Kuzgi kayfiyat uchun: melanxolik 10 ta film

E’lon qilingan sana· 1 260
Kuzgi kayfiyat uchun: melanxolik 10 ta film

2024-yilning sakkizinchi oyi ham yakuniga yetmoqda. Bir necha kundan keyin Oʻzbekistonga oltin kuz kirib keladi. Afisha.uz shu munosabati bilan kuzgi kayfiyatni berishi mumkin boʻlgan bir qator jamlanmalarni e’lon qiladi.

Ularning birinchisi filmlar haqida boʻladi. Quyida kelayotgan dam olish kunlarida yoki umuman kuz davomida koʻrib chiqish mumkin boʻlgan filmlar haqida ma’lumot beriladi.

“Dead Poets Society” (1989)

Afsonaviy Robin Uilyams ijrosidagi ajoyib rollardan birini ushbu filmda koʻrishingiz mumkin. 1989-yilda premyera qilingan film har xil reytinglarda yuqori oʻrinlarda turadi. Film “eng yaxshi ssenariy” nominatsiyasida Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan.

Nufuzli xususiy maktab Amerika elitasi uchun yangi a’zolarini tayyorlaydi. Bir kuni maktabga yangi adabiyot oʻqituvchisi — xarizmatik va ekssentrik Jon Kiting keladi. Uning oʻqitish usullari boshqa oʻqituvchilarning konservativ yondashuvidan keskin farq qiladi. U oʻz shogirdlariga tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini singdiradi va ularni “Carpe diem” (lahzadan zavqlaning) tamoyiliga amal qilishga undaydi. Kitingning shogirdlari uning otashin nutqlaridan ilhomlanib, bir paytlar uning oʻzi a’zo boʻlgan yashirin Oʻlik Shoirlar Jamiyatini qayta tiklashga qaror qiladi.

Filmni koʻrish.


“Perfect sense”

Muhabbat haqidagi haqiqiy “kulrang film”. 2011-yilda rejissyor Devid Makkenzi yer sharini qoplab oladigan pandemiya va xaos vaqtida odamlarning aloqalari qanday boʻlishi haqida kino ishlaydi. Ehtiyot boʻling, film depressiyaga tushurib qoʻyishi mumkin.

Oshpaz boʻlib ishlaydigan yigit va olim qiz endigina bir-birini topib, munosabat qurayotgan vaqtda odamlarni his tuygʻulardan ayiradigan epidemiya yer yuziga tarqaladi.

Filmni koʻrish.


“Her”

Melanxolik filmlarda aktyorlar ijrosiga alohida e’tibor qaratiladi. Mana shunday filmlardan biri bu “Her” (“U”) kinokartinasidir. “Joker” yoki “Gladiator” filmlari bilan tanish boʻlgan Xoakin Feniksni umuman boshqacha rolda koʻrasiz. Shuningdek, Skarlet Yoxanson kino davomida bir soniya ham koʻrinish bermay, oʻzining eng yaxshi rollaridan birini ijro etgan.

Yolg‘iz yozuvchi Teodor yangi texnik ishlanmani — har qanday foydalanuvchining xohishini bajarishga mo‘ljallangan operatsion tizimni sotib oladi. Tez orada Teodor va operatsion tizim oʻrtasida muhabbat paydo boʻladi.

Filmni koʻrish.


“Manchester by the Sea”

Depressiyaga tushurib qoʻyuvchi filmlardan yana biri. Odamlar bilan gaplashishga usta boʻlmagan va oʻz ishlari bilan ovvora boʻlib qolgan Li koʻp qavatli uyda mexanik boʻlib ishlaydi. U katta akasi vafot etganini bilib, oʻz shahriga qaytadi.

Li bu shaharda oilasi bilan sodir boʻlgan dahshatli fojiani eslaydi. Shu paytda akasi vasiyatnomasida uni 16 yoshli jiyaniga qarovchi sifatida koʻrsatganini bilib qoladi. Oʻsmir bilan munosabatlari orqali Li oʻzining mavjudligining ma’nosini topishga harakat qiladi.

Filmni koʻrish.


“The Lake House”

Nafaqat kuzgi kayfiyatni, balki komfort zonadan chiqish mavzusini ham oʻz ichiga olgan film. Doktor Keyt Forester oʻz hayotini oʻzgartirish zarurligini his qilib, Illinoys shtatida joylashgan koʻl boʻyidagi goʻzal uyini tark etadi va Chikagodagi kasalxonaga ishga kiradi.

Keyt afsuslanadigan yagona narsa bu uning koʻnglini tinchlantirib turgan ulkan derazalari boʻlgan goʻzal uyidir. Shaharga ketayotib, Keyt pochta qutisida uyning yangi yashovchisi olishi kerak boʻlgan xatni qoldiradi.

Filmni koʻrish.


“Three Billboards Outside Ebbing, Missouri”

Yuqorida Robin Uilyamsni afsonaviy aktyor deb atagan boʻlsak, aktrisalar orasida Frensis Makdormandga nisbatan afsonaviy sifatini ishlatish mumkin. U oʻzining eng shedevr rollaridan birini aynan shu filmda ijro etgan.

Mildred Xeysning qizi oʻldirilganidan bir necha oy oʻtsa ham, jinoyatchilar haligacha topilmagan. Umidsiz ayol dadil qadam tashlashga qaror qilib, shaharga kiraverishdagi uchta bilbordni ijaraga oladi va ular orqali politsiya boshligʻi Uilyam Uillobiga xabar qoldiradi. Sherifning oʻrinbosari, zoʻravonlikka moyil boʻlgan ofitser Dikson ham vaziyatga aralashib qolganda, Mildred va shahar hokimiyati oʻrtasidagi kurash yanada kuchayadi.

Filmni koʻrish.


“Nomadland”

Frensis Makdormandga yana bir bor murojaat qilamiz. Bu safar jamlanmadan “Eng yaxshi rejissyor”, “Eng yaxshi aktrisa” va “Eng yaxshi film” nominatsiyalarida Oskarni oʻziniki qilgan “Nomadland” filmi oʻrin oladi.

60 yoshli Fern iqtisodiy inqiroz paytida kichik shaharchadagi yagona fabrika yopilganda ishsiz va uysiz qoladi. Yagona yoʻl — ozgina narsalarni furgonga yuklash va mavsumiy daromad izlab shtatdan shtatga sayohat qiladigan zamonaviy koʻchmanchilar qabilasi a’zosiga aylanish.

Filmni koʻrish.


“Autumn In New York”

2000-yilda premyera qilingan filmda sevgi, qadrli insonlarni yoʻqotish va hayotning muhimligini anglash kabi mavzular hikoya qilinadi.

Nyu-Yorkdagi restoranlardan birining egasi Uill Kin navbatdagi sevgilisi bilan abadiy xayrlashgandan soʻng, Markaziy bogʻda aylanib yuradi va shu paytda Sharlotta Fildingni koʻrib qoladi. Kechqurun esa Sharlotta uning restoranida 22 yoshini nishonlayotgan vaqtda u bilan yana uchrashadi.

Filmni koʻrish.


“Kechikkan hayot”

Oʻzbek filmlari orasida ham bunday turdagi kinolarni yetarlicha topish mumkin. Ulardan biri Ayub Shahobiddinov rejissyorligidagi Dilnoza Kubayeva va Bobur Yoʻldoshev rol ijro etgan “Kechikkan hayot” filmidir.

“Maktub”

Sherzod Shoxalilov tomonidan 2009-yilda suratga olingan ushbu filmning aktyorlar tarkibini yulduzli deyish mumkin. Bobur Yoʻldoshev, Ra’no Shodiyeva va Murod Rajabov ushbu filmda ajoyib obrazlarni gavdalantirgan. Filmning posteri ham kuz kayfiyatini berib turibdi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov