻz faoliyatini 1994-yilda Sharof Boshbekov tomonidan suratga olingan “Masxaraboz” filmidagi roldan boshlaydi. Toʻgʻri aktrisa filmda katta boʻlmagan rolni ijro etadi, biroq mana shu epizod orqali ham koʻpchilikning yodida qoladi.

Film bosh qahramoni ota-onasidan erta ayrilgan, gʻam-armoni boʻlsa ham barchasini kulgu va shodlik bilan yengib oʻtadigan yigit. U oʻzgacha fikrlari bilan hammadan ajralib turadi va insonlarga qoʻlidan kelgancha yaxshilik ulashib keladi. Koʻngil qoʻygan qizi oʻzga odamga turmushga chiqayotganini bilganida ham matonat va sabr bilan unga baxt tilaydi.


“Oʻtkan kunlar”

Oʻzbek madaniyatining bir qismiga aylangan Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asari ikki marotaba ekranlarga koʻchirilgan. Lola Eltoyeva 1997-yilda rejissyorlar Melis Abzalov va Xotam Fayziyev tomonidan suratga olingan ikkinchi talqinda Zaynab rolini ijro etadi.

Otabek va Kumush bir-birini sevib, turmush quradi. Ammo shariat qonunlarini juda hurmat qiladigan Otabekning ota-onasi o‘g‘lini ikkinchi marta majburan uylantiradi. Oilada chuqur nizo kelib chiqadi. Bu hikoya XIX asr oxirida Turkistondagi oʻzaro urushlar fonida sodir boʻladi.


“Kelgindi kuyov”

Lola Eltoyeva ismi eslanganda birinchi boʻlib hayolga keladigan rollaridan birini 2005-yilda suratga olingan “Kelgindi kuyov” filmida ijro etgan. Aktrisaning roli asosiylardan biri emas. U ariqda oqib kelgan dollarlarni koʻrib, ogʻzi qiyshayib qolgan Toʻtiniso obrazini gavdalantiradi. Uning yuz tuzilishini darhol eslagan boʻlsangiz ajab emas.

Amerikadan oʻz vataniga qaytgan Suhrob bobosining qishlogʻiga boradi. U yerda bolalarga ingliz tilidan dars berishni boshlaydi va Zaynab ismli qizni sevib qoladi.


“Arosat”

Oʻzbek kinosidagi tandemlar haqida gap ketar ekan Muhammadiso Abdulhayirov va Lola Eltoyeva juftligi haqida eslamaslik ilojsiz. Ular juda koʻp filmlarda birga ajoyib rollarni ijro etgan. Shulardan biri “Arosat” filmidir.

Salohiddinning rafiqasi Matluba vafot etadi, u bundan tushkunlikka tushadi. Matlubaning otasi Salohiddinni sevimli qizini qutqarmaganlikda ayblamoqda. Endi Salohiddin vafot etgan rafiqasining otasi va qarindoshlari bilan Matlubani ota-bobolari vataniga dafn qilish uchun uzoq safarga joʻnaydi.


“Tundan tonggacha”

Yuqoridagi film drama janrida suratga olingan boʻlsa, “Tondan tonggacha” komedik kino hisoblanadi. Bunda Muhammadiso Abdulhayirov va Lola Eltoyeva juftligi kelin ya’ni Shahzoda Muhammedovaning ota-onasi rolini oʻynaydi. Albatta, bu epizodik rollar ham koʻpchilikning yodida qolgan va “bu strategiya, qizim, strategiya” jumlasi odamlar orasida ishlatiladi.

Umid va Zilola oila qurishadi. Bir qancha vaqt oʻtganidan keyin Zilola homilador boʻladi va kunlarning birida banan yeyishni xohlayotganini aytadi. Umid rafiqasiga banan topish ilinjida tunda doʻkonga boradi. Afsuski doʻkonlar yopiq boʻladi. Umid butun tunni banan qidirish bilan oʻtkazadi.


“Sevginator 2”

Lola Eltoyevaning yana bir epizodik, ammo yoddan chiqmaydigan roli. Bunda aktrisa bosh qahramonning qaynopasi rolini maromiga yetkazib oʻynaydi.

Oʻzbekkino studiyasida suratga olingan “Sevginator 2” komedik melodramasi gʻayritabiiy fantastik syujetga ega boʻlib, unda insonga oʻxshash robot yaratiladi, ammo bunga qaramasdan film sevgi va inson munosabatlari haqidagi hikoyadir.


“Oling quda, bering quda”

Yana Lola Eltoyeva va yana Muhammadiso Abdulhayirov. Bu safar ular Jahongir Ahmedovning “Oling quda, bering quda” filmida turmushga chiqishi kerak boʻlgan qizning ota-onasi rolini gavdalantiradi. Ular kambagʻal oila holatini ajoyib tarzda koʻrsatib beradi.

Kambagʻal oila farzandi boʻlgan qiz va boy oiladan boʻlgan yigit uchrashuvga chiqadi. Ularning ota-onalari esa oʻzaro tanishib qolgach, farzandlari turmush qurishini xohlaydi.


“Quduq”

2014-yilda premyera qilingan filmda ham Lola Eltoyevani Muhammadiso Abdulhayirov bilan birga koʻrish mumkin. Ular bir komedik filmlardan soʻng yana drama rol ijro etadi.

Soddadil, ishonuvchan, oqkoʻngil Elmurod barchani oʻziga qadrdon deb biladi. Uning yuragida dardi bor — toʻngʻich oʻgʻli ogʻir xastalikka chalinib, yurolmay qolgan. U Toshkentdagi shifoxonada davolanayotgan oʻgʻlining holidan xabar olishni istaydi. Biroq qurgʻoqchilikdan aziyat chekayotgan odamlarning ham yuzidan oʻta olmaydi. U bir umr oʻzi axtargan shirin suvli quduqni xonadoni yaqinidan topadi.


“Abdulla Oripov”

Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov hayotiga bagʻishlangan filmda Lola Eltoyevani salbiy obrazda koʻrish mumkin. Kinoni koʻrish davomida aktrisa nafaqat navbatchi filmlarda ona obrazini, balki ziddiyatli rollarni ham yarata olishini guvohi boʻlasiz.

Abdulla Oripovning Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘ida o‘tgan va ijodga ilk qadam qo‘ygan bolalik yillari, Toshkent shahrida o‘tkazgan talabalik davrlari, ijod namunalarining ilk nashri, uning shoir bo‘lib shakllanishidagi hissiyotlari va tuyg‘ulari, shoirga xos sevgisi, mashhurlikning kelishi va AQShda o‘tgan so‘nggi yillari namoyish etiladi.


“Unsin”

Lola Eltoyeva “Mutolaa” loyihasining “Kitob-kino” ruknida suratga olingan Abdulla Qahhorning “Dahshat” hikoyasi asosidagi “Unsin” qisqa-metrajli filmida ham rol ijro etgan.

Ushbu kinokartinada o‘zbek xotin-qizlarining erk va iroda kuchini namoyish etadi.

Aktrisaning boshqa filmlari.

“Hamroh”

“101-reys”

“Dilhiroj”

“Janob hech kim”

“Qoʻqon shamoli”


Bundan tashqari, Lola Eltoyeva dublyaj sohasida ham koʻplab koʻzgan koʻringan ishlarni amalga oshirgan. Bular orasida Hindistonlik aktrisa Kajol rollarini maromiga yetkazib “oʻzbekcha gapirtirgani” diqqatga sazovor.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov