"Charxpalagim charxpalak": Karim Mirxodiyev rol ijro etgan eng yaxshi film va seriallar

E’lon qilingan sana· 39 871
"Charxpalagim charxpalak": Karim Mirxodiyev rol ijro etgan eng yaxshi film va seriallar

Agar bolaligimizda koʻz oʻngimizda qolib ketgan, personajlar, sahnalar haqida gap ketsa, ular orasida aniq yomgʻir ostida turgan “Жигули” avtomobili, “Charxpalagim charxpalak” qoʻshigʻi va Karim Mirxodiyevning obrazi aniq boʻladi. Bugun, 29-iyul kuni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Karim Mirxodiyevning tugʻilgan kuni. U oʻzining 70 yoshini qarshi olmoqda.

Afisha.uz ushbu jamlanmada Karim Mirxodiyevning 10 ta rolini bir yerga toʻpladi.

Filmlar

“XX asr dinozavrlari”

Rejissyor Xabib Fayziyevning 1990-yilda suratga olgan filmi oʻsha davrga xos boʻlgan muammoni namoyish etadi. Unga koʻra, demobilizatsiya qilingan va oʻz qishlogʻiga qaytgan desant ukasi narkomafiya qurboniga aylanganidan xabar topadi. U oʻlimi uchun qasos olishga qaror qiladi va shaharga yoʻl oladi. Filmda Karim Mirxodiyev Farxod Xalilov obrazini gavdalantiradi.

“Yulduzingni ber osmon”

Mashhur xonanda va uning badiiy rahbari oʻrtasidagi ichki munosabat hamda kechinmalarni koʻrsatib beradigan filmda Karim Mirxodiyev asosiy rollardan birini ijro etgan.

“Yulduzingni ber, osmon"dan to eng oxirgi rollarimgacha — oʻzim. Hammasida Karim Mirxodiyev boʻlib oʻynadim. „Yulduzingni ber, osmon“ filmini tomosha qilib, Bernora Qorieva „Men haqiqiy erkakni koʻrdim!“ deya yuksak baho bergan. Butkul emas-u, menga yaqini — shu obraz. Albatta, hech kim meni takrorlamaydi, men ham hech kimga taqlid qilmayman”, — deya fikr bildirgan ushbu film haqida aktyor.

“Kichkina tabib”

Aynan ushbu filmdan keyin “Teshavoy Korporeyshin” nomi ommalashgan. Karim Mirxodiyov bosh qahramonning togʻasi Teshavoy rolini ijro etadi. Bu filmda Mirxodiyevning roli unchalik katta boʻlmasa ham, esda qolarli ijro orqali xalq orasida mashhur boʻlgan jumlalar muallifiga aylangan. Basseyn oldidagi oʻsha mashhur epizodni soʻzma-soʻz takrorlay oladigan muxlislar koʻp boʻlsa kerak.

“Qoʻrgʻoshin”

Karim Mirxodiyev buyuk oʻzbek rejissyori Zulfiqor Musoqovning yana bir filmida rol ijro etgan. Aktyor 1952−53 yillar haqida suratga olingan “Qoʻrgʻoshin” kinokartinasida Zoir Rahmon obrazini gavdalantiradi. Xuddi avvalgi “Kichkina tabib” filmidagi kabi katta boʻlmagan rol orqali esda qolarli rol ijro etadi.

“Ota”

Ushbu filmda Karim Mirxodiyev asosiy qahramon Mirsobit rolini oʻynaydi. U nogiron farzandini davolatish uchun shaharga yoʻl oladi. Yoʻlda har xil voqealarni boshdan kechiradi. Bu film oʻzbek kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan kamdan-kam “road movie"lardan biri hisoblanadi.

“Sabot”

1989-yil SSSR armiyasi sobiq kapitani Saydulla qishloqdagi kichkina uyda yolg‘iz yashaydi. O‘g‘li ham shu qishloqda yashaydi, lekin u Saydulla bilan gaplashmaydi, nevarasiga bobosi bilan muloqot qilishiga ruxsat bermaydi.

Uning koʻziga tez-tez armiyadagi eski doʻsti koʻrinadi. Saydulla uni oxirgi marta tirik koʻrgan vaqtidek formada va avtomat bilan koʻrinadi. Bir kuni Saydulla tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganda saraton kasalligiga chalinganini biladi. Umrining soʻnggi kunlarini oʻtkazmoqda, lekin eng muhim ishlarni hal qilishi kerak: maktabga suv olib kelish, oʻgʻli bilan yarashish va sobiq hamkasbining oldiga tashrif buyurish.

“Tinchlik ortida”

Karim Mirxodiyevga yillar oʻtsada oʻz jismoniy holatini, aktyorlik mahoratini asrab qola olgani uchun taxsinlar oʻqisa arziydi. Aktyor 2018-yilda ham jangovar drama janridagi “Tinchlik ortida” filmida asosiy rollardan birini ijro etgan.

Seriallar

“Charxpalak”

Karim Mirxodiyev ijodini “Charxpalak” serialisiz tasavvur qilish qiyin. Ushbu serial 1997-yildan 2000-yilgacha davom etgan va XX asr oxiri hamda XXI asr avvalidagi davr nafasini bera olgan, deyish mumkin. Bu serial oʻz vaqtida jamiyatga katta ta’sir koʻrsatgan. Karim Mirxodiyev unda bosh rolni oʻynagan va Egamqul obrazini jonlantirgan.

“Shaytanat”

XX asr oxiri va XXI asr avvalidagi davrdan uzoqlashmaymiz. “Charxpalak"dan tashqari zamon ruhini keyingi avlodlarga yetkazishga katta hissa qoʻshgan seriallardan biri bu “Shaytanat"dir. Ushbu serial haligacha katta qiziqish bilan tomosha qilinadi. Unda Karim Mirxodiyev asosiy qahramon Asadbekning nazoratchilaridan biri Maxmud rolini ijro etadi.

“Sardor”

Albatta, bu davrni oʻzbek seriallarida haqiqiy oʻsish kuzatilgani bilan eslab qolish mumkin. Chunki aynan 2000-yilda yana bir kultga aylangan seriallardan biri “Sardor” premyera qilingan. Unda Karim Mirxodiyev, asosiy boʻlmasada, ajoyib rollaridan birini ijro etgan. U serialda Ismatov rolida koʻrinish beradi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov