"Oʻyinlar" seriali Toshkentda premyera qilindi. Reportaj

E’lon qilingan sana· 19 455
"Oʻyinlar" seriali Toshkentda premyera qilindi. Reportaj

30-iyul kuni Milliy kino san’ati saroyida “Kinopoisk” servisi tomonidan suratga olingan “Oʻyinlar” serialining ilk katta premyerasi boʻlib oʻtdi. Serial 1980-yilda Moskvada boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlari uchun koʻrilgan tayyorgarlik jarayonlari haqida hikoya qiladi. Ma’lumot uchun, serial oʻzbek tiliga tarjima qilingan boʻlib, 3-avgustdan boshlab Kinopoisk servisida premyera qilinadi.

Dastlab kino saroyida “Oʻyinlar” serialiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov, serial rejissyori Yevgeniy Stichkin, prodyuseri Olga Filipuk va ijodiy jamoa vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumani davomida “Oʻyinlar” seriali nima uchun oʻzbek tiliga tarjima qilingani va jahon premyerasi Oʻzbekistonda oʻtkazilayotganiga izoh berildi. Qayd etilishicha, voqealarda Oʻzbekiston ham katta rol oʻynaydi, serialning 5-qismi Oʻzbekistonda suratga olingan.

Suratga olish jarayonlarining bir qismi 2023-yilning kuzida Angren, Krasnogorsk va Chirchiq shaharlarida bo‘lib o‘tgan. Syujetga ko‘ra, bosh qahramonlar, Tashkiliy qo‘mita xodimlari O‘zbekistonga ish bo‘yicha tashrif buyuradi va Olimpiya formasi tikiladigan korxonaga boradi. Tomoshabinlar poytaxtning mashhur ko‘chalarini, “Chorsu” bozorini, Alisher Navoiy Milliy bog‘ida joylashgan Abdulqosim Shayx madrasasini va boshqa muhim me‘moriy obidalarni ko‘rishadi.

Serialda bosh rollarni Igor Kostolevskiy, Leonid Kanevskiy, Yevgeniy Stichkin, Mariya Karpova, Grigoriy Vernik, Aleksey Serebryakov va boshqa artistlar ijro etgan. Toshkent suratga olish blokida o‘zbekistonlik artistlar: Tohir Saidov, Firuz Maqsudov, Tavakall Turikov, Kamola Avloni, Firdavs Oripov, Zarina Toipova, Ali Hasanov va boshqalar ishtirok etgan.

Matbuot anjumanidan soʻng “Oʻyinlar” serialining dastlabki ikki qismi namoyish etildi. Namoyishdan avval esa sahnaga film rejissyori Yevgeniy Stichkin, prodyuseri Olga Filipuk va Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov chiqib, muxlislar uchun premyera va serial haqida soʻzladi.

Avvalroq oxirgi oyda “Kinopoisk"da o‘zbekistonliklar tomonidan tomosha qilingan kontent bo‘yicha TOP-10 lik e’lon qilingandi.

Premyeradan tayyorlangan maxsus reportajni Afisha.uz You Tube kanalida tomosha qiling:

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov