Oila qurmagan qahramon haqidagi oilaviy drama: "Qariqiz" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 5 101
Oila qurmagan qahramon haqidagi oilaviy drama: "Qariqiz" filmiga taqriz

27-avgust kuni Milliy kino san’ati saroyida Last Media studiyasi tomonidan suratga olingan “Qariqiz” filmining ilk katta premyerasi oʻtkazildi. Afisha.uz jurnalisti yangi film namoyishida ishtirok etdi va quyida kinokartina haqida fikrlarini bildiradi.

Film syujeti (spoylerlar)

Film bosh qahramon Sitoraning kuyovlikka nomzod yigit bilan uchrashuvidan boshlanadi. Uchrashuv davomida yigit boshqa millatdan boʻlgan xotini borligini, ammo ota-onasning bundan xabari yoʻqligini aytadi. Tibbiyot institutida oʻqiydigan Sitora yigitga rad javobini beradi va amaliyot oʻtash uchun Toshkent viloyatining Parkent tumaniga yoʻl oladi. Bu paytda Setoraning atrofida toʻy va oila bilan bogʻliq voqealar koʻpayadi. Bu qizga ta’sir qila boshlaydi.

Parkentdagi kasalxonada “Toshkentdan kelgan” shifokorni boshliq qilib qoʻyishadi. Hech kim u bilan ish talashmaydi, mansab talashmaydi. Shunchaki boshliqqa aylanadi, qoladi. Amaliyot davomida har xil voqealar sodir boʻladi. Masalan, hamshiralardan birining sevgi hikoyasi bilan tanishadi, odamlardan biri esa unga tegajaklik qilishga urinadi. Shu bilan birga Sitora parkentlik yigit bilan ham tanishadi.

Bu orada Sitoraning 18 yoshli singlisi uzatiladi. Qahramonimiz yosh singlisi erta erga tegishi kerak emasligi va oʻqishi kerakligini aytib toʻyga qarshilik qiladi. Bunga qaramay, toʻy boʻladi. Amaliyot tugab, Toshkentga qaytgan Sitora yana amaliyot uchun Turkiyaga ketadi. Turkiyada Sitora Parkentda tanishgan yigit — Samadni sevib qolganini tushunadi va Turkiyada uni uchratib qoladi. Film mana shu nuqtada yakuniga yetadi. Kinokartina bunday nuqtada yakunlangani hayratda qoldirdi.

Filmning ijobiy tomonlari

Keling, filmdagi eng ideal narsa haqida gaplashamiz. Bu Parkentning tabiati va togʻlarining ekranda toʻliq ochib berilgani. Bu uchun film operatorlariga alohida rahmat aytish kerak. Kinoni koʻrish davomida bunday kadrlardan zavq tuyishingiz aniq. Bosh qahramon shunchaki chiroyli togʻlar fonida yurib ketishiga oʻxshash kadrlar ham aynan shuning uchun qoʻshilgan boʻlsa ajab emas.

Bundan tashqari, filmdagi aktyorlar tarkibi yulduzli emas. Toʻgʻri, bosh qahramon rolini Aysanem Yusupova, qishloqdagi doktorlardan birining rolini Saida Rametova ijro etgan, boʻldi. Filmda rol ijro etgan boshqa aktyor va aktrisalarni hali yulduz deyishga erta, ammo ular rolini maromiga yetkazib ijro etgan. Kinoda suratga tushgan barcha qahramonlarda mahorat va samimiylik bilinib turadi.

Film neytrallikni saqlaganini ham e’tirof etish lozim. Kino sinopsisi va nomini oʻqigan odam sifatida kutilmalarim boshqacha edi. “Qariqiz"ni oila qurish targʻibi borttirib yuborilgan film, deb oʻylagandim. Quvonarlisi, adashibman. Rejissyorlar shunday oʻylaganmi, yoki Aysanem Yusupovaning xarizmasi hammasini qutqarganmi bilmadim, lekin Sitora obrazi kuchli qahramon sifatida tasvirlangan, toʻgʻri oʻzining ba’zi kamchiliklariga ega, lekin kuchli qahramon. Lekin aynan shu masalada kinoijodkorlarni koyish kerak boʻlgan jihat ham bor. Bu haqida keyinroq.

Kinoda alohida e’tibor berish kerak boʻlgan jihat bu sifatli hazillar. Ssenariy muallifini bu uchun maqtashimiz kerak. Hazillar oʻz oʻrnida ishlatilgan va oilaviy dramani boyitgan. Bachkanalik, ispancha uyat sezilmadi. Tomoshabinlar orasida ham 3−4 marotaba yaxshigina kulgi koʻtarildi.

Filmning salbiy tomonlari

Filmni koʻrish davomida bir kichik detalga koʻzim tushdi. Parkentdagi shifoxonadagi doktorlar stoli ustida 2024-yilning taqvimi turgan edi. Lekin ayan shu xonaning oʻzida, devorda jamoat joylarida niqob taqmaganlik uchun jarima qoʻllanishi mumkinligi haqida surat osilgandi. Bu hayollarimni uzoq 2020/21-yillarga olib ketdi. Balki bu film yaratuvchilari tomonidan oʻylangan boʻlib, bu orqali shifoxona eskirganini koʻrsatmoqchi boʻlgandir. Yoki yoʻl qoʻyilgan xato boʻlishi ham mumkin.

Yuqorida aytilgan personajlar mavzusiga toʻxtalsak, nima uchundir kinolarimizda ruschada aytganda “карикатурный” qahramonlar koʻp. Masalan, qishloqda bolalar sutdan zaxarlanadi, aybdor aniq, ayblovchilar aniq, Otabek Haqberdiyev ijrosidagi rais obrazi esa buni yopdi-yopdi qilishga harakat qiladi. “Toshkentdan televideniye va blogerlarni chaqiramiz”, degan gapdan soʻng esa darrov qoʻrquvga tushib, haq yoʻlga qaytadi. Toshkentdan keladigan televideniye ham mana shunday chizilgan kategoriyaga kiradi. Yuqorida aytilganidek, oʻzbek filmlariga haqiqatan kuchli qahramonlar kerak.

Kinokartinaning yakun qismi Turkiyada suratga olingan. Unda Samad va Sitora uchrashadi. Film avvalida Sitora Turkiyaga borishi ma’lum boʻladi, ammo u Samad bilan uchrashib qolishi, uchrashganda ham bitta katerda boʻlishi yuz foiz tasodifdir. Kino davomida Samadning Turkiyaga borishi mumkinligi haqida umuman belgi berilmaydi.

Film birdan tugab qolgandek tassurot uygʻotadi. Butun film davomida Samadning mashinasiga oʻtirishdan bosh tortgan Sitora oxirida mashinaga oʻtiradi va tamom! Toʻgʻrisini aytganda, kinoni koʻrish davomida qiz va yigit bir-birini sevib qolgani haqida yetarlicha ma’lumot berilmaydi. Ular oʻrtasida dialoglar juda kam. SIfatli dialoglar butun oʻzbek kinosida yetishmaydigan kamchiliklardan hisoblanadi.

Filmning nomlanishi

Bundan oldin kinoteatrda tomosha qilgan oʻzbek filmim “Mister Kozyol” boʻlgandi va unda ham kino nomi bilan savollar yuzaga kelgandi. Kinoning “Qariqiz” deb nomlanishi boʻyicha men savol tugʻilmadi, lekin koʻplab kuzatuvchilarning “yaxshiroq nom topish qiyinmi?”, degan izohlariga koʻzim tushdi.

Kinoga “Qariqiz” nomi ironiya tarzida tanlangan. Film nomi bosh qahramonni anglatmaydi, balki unga nisbatan jamiyatning, qarindoshlari, onasi, doʻstlari va notanish kimsalarning munosabatini koʻrsatadi. Shaxsan men filmga yomon nom tanlangan, degan fikrda emasman.

Film oʻziga yarasha xato va kamchiliklarga ega boʻlsa-da, yomon deb boʻlmaydi. Lekin oʻzbek kinosida burilish yasagan, jamiyatdagi muammolarni bitta qoʻymay olib chiqqan, degan ta’riflar ham ortiqcha. Film ijodkorlari ham buni maqsad qilmagan boʻlsa kerak. Umuman olganda esa oʻzbek kinosi bir marta koʻriladigan ajoyib film bilan boyidi deyish mumkin.


Filmning kinoteatrlardagi namoyishi haqida hozircha ma’lumotlar yoʻq.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov