"Oʻgʻirlanmagan kelin", "Gohi shodlik, gohi gʻam", "Sevishganlar": Kajol rol ijro etgan eng mashhur filmlar

E’lon qilingan sana· 189
"Oʻgʻirlanmagan kelin", "Gohi shodlik, gohi gʻam", "Sevishganlar": Kajol rol ijro etgan eng mashhur filmlar
Foto: Vogue India

Bugun, 5-avgust kuni Bollivudning eng mashhur, goʻzal va betakror aktrisalaridan biri Kajol Devganning tugʻilgan kuni. U 50 yoshga toʻldi. Aktrisa oʻz faoliyati davomida bir qator esda qolarli rollarni ijro etgan.

Afisha.uz ushbu jamlanmada Kajol oʻz goʻzalligi va mahorati bilan barchani lol qoldirgan rollarni bir yerga toʻpladi.


“Oʻgʻirlanmagan kelin” (1995)

Kinodagi faoliyatini 1992-yilda boshlagan Kajol ilk filmlaridanoq koʻzga tashlanishni boshlagan. Lekin katta mashhurlik 1995-yildagi “Oʻgʻirlanmagan kelin” filmidan keyin kelgan. Aktrisa unda mashhur hind aktyori Shohruh Xon bilan birgalikda rol ijro etgan.

“Oʻgʻirlanmagan kelin” filmi faqatgina Kajolga mashhurlik olib kelgani bilangina mashhur boʻlmay, balki hind kinosi tarixidagi eng yaxshi filmlardan biri deya e’tirof etiladi. Kajol va Shohruh Xon bundan keyin yana bir qancha filmlarda birga rol etgan. Ular haqida ham quyida gaplashamiz.

Filmni koʻrish.


“Ishq” (1997)

Kajol 1997-yilda premyera qilingan “Ishq” filmida boʻlajak turmush oʻrtogʻi Ajay Devgan bilan birga rol ijro etadi. Ajay va Kajol 1999-yilda oila qurgan. Bundan tashqari, filmda Juhi Chavla va Amir Xon bosh rollarda koʻrinish bergan.

“Ishq” filmida boy oilaning oʻgʻli Ajay bolaligidan oddiy avtomexanik Raj bilan doʻst boʻladi. Boshqa bir millionerning qizi Madhu esa kambagʻal oiladan boʻlgan Kajal bilan ajralmas dugona edi. Ota-onalar Ajay va Madhu turmush qurishini xohlaydi. Ammo taqdirning rejasi butunlay boshqacha edi. Ajay Kajalni, Madhu esa Rajni sevib qoladi. Ota-onalar sevishganlarni ajratish va ularning doʻstligini buzish uchun harakat qiladi.

Filmni koʻrish.


“Hayotda hamma narsa boʻladi” (1998)

“Oʻgʻirlanmagan kelin"dan uch yil oʻtib Kajol Shohruh Xon bilan juftlikda yana bir ajoyib rolni ijro etadi. Faqat bu safar ularning orasiga Rani Mukerji ham qoʻshiladi. Ushbu kinokartina muhabbat haqidagi eng ajoyib filmlardan biri hisoblanadi.

Filmda asosan uch insonning hayot yoʻli tasvirlanadi. “Hayotda hamma narsa boʻladi” kinokartinasi sizga haqiqatan ham hayotda hamma narsa yuz berishi mumkinligini tushuntirishga urinadi.

Filmni koʻrish.


“Gohi shodlik, gohi gʻam” (2001)

Bu filmni koʻrmagan odamlar juda kam boʻlsa kerak. Aktyorlar tarkibining oʻzi ham filmni koʻrishga turtki berishi mumkin. Amitabh Bachchan, Ritik Roshan, Karina Kapur, Jayya Bhaduri, Rani Mukerji va bu jamlanmada odat tusiga kirgan Shohruh Xon hamda Kajol. Tasavvur qiling-a, ularning bari bir filmda!

Filmni koʻrmagan kam sonlik odamlar uchun: boy oilaning xizmatkorini sevib qolgan oʻgʻil otasining qarshiligiga qaramay qiz bilan turmush quradi va Londonga yoʻl oladi. Oradan yillar oʻtgach yigitning ukasi oilani yana birlashtirish uchun harakat qila boshlaydi.

Filmni koʻrish.


“Jonim fido” (2006)

Kajol 2006-yilda premyera qilingan “Jonim fido” filmida koʻzi ojiz qiz rolini ijro etadi. Filmda Shohruh Xon rol ijro etmagan boʻlsada, soʻnggi soniyalargacha intriga yoʻqolmaydi. Bosh rol ijrosi Amir Xonga ishonib topshirilgan.

Tugʻma koʻzi ojiz boʻlgan Zuni Dehliga oʻqishga yoʻl oladi. Oʻzi uchun notanish boʻlgan dunyoda qiyinchiliklarga duch keladi. Lekin bir kuni u ekskursiyada gid Rehan bilan uchrashadi. Rehan uni sevib qoladi va unga gʻamxoʻrlik qilishni boshlaydi. Ular turmush qurishga qaror qiladi. Ammo toʻsatdan Rehan oʻzini tanishtirgani kabi odam emasligi ma’lum boʻladi.

Filmni koʻrish.


“Mening ismim Xon” (2010)

Shohruh Xon va Kajol juftligini sogʻinishga ulgurdingizmi? Unda mana sizga yana bir film. XXI asr boshida Amerikadagi migrantlar bilan boʻlgan muamolar, 11-sentabr voqealari filmda juda yaxshi ochib berilgan.

Hindistonlik musulmon Rizvon Xon San-Fransiskoga ko‘chib o‘tadi va ukasi hamda kelini bilan yashay boshlaydi. Asperger sindromidan aziyat chekadigan Rizvon Mandirani sevib qoladi. Oilalarining noroziligiga qaramay, ular turmush quradi va birgalikda kichik biznes boshlaydi. Ular 11-sentabrda sodir etilgan terakt va AQShda musulmonlarga munosabat keskin o‘zgarganuga qadar baxtli yashaydi. Rizvon sarosimaga tushib qoladi va sevgilisi uni tark etganidan xafa boʻladi. Uni qaytarish uchun esa Rizvon Xon Amerika boʻylab sayohatga chiqadi.

Filmni koʻrish.


“Sevishganlar” (2015)

Ushbu filmni qaysidir ma’noda Shohruh Xon va Kajolning qayta topishishi — “reunion” deyish mumkin. “Sevishganlar” filmi Shohruh Xon va Kajol kinoda ilk bora birga koʻrinish bergan “Oʻgʻirlanmagan kelin” kinokartinasdan roppa-rosa 20 yil oʻtib premyera qilinadi. Oradan yigirma yil oʻtsa ham bu juftlik tomoshabinlar uchun eng yaxshisi boʻlib qolishda davom etadi.

Vir Ishani uchratib, uni bir koʻrishda sevib qoladi. Qiz ham tez orada uning his-tuygʻulariga munosib javob beradi. Ammo Virning akasi Raj, Ishitaning opasi Mira ularning sevgisiga qarshi chiqadi. Aka va opaning nega bunday qilayotganini oydinlashganda esa voqealar rivoji qizgʻin tus oladi.

Filmni koʻrish.


Ushbu maqolada Kajoldan keyin eng koʻp tilga olingan ism, albatta, Shohruh Xonniki boʻldi. Shohrux Xon filmlaridagi mashhur saundtreklar bilan esa ushbu havolada tanishishingiz mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov