"Oʻzbekiston ovozi": Afzal Rafiqov ishtirokidagi eng yaxshi 5 film
Oʻzbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovni norasmiy tarzda “Oʻzbekiston ovozi” deyish mumkin. Bugun, 21-avgust kuni aktyorning tugʻilgan kuni, u 79 yoshga toʻldi.
Afisha.uz ushbu maqolada Afzal Rafiqovning e’tiborga molik ijod na’munalari haqida ma’lumot beradi.
Yago va Qirol Lir obrazlari
Afzal Rafiqov aktyorlik faoliyatini teatrdagi rollari bilan boshlagan. Uning ilk roli nemis yozuvchisi Fridrix Shillerning “Qaroqchilar” asaridagi shveysar boʻlgan. Bundan tashqari, aktyor Tolstoy, Firdavsiy va boshqa yozuvchilar asarlari asosida yaratilgan spektakllarda ham rol ijro etgan.
Aktyorning teatrdagi faoliyati davomida gavdalantirgan eng esda qolarli rollari, albatta, Shekspir asarlaridagi, xususan, “Qirol Lir"dagi Lir va “Otello” asaridagi Yago obrazlari boʻlgan.
Kinodagi rollari
“Yaratganga shukr”
Zulfiqor Musoqov tomonidan 1997-yilda suratga olingan “Yaratganga shukr” filmida juda ko‘plab mashhur aktyorlar qatorida Afzal Rafiqov ham epizod rolni ijro etgan. Ammo ushbu filmning qisqa epizodlari ham muxlislar uchun sevimliga aylangan.
“Alpomish”
Shoir Usmon Azim ssenariysi asosida rejissyor Xabibulla Fayziyev tomonidan oʻzbek xalq dostoni “Alpomish” ekranlashtirilgan. Unda Afzal Rafiqov Alpomishning otasi Boyboʻri rolini ijro etadi. Filmda aktyorlar tarkibi yulduzli boʻlib, kinokartinada Afzal Rafiqovdan tashqari Saida Rametova, Nozim Toʻlaxoʻjayev, Hoshim Arslonov, Rajab Adashev, Gavhar Sharipovalarni koʻrish mumkin.
“Faqat gʻalaba”
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining 1994-yilda Xirosima shahridagi Osiyo oʻyinlarida koʻrsatgan ajoyib oʻyini va chempionligiga bagʻishlangan “Faqat gʻalaba” filmida Afzal Rafiqov jamoa murabbiyi rolini oʻynaydi. Oradan 30 yil oʻtib, 2024-yilda oʻzbekistonlik futbolchilar birinchi marta Olimpiadaga yoʻl oldi. Ushbu natija fonida 30 yil oldingi gʻalabani eslash zarar qilmaydi.
“Jannat qaydadir”
Yozuvchi va dramaturg Erkin A’zamning “Jannat oʻzi qaydadir” asari asosida suratga olingan filmda Afzal Rafiqov Shohida Uzoqova bilan birgalikda bosh rolni ijro etadi. Sobiq Ittifoq davrida akademikka aylangan, mustaqillikka erishilgach, keraksizga aylangan qahramon ichki kechinmalarini aktyor mahorat bilan ochib bera olgan.
“Kelganda kelin: Anjancha muhabbat”
Oʻtkir syujetli yoki tarixiy filmlardan tashqari aktyor yengil komediyalarda ham koʻrinish bergan. “Kelganda kelin 2” filmida Afzal Rafiqov katta boʻlmagan, bosh qahramonning otasi rolini gavdalantiradi.
Bundan tashqari, Afzal Rafiqov 1000 dan ortiq filmga ovoz bergan. Masalan, “Lev Tolstoy” filmida Tolstoyga, “Gʻalaba” filmida Stalinga, “Hayot mazmuni"da Usmon Yusupov va boshqalarga ovoz bergan. Shuningdek, u bir nechta televizion hujjatli filmlar matnini oʻqigan. Jumladan, jadidchilik harakatiga bagʻishlangan XIX-XX asr tarixi haqida hikoya qiluvchi “Armon” filmida ham uning ovozini eshitish mumkin.
Roppa-rosa 4 oy oldin, 21-aprel kuni Afzal Rafiqov intervyu berib, hozirda oʻsha mashhur ovozini yoʻqotgani haqida gapirgandi.